Savod oʻrgatish darslarida koʻrgazmali vositalardan foydalanish kurs ishi
I BOB. SAVOD O‘RGATISH DARSLARIDA KO‘RGAZMALI VOSITALARNI O‘RNI VA AHAMIYATI
1.1. Ko‘rgazmali vositalar va ularning maqsad va vazifalari Talaffuz mashqlarini o‘qitishda pedagogik texnologiyalarning turli xil bir-birini takrorlanmaydigan bo‘lishi o‘quvchilarning faolligini oshiradi, lug‘atini yangi –yangi so‘zlar bilan boyitadi, o‘quvchida bog‘lanishli nutq malakalarini yuqori darajada rivojlantiradi va shu darsga nisbatan qiziqishini yanada oshiradi. Yuqorida aytib o‘tilgan fikr-mulohazalardan shu narsa ayonki, boshlang‘ich sinflarda talaffuz mashqlarini ishlab chiqishda, savod o‘rgatish va o‘qish darslari katta ahamiyatga ega. Ma’lumki,boshlang‘ich sinflarda savod alifbo davri bo‘lib, unda o‘quvchilar alifbodagi barcha unli va undosh tovushharflar bilan tanishtiriladi. O‘quvchilarning tovush-harflarni yaxshi tushunishlari, elementar o‘qishni muvaffaqiyatli egallashlari uchun bo‘g‘inga bo‘lish, so‘zlar tarkibidagi bo‘g‘in chegarasini aniqlash, bo‘g‘indan esa, tovushni ajratish, tovush va harf munosabatini aniqlash, kesma harflardan bo‘g‘in tuzish va o‘qish, bo‘g‘in-tovush, tovush-harf tahlili kabi mashqlardan foydalaniladi. So‘z tarkibidagi tovushlarni ajratish va uni to‘g‘ri va ravon talaffuz qilish mashqida o‘quvchilarga yangi tovush hamda uning yozuvdagi belgisini ya’ni, harf ko‘rinishlarini o‘rgatishda, mustahkamlash mashqlarida, albatta, analiz- sintez metodidan foydalaniladi. Bu usul savod o‘rganayotgan o‘quvchilarning o‘qish va yozish malakalarining ongli ravishda o‘zlashtirishga imkoniyat yaratadi. Analiz-sintez tovush metodi nutq haqida, nutqning gaplardan, gaplarning so‘zlardan, so‘zlarning bo‘g‘inlardan,bo‘g‘inlarning tovushlardan tuzilishini o‘rgatishda, so‘zdan o‘rganilayotgan tovushlarni ajratib olish, uni o‘rganilgan harflarga qo‘shib o‘qishga o‘rgatishda amal qiladi. Demak, boshlang‘ich ta’limning asosiy vazifalardan biri o‘quvchilar nutqini o‘stirishdir. Buning uchun savod o‘rgatish davrida o‘quvchilarning talaffuzi ustida ishlash katta ahamiyatga egadir, chunki maktabga ilk qadam qo‘ygan bolaning talaffuzida kamchiliklar bo‘ladi.
Bunday holatda, bir tovush o‘rniga boshqasini talaffuz qilish, so‘zdagi ayrim tovushni talaffuz jarayonida tushirib qoldirish yoki bir tovushni orttirib talaffuz qilish kabi holatlari uchrab turadi. Savod o‘rgatish jarayonida o‘quvchi yuqoridagi xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yganda, shu zahoti o‘qituvchi o‘quvchining kamchiliklarini to‘g‘rilab borishi va qo‘shimcha talaffuz mashqlari asosida bunday o‘quvchilar bilan alohida shug‘ullanishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. O‘quvchilarga tovush va harfni tanishtirish, ularda to‘g‘ri talaffuzni shakllantirish orqali, ongli ravishda ifodali o‘qish, tildagi lug‘at boyligini oshirish, bog‘lanishli nutqini o‘stirish, abstrakt tafakkurini bosqichma bosqich shakllantirish, eshitish, qabul qilish sezgisini o‘stirishda ham savod o‘rgatish va o‘qish darslaridagi yangi pedagogik texnologiyalardan unumli foydalanish o‘quvchining o‘tilayotgan darsga nisbatan bilim va ko‘nikmalarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Boshlang‘ich sinflarda tovushlar va harflar, unli va undosh tovushlarning xususiyatlari bilan tanishtirish murakkab jarayon bo‘lgani uchun, savod o‘rgatishda tovush tushunchasiga ta’rif berilmaydiю Shunga qaramay o‘quvchilarda tovush haqida to‘g‘ri ilmiy tasavvur amaliy mashqlar yordamida hosil qilinadi. Savod o‘rgatish davrida so‘zning tovush tarkibi ustida ishlanadi. “Tovush o‘zi nima?” degan savol tug‘iladi. Tovush kishining murakkab artikulyatsion faoliyat natijasi hisoblangan muayyan akustik ( eshitish ) va perseptiv (idrok etish) xususiyatlari bilan ajralib turadigan eng kichik nutq birligi. Nutq tovushlari artikulyatsion jihatdan talaffuz a’zolarining murakkab natijasida paydo bo‘ladi. Nutq tovushlarini hosil qiluvchi vosita (tebrantiruvchi kuch) o‘pkadan nafas yo‘li orqali chiqib avval bo‘g‘izga va undan og‘iz bo‘shlig‘iga va ba’zan burun bo‘shlig‘iga o‘tadigan havo oqimidir. Dastlab o‘quvchilarni tovush bilan tanishtirishda ularga yaqin va tushunarli bo‘lgan so‘zni tanlab, shu so‘z tarkibidagi tovushlarni ajratish maqsadga muvofiqdir. Bu kabi misollar maktab darsliklarida ham keltirib o‘tilgan. Shuni ta’kidlash joizki, savod o‘rgatishda bir turdagi mashg‘ulotlar uzoq davom etsa, o‘quvchilar tez charchaydi? zerikadi va darsga nisbatan qiziqishi susayadi. Shuning uchun mashg‘ulotlarning turi va usullarini o‘zgartirib turish maqsadga muvofiqdir. 2Dastlabki mashq turlari ta’sirchanlik va mo‘jizakorlik jihatidan yangi pedagogik texnologiyalar asosida ishlab chiqilgan bo‘lish kerak. Chunki o‘quvchilar yozish va o‘qishdek aqliy faoliyatga birdaniga kirisha olmaydilar. Savod o‘rgatishning asosiy tamoyili adabiy til me’yorlariga rioya qilgan holda, qisqa va lo‘nda, ta’sirchan va tabiiy, muloyim va ravon bo‘lishi o‘quvchilar diqqatini jamlashda katta ahamiyatga ega. O‘qituvchi savod o‘rgatish darslarida ba’zan sinf doskasiga bo‘g‘in, so‘z va gaplarni avvaldan dona- dona qilib yozib qo‘yilsa, guruhga ovoz chiqarib o‘qish qulay bo‘ladi. Doimo kitobdan o‘qitaverish o‘quvchini tez toliqtirishi va zerikishini e’tiborga olib, ish turini tez-tez o‘zgartirib turish lozim. Chex pedagogi Komenskiy ta’limning asosiy qoidasi “Sinfga surat olib kirishing bilan soqov ham tilga kiradi” iborasini qo‘llashi bejizga emas. Ayniqsa, ta’lim jarayonida mavhum tafakkuri yaxshi rivojlanmagan boshlang‘ich maktab yoshidagi o‘quvchilarning barcha sezgi organlari ishtirok etishi kerak: ko‘rish,eshitish, hatto ta’m bilish sezgisi ham, chunki ular aniq narsa, ko‘zi bilan ko‘rib turgan narsa va hodisaga qarab fikrlaydi. Bu esa “Alifbo” darsligida ham hisobga olingan. Unda mazmunli va ko‘rgazmali o‘quv qurollari, gap, bo‘g‘in so‘zga oid nusxalar bundan tashqari multimediyali o‘quv dasturlar, lingafondan foydalanish, ya’ni, eshituv a’zolari orqali to‘g‘ri talaffuzni shakllantirish, nutq tovushlarini, tilining talaffuz me’yyorlarini audio-vedio orqali o‘quvchilar ongiga singdirish, kommunikativ savodxonlikni ta’minlash maqsadida kompyuter o‘quv dasturlaridan foydalanish ijobiy natijalarga olib keladi. Xulosa qilib aytganda, savod o‘rgatish darslarida o‘quvchi nutqini rivojlantirish,ularni mustaqil fikrlashga o‘rgatish, bugungi globallashuv va jamiyat taraqqiyoti talabi darajasiga mos keladigan iste’dodli, iqtidorli, mulohazali, dunyo qarashi keng ijodiy fikrga ega bo‘lgan komil insonni tarbiyalashni taqozo etadi. Shunday ekan, maktablarda boshlang‘ich sinflarda savod o‘rgatish darslariga muvofiq keladigan samarali usullarni belgilash va ularni amalga oshirishda o‘quvchilarning individual va psixologik xususiyatlarini hisobga olgan holda, ta’lim jarayonini to‘g‘ri tashkillashtirish o‘qituvchining asosiy vazifasi hisoblanadi.