- Peysmeker hujayralari ritmni boshlovchilar qo‘zg‘alishni hosil qiladi;
- oraliq hujayralar - qo‘zg‘alishni Peysmeker hujayralaridan bo‘lmachalarning qisqaruvchi kardiomiotsitlariga yoki hujayralariga o‘tkazib beradi;
- Purkine hujayralari - qo‘zg‘alishni oraliq hujayralaridan qorinchalar tipik kardiomiotsitlarga o‘tkazib beradi.
Peysmeker hujayralari asosan sinus tuguni markazida, oz miqdorda atrioventrikulyar tugunda joylashadi, ko‘p burchakli kichik (8-10 mkm) hujayralardir, miofibrillalar oz miqdorda bo‘lib A va I disklari yaxshi bilinmaydi, sitoplazmada mitoxondriyalar oz va mayda sarkoplazmatik tur sust rivojlangan, T-sistema bo‘lmaydi, ammo pinotsitoz pufakchalar va kaveolalar, kalsiy ionlari juda ko‘p, ularning tinchlik potensiali beqaror bo‘lib, membranasi hujayra ichiga natriy ionlarini o‘tkazib yuboradi va minutiga 60-80 marta o‘z-o‘zidan (spontan) depolyarizatsiyaga uchraydi va tirqishli hujayralarga o‘tkazadi.
Oraliq hujayralar sinus tugunining chetlarida va asosan atrioventrikulyar tugunda joylashadi, ingichka, cho‘zinchoq shakldagi hujayralar bo‘lib, hajmi tipik kardiomiotsitlardan kichikroq, miofibrillalar asosan hujayraning chekka qismlarida joylashgan, A va I disklar yaxshi bilinadi, ba’zi hujayralarda T-sistema mavjud, ular qo‘zg‘alish impulsini Peysmeker hujayralardan Giss tutami hujayralariga va qisqaruvchi kardiomiotsitlariga etkazib beradi.
Purkine tolalari Giss tutami va uning oyoqchalarida, endokard ostida hamda miokard ichida joylashgan, ular to‘p-to‘p joylashgan bo‘lib, siyrak tolali biriktiruvchi to‘qima bilan o‘ralgan, hajmi qisqaruvchi kardiomiotsitlarga qaraganda yirik bo‘lib, miofibrillalar asosan hujayraning chetki qismlarida joylashgan, hujayra markazida yadro joylashgan,uning atrofida esa glikogen yig‘ilgan, shuning uchun oddiy mikroskopda yadro atrofi bo‘shga o‘xshab ko‘rinadi, ular qo‘zg‘alishni oraliq hujayralardan qisqaruvchi kardiomiotsitlarga o‘tkazib beradi.
Epikard Epikard siyrak biriktiruvchi to‘qimaning yupqa qatlamidan iborat, qon tomirlarga boy bo‘lib, ma’lum miqdorda yog‘ kletchatkasi tutadi, tashqaridan bir qavat yassi hujayralar mezoteliy bilan qoplangan.