Chidamlilikni tarbiyalash Futbolchilarning chidamliligi deganda o‘yinning boshidan oxirigacha o‘yin faoliyatini hech bo‘shashtirmasdan davom ettira olish qobiliyati tushuniladi. Chidamlilikni yana toliqishga qarshi tura olish qobiliyati, desa ham bo‘ladi. Sport amaliyotida to‘rt toifa toliqishni uchratish mumkin, bular: aqliy, sensor, emotsional va jismoniy toliqishlar. Bu to‘rt toifa toliqish futbolchiga ham xosdir. Tabiiyki, bular ichida jismoniy toliqishning salmog‘i ko‘proq. Futbolchilarda chidamlilikni tarbiyalash uslubiyatiga to‘g‘ri yondashish uchun sportchilar o‘yin faoliyati tabiatini va o‘yin paytida ularning zimmasiga tushadigan yuklamani hisobga olish zarur. Ma’lumki, futbolchilarning faoliyati bir-biriga zid bo‘lgan zonalarda kechadi: bir tomondan qisqa vaqt maksimal shiddatda o‘tuvchi ish 5-8 soniya (tez yugurish, tezlashish, sakrash, kurashish va shu singarilar); boshqa tomondan – o‘yin vaqti 90 daqiqa davom etadiki, bu o‘rtacha ishga xos xususiyatdir. Agar o‘rtacha ishdan iborat mashg’ulotning maksimal shiddatdagi ishga salbiy ta’sir qilishini hisobga oladigan bo‘lsak, unda futboldagi chidamlilik masalasining juda og‘ir masala ekanligi ravshan bo‘ladi.
Futbolchilardagi chidamlilikni tarbiyalash uslublarini aniqlashda ulardagi umumiy va maxsus chidamlilikni bir-biridan farqlash lozim. Umumiy chidamlilik deganda, odatda, ishlarni hatto bir-biridan jiddiy tafovuti bo‘lgan ishlarni o‘rtacha darajada yoki oshiqmasdan uzoq vaqt bajara olish qobiliyati tushuniladi. Maxsus chidamlilik futbolchilardan talab etilgan sur’atni o‘yinning oxiri-gacha saqlab tura olish qobiliyatida namoyon bo‘ladi.
Umumiy chidamlilikni rivojlantirish uchun, odatda, uzoq vaqt harakat qilish bilan bog‘liq mashqlardan foydalaniladi. Masalan, 800-2000 m ga tez yurish, yugurish, 3-5 km krosslar, chang‘ida yurish, suzish va boshqalar. Bu mashqlar o‘rtacha sur’atda, hali sportchilar tayyorgarlik davrining dastlabki bosqichida ekanida, ular hali og‘ir kuch bilan bajariladigan ishga tayyor bo‘lmaganlarida bajariladi.
Futbolchi komandada egallagan o‘rniga qarab 5,5 dan 10,5 km gacha yo‘lni bosib o‘tadi. Bunda shiddatli harakatlar (tez yugurish, tezlashish) 5 min vaqtni egallaydi, bu vaqt oralig‘ida o‘yinchilar 1500 dan to 2500 m gacha masofaga tez, ammo qisqa-qisqa qilib uzunligi 7-15-24 m dan yuguradilar. Shu orada ular sekinroq yugurishga 25 dan 35 minutgacha, qadamlab yurish uchun esa 45 dan 57 minutgacha vaqt sarf-lashadi. Yuzaki qaraganda, o‘yinchilar uchun shiddatli bo‘lmagan yugurishga ko‘proq vaqt sarflangandek ko‘rinadi. Ammo bu aslida 5 min ichidagi jadallashish, tez yugurish va to‘p uchun kurashga sarf bo‘lgan juda katta kuch-quvvatni qoplashga ketadigan vaqtdir.
Agar futbolchi faoliyati kuchli ruhiy zo‘riqish vaziyatida va ulkan his-hayajon bilan o‘tishini hisobga oladigan bo‘lsak, bunga ham ozmuncha kuch-quvvat sarflanmaydi. Biroq o‘yin faoliyatini tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki, kuchli harakat faoliyatidan keyin bo‘ladigan tanaffuslarda umumiy dastlabki holatni tiklab olish uchun ularda yetarlicha vaqt bo‘lar ekan. Binobarin, o‘yinchilarni xuddi ana shunday faoliyat turiga tayyorlash kerak. Ba’zan mashg‘ulotdagi ish hajmiga qarab, uning sifatini belgilashadi, bu batamom noto‘g‘ri. Katta hajmdagi yuklamani bajarishning o‘zi maqsad qilib olinmasligi va epchillikni tarbiyalashning asosiy vositasi deb qaralmasligi lozim.
Futbol sportning nosiklik turidir, unda bajarilayotgan harakat shiddati doimo o‘zgarib turadi. Shuning uchun u o‘ziga muvofiq tayyorgarlikni talab qiladi. Jadalligi tez o‘zgarib turadigan faoliyat, jadalligi bir maromda bajariladigan faoliyatga qaraganda ko‘p kuch-quvvat sarflashni taqozo qiladi. Futbolchilarda epchillikni tarbiyalayotganda ana shuni, albatta, hisobga olish kerak. Vegetativ vazifa hisoblangan nafas olishning bajarilayotgan harakat formasi va xarakteriga moslashishini unutmaslik lozim. Bunda nafas olish hamda nafas chiqarish uzviy ravishda harakat akti tarkibiga kiradi. Futbolchilarning nafas olishi chang‘ichi yoki stayer (uzoq masofaga yuguruvchi)ning nafas olishidan o‘zgachadir.
Chidamlilikni tarbiyalashda irodaviy sifatlar ham oldingi o‘rinlardan birida turadi. Muntazam uzoq davom etadigan ish sportchilardan ichki va tashqi qiyinchiliklarni kuchli, qat’iy, zo‘r iroda bilan yengishni, ya’ni «barqaror iroda sifatlarini» talab qiladi. Sportchi nosiklik xarakterdagi ishni bajarar ekan, nisbatan qisqa vaqt ichidagi qiyinchilikni, ammo jadal takrorlanadigan zo‘riqishni boshdan kechiradi. Futbolchilar o‘yindagi vaziyat talabi bilan takror-takror tez yugurishlardan keyin qattiq toliqish fonida yana biron-bir jadal harakat faoliyatini bajarish, buning ustiga ba’zan havo harorati baland bo‘lgan paytda o‘zini shunga majbur etishning qanchalik og‘ir ekanligini yaxshi biladilar.
Futbolchilarda chidamlilikni tarbiyalashda, asosan, organizmning kislorodsiz sharoitdagi portlovchi qisqa muddatli ishiga katta o‘rin beriladi. Jadal ish orasidagi tanaffuslarda boyagi kislorod «qarzi» qaytarib beriladi.
Maxsus funksionol tayyorgarlikka xos vazifalar o‘yin mashqlarini bajarish vaqtida ancha samarali hal qilinadi. O‘z xarakteri va emotsionalligi jihatidan ular o‘yinga ancha mos tushadi. Biroq o‘yin mashqlarini to‘psiz mashqlar bilan birga qo‘shib olib borish zarur.
Chidamlilikni takomillashtirishga qaratilgan mash-g‘ulotlarni yuklamaning beshta belgisiga rioya qilgan xolda o‘tkazish darkor: a) ishlash vaqti; b) ishning murakkabligi; v) dam olish vaqti; g) dam olishning xarakteri; d) takrorlash miqdori. Mashg‘ulotning biror-bir belgisi o‘zgarsa, bu uning yo‘nalishiga ta’sir etadi.
Futbolchilarni samarali o‘yinga tayyorlash uchun mashg’ulotning vosita va uslublarini bir-biriga ko‘proq moslash kerak.