Qashqadaryo viloyati O`zbekiston Respublika sanoati mahsulotining 8,3% beradi. Bu yerda xususan yoqilg`i-energetika va yengil sanoat yaxshiroq rivojlangan. Masalan, viloyat mamlakatning 1/3 qismidan ortiqroq yoqilg`i sanoati hamda 12% paxta tozalash sanoati mahsulotini ta`minlaydi.
Viloyat sanoatining ichki tuzilishida ham aynan ana shu tarmoqlar yetakchilik qiladi; yoqilg`i sanoatining ulushi (mahsulot qiymati bo`yicha) 56,4%, yengil sanoat 18,1, oziq-ovqat 9,2, un-krupa, omuxta yem sanoati-7,1%. Ayni vaqtda sanoatning boshqa tarmoqlari, masalan, mashinasozlik sust rivojlangan. Yaqin kelajakda kimyo va elektr energetika sanoati mavqeining ancha ko`tarilishi kutilmoqda. Hozirgi davrda viloyatning elektr energetikasi Muborak markazlashgan issiqlik elektr stantsiyasiga hamda qurilayotgan, mamlakatda eng yirik Tallimarjon IESiga asoslanadi. (2004 yilda ishga tushirilishi mo`ljallangan).
2000 yilda sanoat mahsuloti 3,4%ga ko`paydi. Ana shu yilda viloyatda 93 ta asosiy sanoat korxonalari mavjud bo`lib, ularning barchasida band bo`lgan ishchi xodimlar 27,4 ming kishini tashkil qilgan. Bir yilda taxminan 0,5 mln.kvt/s elektr energiyasi, 3,8-4,3 mln.t.neft, 3,5 mln t atrofida gaz kondensati (suyultirilgan gaz), 300 ming tonnaga yaqin oltingugurt, 5,2 mln m² ip-gazlama, 110 ming tonna paxta tolasi, 20 ming tonnadan ziyodroq o`simlik yog`i, 75 mln shartli banka konserva va boshqa mahsulotlar ishlab chiqariladi. Nisbiy ko`rsatkichlarda hisoblaganda Qashqadaryoga O`zbekistonda qazib olinadigan neftning (gaz kondensati bilan birga) 95%, tabiiy gazning 92 va oltingugurtning deyarli 100 % to`g`ri keladi.
Sanoatning xududiy tashkil etilishida Qarshi, Shahrisabz tugunlari katta ahamiyatga ega. Shu bilan birga Muborak (IEM, gaz-kimyo majmuasi), Koson (yog`-ekstrakt, paxta tozalash, g`isht zavodi), Sho`rtan (gaz-kimyo), Tallimarjon (IES), Ko`kdumaloq (neft sanoati), Chiroqchi (konserva zavodi) va boshqa sanoat punktlarining ahamiyati ham oshib bormoqda. Qarshi va Qamashida to`qimachilik korxonalari, Shahrisabzda konserva, ipakchilik, aksariyat tuman markazlarida paxta tozalash zavodlari mavjud.
Jami sanoat mahsulotining 27%i viloyat markazi Qarshi shahriga to`g`ri keladi. Muborak tumanida sanoat mujassamlashuv ko`rsatkichi bundan ham yuqori 52%. Demak, ushbu tuman viloyat sanoat mahsulotining yarmidan ko`prog`ini beradi. Shahrisabz, Koson tumanlari o`rtacha mavqega ega, biroq Dehqonobod va Mirishkor tumanlarida sanoat nihoyatda sust rivojlangan. Ushbu muammo jumladan, G`o`zor, Kitob, Chiroqchi, Nishon va Qamashi tumanlariga ham taalluqlidir.
Sanoat-milliy iqtisodiyotning muhim tarmog`idir. Shu sababli ham har doim sanoatni rivojlantirish, uni xududiy jihatdan oqilona joylashtirishga katta e`tibor beriladi. Sanoat milliy iqtisodiyotning barcha tarmoqlari uchun moddiy texnika vositalarini ishlab chiqaradi hamda tabiiy, moddiy va mehnat resurslaridan foydalanishning holatini belgilaydi. Hozirgi vaqtda viloyatda 100 dan ortiq yirik korxonalar bor. Shular orasida tabiiy gaz qazib olish va uni qayta ishlash, paxta tozalash, moy-ekstraktsiya, qurilish materiallari, tikuvchilik va ko`plab oziq-ovqat korxonalarini ko`rsatish mumkin. Qashqadaryo viloyatida sanoat ishlab chiqarishning o`sishi bilan uning tizimida ham katta o`zgarishlar yuz berdi. Viloyat sanoati tarmoqlari ichida yalpi mahsulot ishlab chiqarish bo`yicha 1-o`rinda yoqilg`i sanoati turadi. Hozirgi vaqtda bu tarmoq ulushiga ishlab chiqarilayotgan barcha yalpi sanoat mahsulotining 40,9%i, asosiy ishlab chiqarish jamg`armalarining 64,5%i to`g`ri keladi. Undan keyin yengil sanoat tarmoqlari hamda oziq-ovqat sanoati muhim o`rin tutadi. Keyingi 20 yil davomida viloyatda yoqilg`i, qurilish, mashinasozlik va metallni qayta ishlash tarmoqlarining o`sishi natijasida sanoat tizimida og`ir sanoatning salmog`i o`sib bordi.
Hozirgi vaqtda viloyat sanoat tarmoqlari orasida gaz va neft qazib chiqarish, tabiiy gazni qayta ishlash natijasida oltingugurt ishlab chiqarish, paxta tozalash, o`simlik moyi va konserva ishlab chiqarish yetakchi tarmoqlardir. Sanoatning bu tarmoqlarining salmog`i butun viloyatda ishlab chiqariladigan yalpi sanoat mahsulotlarining 75% ini tashkil etadi. Shuning uchun ham bu tarmoqlar respublika ahamiyatiga ega bo`lib, rayonlararo tovarlar almashinuvida ishtirok etadi.
Viloyatda sanoat mahsuloti ishlab chiqarish 70-yillardan boshlab ancha katta zahiraga ega bo`lgan gaz va neft konlarining foydalanishga topshirilishi hamda Qarshi cho`lida qo`riq yerlarning o`zlashtirilishi munosabati bilan tez o`sdi. 1970-1990 yillarda respublikada sanoat yalpi mahsuloti ishlab chiqarish 3,6 marta o`sgan holda, Qashqadaryoda 5,2 marta o`sdi.
1986-1990 yillarda sanoat tarmoqlari ichida tabiiy gaz va neft qazib chiqarish, gazni qpyta ishlash, yengil va oziq-ovqat sanoati tez rivojlandi. Shu davr ichida Muborak gazni qayta ishlash zavodining quvvati oshirildi. Sho`rtan gaz kompleksi ishga tushirildi. Kitobda ipak yigiruv fabrikasi, bahoristonda Qarshi to`quv fabrikasining filiallari foydalanishga topshirildi. Shu davrda Qarshi go`sht kombinati, Koson o`simlik moyi ishlab chiqarish korxonasi va bir qancha paxta tozalash korxonalarining quvvati oshirildi, Qarshi cho`lidagi tumanlarda yangi paxta tozalash korxonalari bunyod etildi. 1986-1990 yillarda 4 mlrd.804 mln so`mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi.
Yoqilg`i sanoati viloyat sanoatining muhim tarmog`i bo`lib, neft va gaz qazib olish hamda gazni qayta ishlash sohalarini o`z ichiga oladi. Viloyatda gaz sanoatining vujudga kelishi va rivojlanishi O`zbekiston yoqilg`i-energetika bazasini mustahkamlashga imkoniyat yaratadi. Natijada chetdan yoqilg`i keltirish hamda buning uchun ketadigan transport va boshqa harajatlar keskin kamaydi.
Qashqadaryo viloyatida gaz va neft qazib olish 60-yillarda boshlandi, 1965 yilda viloyatda 164,2 mln.m kub gaz, 29 ming tonna neft qazib olingan bo`lsa, 1970 yili 3232 mln.m kub gaz, 334 ming tonna neft, 1990 yilda esa 38,9 mlrd m kub gaz, 775,8 ming tonna neft va 1520,1 ming tonna kondensat olindi. (10-jadval).
Hozirgi paytda Qashqadaryo viloyati O`zbekistonda qazib olinadigan gazning 83%ini, kondensatning 100%ini, neftning 46,9%ini beradi. Qashqadaryoda qazib olinadigan gazning asosiy qismi quvurlar orqali viloyatdan tashqarida joylashgan iste`molchilarga yetkazib berilmoqda. Umuman Qashqadaryo viloyati gaz sanoatining istiqboli ancha porloq, chunki hozirgi paytda viloyat xududida o`ndan ortiq gaz konlari topilgan. Bu yerda topilgan gaz konlari kondensatli bo`lib, tozalashni talab etadi. Shu maqsadda 1972 yilda Muborak gazni qayta ishlash zavodi qurildi. Hozirgi kunda bu korxonada 22,1 mlrd.m kub gazni qayta ishlash natijasida xalq xo`jaligi uchun zarur bo`lgan 521,9 ming tonna oltingugurt olinmoqda. Sho`rtan gazining quvurlari orqali Taxiatosh GRESiga yetkazib berilishi natijasida har yili chetdan 100 ming tonna mazutni olib kelishga chek qo`yildi, Qoraxitoy-Qarshi gaz quvurining ishga tushirilishi Qarshi, Koson va Beshkent aholi punktlarini tabiiy gaz bilan ta`minlash imkonini berdi.
1985-1990 yillarda viloyatda gaz qazib olish taxminan 1,5 marta neft, 1,7 martadan ko`proq va yonilg`i sanoatining yalpi mahsuloti 1,5 martaga o`sdi. Qashqadaryo viloyatida tabiiy gazning sanoat zahiralari O`zbekistonda aniqlangan gaz zahiralarining asosiy qismini tashkil etadi. Gaz konlarining ko`pchiligida qimmatli kimyoviy xom ashyo va yengil neft mahsulotlari olish manbai bo`lgan gaz kondensati bor.