Pechlarning turlari juda ko‘p bo‘lishiga qaramay, ularni birlashtiruvchi umumiy tomonlari mavjud. Bu umumiylik tasniflash uchun asos qilib olinadi. Masalan, pechlarni quyidagi xususiyatlar asosida sinflarga bo‘lish mumkin:
1. Ishlab chiqarish turi va texnologik vazifasi bo‘yicha pechlar quyidagi turlarga bo‘linadi: a) Metallurgiya pechlari - domna pechlari (cho‘yan eritish), marten pechlari (po‘lat eritish), qizdirish pechlari, termik pechlar;
b) Mashinasozlik korxonasining pechlari - quyish vagrankalari;
v) Sement tayyorlash pechlari;
g) Silikat buyumlarni toblash (pishirish) pechlari.
2. Issiqlik sxemasi, konstruktiv va ish holatlarining belgilari bo‘yicha pechlar quyidagi turlarga bo‘linadi: a) Ishchi bo‘shliqning shakli bo‘yicha-kamerali, tunelli, shaxtali, aylanuvchi barabanli va hokazo.
b) Ishlash holatlari bo‘yicha - uzluksiz ishlaydigan pechlar, davriy ishlaydigan pechlar;
v) Mexanizatsiya darajasi bo‘yicha - mexanizatsiyalanmagan va mexanizatsiyalangan pechlar.
3.Energetik va aerodinamik belgilari bo‘yicha quyidagi turlarga bo‘linadi: a) Issiqlik almashuvi usuli bo‘yicha - yuqori haroratli radiatsion pechlar,past haroratli konvektiv pechlar, harakatsiz qatlamli, mavhum qaynovchi qatlamli, muallaq qatlamli pechlar;
b) Siklonli pechlar;
v) Issiqlikni regeneratsiyalash usuli bo‘yicha - regenerativ va rekuperativ pechlar;
g) Energiya manbai bo‘yicha - alangali (yoqilg‘ili) va elektr pechlari;
d) Yoqilg‘i turi va uni yoqish usuli bo‘yicha - mazut pechlari, gaz pechlari va hokazo;
e) Qizdirish usuli bo‘yicha - bevosita qizdirish pechlari (tutun gazlari buyumlar bilan to‘qnashadi) va bilvosita qizdirish pechlari (tutun gazlari buyumlardan devor bilan ajralgan).
Pechlarda bir vaqtning o‘zida turli yonish, issiqlik almashuvi, diffuziya va gaz dinamikasi jarayonlari yuz beradi, ammo bularning ichida eng ahamiyatlisi issiqlik almashuvi bo‘yicha to‘g‘ri tasniflash juda muhimdir.