Antoniu Guterrish nogironligi bo‘lgan shaxslarni himoya qilishning bir qator ustuvor yo‘nalishlarini ilgari surdi. Xususan, Bosh kotibning fikricha, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamma joyda har qanday imkoniyatlardan teng foydalana olishiga sharoit yaratish uchun investitsiyalar zarur. Bu esa katta miqdordagi moliyalashtirishni taqozo etadi.
Sammitni Norvegiya Bosh vaziri Yonas Gar Styore ochar ekan, mazkur xalqaro anjuman butun dunyodagi imkoniyati cheklangan insonlar hayotini yaxshilash bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni faollashtirishga yo‘l ochishini ta’kidladi. Zero, bugungi kunda dunyo aholisining qariyb 15 foizini nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkil etmoqda. Koronavirus pandemiyasi ana shu insonlar huquqlarini ta’minlash borasidagi notenglikni kuchaytirmoqda.
Gana Respublikasi Prezidenti Nana Akufo-Addo bunday notenglik pandemiya tufayli mamlakatlar ichkarisida ayniqsa kuchayganiga e’tiborni qaratdi. Bu vaziyat, xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarga koronavirus bilan bog‘liq holatlarda tibbiy, ijtimoiy va moliyaviy xizmatlar yetarlicha ko‘rsatilmayotgani misolida ko‘zga tashlanmoqda.
Global sammitda 20 nafar oliy darajadagi spiker – Prezidentlar, Bosh vazirlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi va so‘zga chiqdi. Xalqaro anjumanda ta’kidlanganidek, BMT Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi ijrosini ta’minlash va uning bajarilishini muntazam monitoring qilib borish juda muhim. Shundagina imkoniyati cheklangan insonlarning huquqlarini to‘liq ta’minlash masalasi insoniyatning barqaror va farovon jamiyat barpo etish borasidagi global faoliyatining diqqat markazida turishiga erishamiz.
Global sammitda BMT va uning mintaqalardagi muassasalari, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, davlat boshliqlari va hukumat rahbarlari, aloqador vazirlik va tashkilotlar mutasaddilari, xususiy sektor vakillari va fuqarolik jamiyati faollari – jami 7 mingdan ziyod vakil ishtirok etdi.
Xalqaro anjumanga O‘zbekiston ham taklif etildi. Muhimi, mamlakatimiz vakiliga O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari va manfaatlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari haqida axborot taqdim etish imkoniyati yaratildi.