Mikrotsirkulyasiya tarmog‘ining asosiy tuzilmalari. Ularga arteriolalar, kapillyarlar, venulalar va arteriolo-venulyar anastomozlar kiradi. Arteriolalar diametri 50-100 mkm bo‘lgan eng mayda mushak tipidagi arteriyalardir, devori sust rivojlangan uch pardadan iborat, ichki elastik membrana taraqqiy etmagan. o‘rta pardasida spiral yo‘nalishga ega bo‘lgan 1-2 qavat silliq mushak hujayralari joylashadi. Arteriolalarning kapillyar oldi (prekapillyar) qismidagi silliq mushak hujayralari to‘qimalarga keladigan qon miqdorini boshqaruvchi jumrak vazifasini o‘taydi.
Mikrotsirkulyator tomirlar sistemasi
1 – arteriola
2 – prekapillyar arteriola
3 – qon kapillyari
4 – postkapillyar venula
5 – venula
6 – arteriolo-venulyar anastomoz
7 – limfa kapillyari
8 – limfa postkapillyari
9 – arteriya
Kapillyarlarning klassifikatsiyasi: - I turi yaxlit endoteliy va uzluksiz bazal membranadan iborat;
- II turi fenestrlangan endoteliy va uzluksiz bazal membranaga ega;
- III turi sinusoid kapillyar bo‘lib, diametri yirik, bazal membranasi uzuq-yuluq bo‘ladi;
- IV turi jigar sinusoid kapillyarlari bo‘lib, ularda bazal membrana bo‘lmaydi.
Kapillyarlar devorining ichki qavatini endoteliy hujayralari tashkil etadi, o‘rta qavatini bazal membrana va peritsit (Ruje) hujayralari hosil qiladi, tashqi qavati adventitsial hujayralar va nozik kollagen tolalaridan iborat. Peritsitlar hamma tomondan bazal membrana bilan o‘ralgan.
I -turi yaxlit endoteliy va uzluksiz bazal membranadan iborat
II- fenestrlangan endoteliy va uzluksiz bazal membranaga ega
III - sinusoid kapillyar bo‘lib, diametri yirik, bazal membranasi uzuq-yuluq bo‘ladi;
Venulalar mikrotsirkulyasiya tarmog‘ining qonni olib ketuvchi bo‘limi hisoblanadi. Postkapillyar va yig‘uvchi venulalar farqlanadi. Postkapillyar venulalar kapillyarlarga o‘xshash bo‘lib, ulardan yirikligi, baland endoteliy bilan qoplanganligi va peritsitlari ko‘pligi bilan farq qiladi. Yig‘uvchi venulalar devorida alohida joylashgan silliq mushak hujayralari uchraydi.
Postkapillyar venulalar qon va to‘qima suyuqligi orasidagi munosabatni muvofiqlashtirishda, leykotsitlar emigratsiyasida ishtirok etadilar. Arteriolo-venulyar anastomozlar orqali arterial qon kapillyarlarni cheklab o‘tib venulalarga quyiladi. Haqiqiy (shuntlar) va atipik (yarim shuntlar) anastomozlar mavjud. Haqiqiy anastomozlar maxsus berkituvchi tuzilmaga ega bo‘lishi yoki ega bo‘lmasligi mumkin, maxsus berkituvchi tuzilmani anastomozning ichki pardasida joylashgan silliq mushak hujayralari yoki bo‘lmasa oqish epiteliysimon E-hujayralar tashkil etadi. Atipik anastomozlarda arteriola va venula bir-biri bilan kalta kapillyar tipidagi tomir orqali birlashadi, natijada venulaga qisman aralash qon quyiladi.
Anastomozlar to‘qima va a’zolarni extiyojiga yarasha qon bilan ta’minlashda va organizmning turli hil moslashuv jarayonlarida muhim o‘rin tutadi.
Qon tomirlar har hil kattalikdagi naychalar sistemasidan iborat, taraqqiyot manbai bo‘lib mezenxima hisoblanadi. Asosiy vazifalari:
- a’zolarga qon etkazib beradi va qonni olib ketadi;
- qon bilan to‘qimalar orasida moddalar va gaz almashinuvini ta’minlaydi;
- tuzilishi va faoliyati jixatidan qon tomirlar arteriyalarga, venalarga va mikrotsirkulyasiya tarmog‘i tomirlariga (arteriolalar, venulalar, kapillyarlar va arteriolo-venulyar anastomozlar) bo‘linadi.