Qiymat nazariyasi. D.Rikardo, eng avvalo, qiymat nazariyasiga
alohida e’tibor qaratdi. Bu kategoriyani talqin qilishdagi noaniqlikni
tugatish, D.Rikardo bo‘yicha, siyosiy iqtisod uchun muhim ahamiyatga
ega. Bu muammoni ko‘rib chiqishda u A.Smit xulosalariga asoslandi
va ularni tanqidiy rivojlantirishga harakat qildi. D.Rikardo A.Smitning
mazkur kategoriyaga bo‘lgan ikki xil qarashini inkor etadi va qiymat
tovar ishlab chiqarishga sarflangan mehnat bilan aniqlanishi kerakligini
yozadi. U, qiymat birlamchi, shu bois daromadlar bilan aniqlanishi
mumkin emas, deb hisoblaydi. Bu bilan D.Rikardo o‘zini
qiymatning mehnat nazariyasi tarafdori e kanligini namoyish etadi.
Qiymatni bunday sarfli tamoyil asosida tadqiq qilish, klassik
iqtisodiy maktabining boshqa vakillariga ham xos. Lekin D.Rikardoda
e’tiborga molik jihat shundaki, u ayrim hollarda tovar qiymati nafaqat
unga sarflangan jonli mehnat bilan, balki kapital va xomashyoni ishlab
chiqarish uchun ketgan oldingi mehnat sarflari bilan ham aniqlanishini
qayd qilib o‘tadi. Erkin takror ishlab chiqarilmaydigan tovarlar qiymati
esa nafaqat mehnat sarflariga, balki noyoblikka ham bog‘liq bo‘ladi.
Umuman olganda, D.Rikardo tomonidan ishlab chiqilgan
qiymatning mehnat nazariyasi sarfli tamoyillarga asoslangan. Uning bu
nazariyasini birinchi bo‘lib tanqid qilgan o‘zining do‘sti T.Maltus
hisoblanadi. U, birinchidan, savol qo‘yadi: agar qiymatning mehnat
nazariyasini to‘g‘ri deb faraz qilsak, unda mehnatga haq to‘lash qanday
bo‘ladi: qiymat bo‘yichami yoki qiymatdan past baho bo‘yichami? Agar
baho qiymatdan past bo‘lsa, unda ekvivalentli ayirboshlash tamoyili
buziladi (foydaliligi har xil, lekin bir xil qiymatga ega bo‘lgan tovarlar
ayirboshlanadi) – bu klassik iqtisodiy nazariyaning va D.Rikardoning
asosiy tamoyili. Ikkinchidan, T.Maltus qiymatning mehnat nazariyasi
real amaliyot bilan mos tushmasligini ko‘rsatib beradi: agar qiymatning
yagona manbayi haqiqatan ham mehnat bo‘lsa, unda mehnat ko‘p
sarflanadigan tarmoqlardagi tadbirkorlar, kapital ko‘p sarflanadigan
tarmoqlardagi tadbirkorlarga nisbatan ko‘proq foyda olishlari kerak.
Amaliyotda esa barcha tarmoqlarda foyda me’yori deyarli bir xil.
Demak, D.Rikardo nazariyasi xato, tovar qiymati faqat mehnat bilan
emas, balki boshqa ishlab chiqarish omillari sarflari bilan ham
aniqlanadi, deb xulosa qiladi T.Maltus. D.Rikardo o‘limidan sal avval,
o‘zining qiymat faqat mehnat sarflari bilan
198
o‘lchanadi deb tushuntirishga qilgan harakati noto‘g‘ri ekanligini tan
olgan.