Soliq organlarining huquqlari va majburiyatlari Quyidagilar vakolatli organlardir:
soliq organlari — O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mitasi, Yirik soliq to’lovchilar bo’yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi, Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalari, shuningdek tumanlar (shaharlar) davlat soliq inspeksiyalari;
bojxona organlari — O’zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo’mitasi, Davlat bojxona qo’mitasining Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri bo’yicha boshqarmalari, «Toshkent — AERO» maxsus bojxona kompleksi va bojxona postlari;
yig’imlarni undirish funksiyasini amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar.
Soliq organlarining huquqlari
-Soliq organlari quyidagilarga haqli:
soliq to’lovchilardan va uchinchi shaxslardan soliqlarni va yig’imlarni hisoblab chiqarish hamda to’lash uchun zarur bo’lgan hujjatlar va ma’lumotlarni (axborotni), shu jumladan elektron tarzda taqdim etishini talab qilish;
soliq kodeksda belgilangan tartibda soliq tekshiruvlari va boshqa soliq nazorati tadbirlarini o’tkazish;
-hududni, ishlab chiqarish, omborxona, savdo binolarini va boshqa binolarni, shu jumladan soliq to’lovchi daromad olish uchun foydalanadigan yoki soliq solish ob’yektlarini saqlash bilan bog’liq joylarni ko’zdan kechirish;
mol-mulkni inventarizatsiya qilish va bajarilgan ishlar, ko’rsatilgan xizmatlarning nazorat o’lchovlarini o’tkazish;
-qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda kassani va tovar-moddiy boyliklar hamda hujjatlar saqlanadigan joylarni ikki kundan ortiq bo’lmagan muddatga, ikki kundan ortiq muddatga esa, sud qarori bo’yicha muhrlash;
soliqlarni va yig’imlarni hisoblab chiqarish bilan bog’liq hujjatlarni va elektron axborot jismlarini olib qo’yish;
-foto va videotasvirga tushirish, tushuntirishlar hamda boshqa ma’lumotlarni olish;
-tarjimonni, ekspertni jalb etish va ekspertiza tayinlash;
-soliq to’lovchi hisob hujjatlarini yo’qotgan yoki yo’q qilgan hollarda soliq to’lovchi to’g’risidagi o’zida mavjud axborot, shuningdek boshqa shu kabi soliq to’lovchilar to’g’risidagi ma’lumotlar asosida soliqlar summasini hisob-kitob orqali mustaqil ravishda aniqlash;
-o’zaro kelishuv asosida soliq monitoringida ishtirok etayotgan soliq to’lovchi tomonidan soliq to’g’risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi, soliqlarni hisoblab chiqarishning to’g’riligi, to’liqligi va o’z vaqtida to’lanishi yuzasidan soliq monitoringini o’tkazish;
-soliq qarzini majburiy undirish choralarini ko’rish;
soliqqa oid huquqbuzarliklar to’g’risidagi ishlarni ko’rib chiqish va moliyaviy sanksiyalar qo’llash;
-soliq huquqbuzarliklarining aniqlangan holatlari bo’yicha tovar-moddiy boyliklarni belgilangan tartibda davlat daromadiga o’tkazish. Yuridik shaxs bo’lgan soliq to’lovchilar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning tovar-moddiy boyliklarini davlat daromadiga o’tkazish sud tartibida amalga oshiriladi;
-soliq to’lovchilarga nisbatan ular tomonidan noqonuniy olingan mablag’larni davlat daromadiga undirish to’g’risida sudlarga da’volar kiritish;
hujjatlarning davlat tiliga tarjima qilinishini talab qilish;
-soliq to’lovchilarni va soliq agentlarini yozma bildirish asosida soliq organlariga ular tomonidan soliqlarni to’lash (ushlab qolish va o’tkazish) yuzasidan yoki soliq tekshiruvi bilan bog’liq ravishda, shuningdek ular tomonidan soliq to’g’risidagi qonun hujjatlarining bajarilishi bilan bog’liq boshqa hollarda tushuntirishlar berishga chaqirish;
-soliq kodeksda nazarda tutilgan tartibda soliq to’lovchining yoki soliq agentining bankdagi hisobvaraqlari bo’yicha operatsiyalarni to’xtatib turish va ularning mol-mulkini xatlab qo’yish;
-soliq to’lovchilar va ularning vakillaridan, soliq agentlaridan soliq to’g’risidagi qonun hujjatlarining aniqlangan buzilishlarini bartaraf etishni talab qilish hamda ushbu talablarning bajarilishini nazorat qilish;
-soliq kodeksda belgilangan majburiyatlarning banklar tomonidan bajarilishini nazorat qilish.
Soliq organlari qonunga muvofiq boshqa huquqlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Soliq organlarining majburiyatlari Soliq organlari: -soliq to’g’risidagi qonun hujjatlariga rioya etishi;
-soliq to’g’risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi, soliqlar va yig’imlarning to’g’ri hisoblab chiqarilishi, to’liq hamda o’z vaqtida to’lanishi ustidan nazoratni amalga oshirishi;
-soliq to’lovchilar, soliq solish ob’yektlari va soliq solish bilan bog’liq ob’yektlar, hisoblangan va to’langan soliqlar to’liq va o’z vaqtida hisobga olinishini ta’minlashi;
-soliq tekshiruvlarini o’tkazishda soliq to’lovchilarga ularning huquqlari va majburiyatlari to’g’risida ma’lumot berishi, shuningdek o’tkazilgan tekshirishlar natijalari to’g’risida xabardor qilishi;
-soliq to’g’risidagi qonun hujjatlarini O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mitasining rasmiy veb-saytida o’z vaqtida e’lon qilishi;
-soliq to’lovchilarga soliq to’g’risidagi qonun hujjatlarini ijro etishida yordam berishi, soliq to’g’risidagi qonun hujjatlari normalarini va soliq imtiyozlarini qo’llash tartibini tushuntirishi;
-soliq to’g’risidagi qonun hujjatlari buzilganligi faktlarini tahlil qilishi va baholashi, soliqqa oid huquqbuzarliklarga olib keladigan sabablar va sharoitlarni bartaraf etish to’g’risidagi takliflarni tegishli davlat organlariga kiritishi;
-huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda soliqqa oid huquqbuzarliklarga qarshi kurashishga doir uzoq muddatli va joriy dasturlarni ishlab chiqishi hamda amalga oshirishi;
-soliq to’g’risidagi qonun hujjatlari buzilganligi to’g’risidagi arizalarni, xabarlarni va boshqa axborotni o’rganishi;
-davlat daromadiga o’tkazilgan mol-mulkni realizatsiya qilishdan pul mablag’larining to’liq va o’z vaqtida tushishini nazorat qilishi;
masalani hal etish soliq organlari vakolatlari doirasiga kirmaydigan hollarda soliq to’g’risidagi qonun hujjatlarining buzilishi faktlari bo’yicha materiallarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirishi;
-o’z vakolatlari doirasida valyuta va eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishning belgilangan tartibiga rioya etilishi ustidan nazorat qilishi;
soliq siriga rioya etishi va uning saqlanishini ta’minlashi;
-soliq to’lovchining talabiga binoan soliqlarni to’lash bo’yicha soliq majburiyatining bajarilishi yuzasidan solishtirma dalolatnoma tuzishi;
-soliq kodeksga muvofiq soliq qarzi summasini so’zsiz undirishi;
-yuridik va jismoniy shaxslarni, shu jumladan O’zbekiston Respublikasi norezidentlarini hisobga olishi, ularga soliq to’lovchilarning identifikatsiya raqamini berishi hamda bu haqda statistika va ro’yxatdan o’tkazuvchi organlarga rasmiy ravishda ma’lum qilishi;
-soliq to’lovchining talabiga binoan uning soliq organlarida hisobga qo’yilganligini tasdiqlovchi ma’lumotnomani berishi;
-soliq to’g’risidagi qonun hujjatlarini qo’llash masalalari yuzasidan O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining yozma tushuntirishlariga amal qilishi shart.
Soliq organlarining zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo’lishi mumkin.