11-Mavzu. Yurak qon tomirlar sistemasi. Venalar: turlari, tuzilishi va faoliyati, devori tuzilishining gemodinamik omillarga bog‘liqligi. Limfa tomirlari va limfa kapillyarlarining tuzilishi, faoliyati. Yurak: tarakkiyot manbalari, devorining tuzilishi, o‘tkazuvchi sistemasi xujayralarining tuzilishi va faoliyati. Venalarda qon bosimi va tezligi pastligi tufayli devori yupqa va elastik elementlarni kam tutadi. Vena devorining tuzilishi uning tananing qaysi qismida joylashganligiga va gemodinamik sharoitlarga bog‘liq: tananing yuqori qismida joylashgan venalarning devori yupqa bo‘lsa, tana pastki qismidagi venalarda mushak elementlari kuchli rivojlangan va klapanlar mavjuddir. Barcha venalar mushaksiz (tolali tipdagi) va mushakli venalarga ajratiladi.
Mushaksiz venalarmiya pardalarida, ko‘zning tur pardasida, suyakda, taloqda, jigarda va yo‘ldoshda uchraydi, miya pardalarida va ko‘zning tur pardasida bu venalar kengligi qon bosimiga mos ravishda o‘zgarishi mumkin, suyak, taloq va yo‘ldosh venalarining devori a’zolarning to‘qimalari bilan zich tutashganligi tufayli puchaymaydi. Mushaksiz venalarning devori endoteliy, bazal membrana va yupqa biriktiruvchi to‘qimadan iborat bo‘lib, a’zoning to‘qimalari bilan qo‘shilib ketadi.
Mushakli venalarda mushak elementlari sust,o‘rtacha va kuchli taraqqiy etgan venalarga bo‘linadi. Barcha mushakli venalar devorida uch, ya’ni: ichki (t.intima), o‘rta (t.media) va tashqi (t.eksterna) pardalarni ajratiladi, bu venalarda turli miqdorda silliq mushak hujayralari bo‘lib, ular har hil pardalarda joylashishi mumkin. Mushak elementlari kuchsiz rivojlangan venalarga tananing yuqori qismidagi kichik, o‘rta venalar va yuqori kavak vena kiradi. Ichki parda endoteliy va biriktiruvchi to‘qimadan iborat, o‘rta pardada aylanasiga yo‘nalgan silliq mushak tutamlari bo‘lib, ular aniq chegarasiz tashqi pardaga qo‘shiladi, tashqi parda yaxshi taraqqiy etgan va asosan biriktiruvchi to‘qimadan iborat. Mushak elementlari o‘rtacha taraqqiy etgan venalarga elka venasi misol bo‘la oladi. Ichki parda endoteliydan va o‘zida ayrim mushak hujayralarni tutgan endoteliy osti qavatidan iborat. Ichki elastik membrana sust rivojlangan va elastik tolalar to‘ridan iborat, o‘rta parda sust rivojlangan va asosan kollagen tolalardan hamda aylanasiga yo‘nalgan silliq mushak hujayralari tutamlaridan iborat, tashqi qavat eng kuchli taraqqiy etgan va o‘zida kollagen, elastik tolalar tutgan bo‘lib,ular orasida uzunasiga yo‘nalgan silliq mushak tutamlari joylashadi. Mushak elementlari kuchli taraqqiy etgan venalarga asosan tananing pastki qismida joylashgan yirik venalar kiradi (masalan, son venasi, pastki kavak vena va boshqalar). Ular devorining tuzilishi qon bosimi pastligi va qonni yuqoridan tepaga ko‘tarish zarurligi bilan belgilanadi.
Bu tomirlarda uch parda bo‘lib, ularning hammasida ham silliq mushak elementlari yaxshi rivojlangandir.