Milliy an`analar - milliy qadriyatlarning bir bo`lagi bo`lib, u millat hayotining turli sohalarida
namoyon bo`ladigan tushunchalar, belgilar, xususiyatlar, faoliyat turlari, odatlar va islohotlarning
avloddan - avlodga o`tish hamda meros bo`lib qolish tarzi.
Mustaqillik yillarida an`analarga aylanib borayotgan bayramlar ham mavjud:
1 yanvar - YAngi yil.
8 mart - Xalqaro xotin - qizlar kuni.
21 mart - Navro`z bayrami.
9 may - Xotira va qadrlash kuni.
31 avgust - Qatag`on qurbonlari shahidlari kuni.
1 sentyabr - Mustaqillik kuni.
1 oktyabr - O`qituvchilar va murabbiylar kuni.
8 dekabr - Konstitutsiya kuni.
«Ramazon hayit»i (IYD al-fitr).
«Qurbon hayit»i (IYD al - ADHA).
Marosimlar, urf-odat va an`analar har bir xalqning betakror boyligi, merosidir. Insonning
hayoti, u tug`ilganidan boshlab, vafot etgunga qadar turli marosimlar doirasida o`tadi. Marosimchilik
millatning o`ziga xosligi va tarixiy tajribasini saqlash va an`analarni kelajakka etkazish vositasidir.
«An`anaviy madaniyat»ning birinchi saralash davri eramizdan oldingi ikki ming yillikning
so`nggi choragi va birinchi ming yillik boshlariga to`g`ri keladi. Bu davr jamiyat barcha
tomonlarining o`sishi va o`zgarishiga asos bo`lgan yangicha ijtimoiy munosabat, mezonlarning qaror
topishi bilan bog`liq. Bu davr ijtimoiy-siyosiy o`zgarishlarga mos keladigan, an`anaviy qadriyatlar
mezoni hisoblangan «Avesto» yozma yodgorligi bilan uzviy bog`liq. Bu davrda nisbatan tor
doiradagi hududlar, urug` va qabilalar manfaatlariga mos kelgan qadriyatlar mezoni o`rniga keng
doiradagi hududlar va elatlar mushtarak manfaatlarining izchil ifodasi bo`lib, ibtidoiy ko`p xudolik
(poleteistik) tasavvurlar o`rniga yakka xudolik (monoteistik) tasavvurlarning qaror topa
boshlaganligini ko`ramiz. Mazkur jarayonning ilk bosqichlarida nisbatan kengroq hududlarda
istiqomat qiluv-chi urug` va qabilalarning umumiy manfaatlarini ifoda etuvchi obrazlarning
yaratilishiga kuchli ehtiyoj sezilgan.
«Avesto» ta`limotidagi an`anaviy qadriyatlar mezoni to`la sof diniy-mifologik mazmun bilan
cheklanib qolmasdan, balki shu bilan birga ijtimoiy muhit talablarini ham, tabiiy hodisalarni
o`rganish asnosida vujudga kelgan bilimlarga ham suyanadigan dunyoviy harakterga egaligi bilan
ajralib turadi. Masalan, yovuz dev Axrimon odamlarga dahshat urug`ini sochish uchun o`n ming
turdagi kasalliklarni yuboradi. Unga qarshi ezgulik tangrisi Axura Mazda 9999 ta kasallikning
davosini tabiatdagi narsa-hodisalar (jonsiz, tirik va o`simliklar) dunyosining xossalari, sifatlari
ko`rinishda odamlar uchun yaratadi. Odamlar tabiatni chuqur o`rganishlari orqali mazkur shifobaxsh
xossa va sifatlarni ajratib olib, o`z dardlariga shifo topgan-lar. eng muhimi, tabiatni o`rganish orqali
ortirilgan bilimlar qadriyat darajasiga ko`tarilgan. SHundan bo`lsa kerak, Otashparastlar qadimda,
hatto o`rta asrlarda ham 3 ta narsa bilan mashhur bo`lganlar: 1) sehrgarlik; 2) tabobat ilmida; 3)
vinochilik bilan shuhrat qozonganlar.
Xalq madaniyati - maxsus tayyorgarligi bo`lmagan shaxslar tomoni-dan bunyod bo`lgan
madaniyat qadriyatlaridir. Xalq ijodining mualliflari, odatda noma`lumdir. Jumladan, afsonalar,
ertaklar, dostonlar («Go`ro`g`li», «Alpomish» va h.k.), xalq o`yinlari, kuy-qo`shiqlari (laparlar) va
boshqa. Ijrosiga ko`ra xalq madaniyati elementlari yakka (masalan, baxshilar), guruhiy (qo`shiq yoki
o`yin ijrosi) yoki ommaviy (masalan, sayillar, xalq bayramlari) ko`rinishga ega bo`lishi mumkin.