ikkinchidan, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlash sohasidagi umume’tirof etilgan xalqaro norma va standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish;
uchinchidan, tibbiy-mehnat ekspertizasi va nogironlikni belgilashning shaffof, zamonaviy uslub va mezonlarini joriy etish, nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish darajasi va sifatini oshirish;
to‘rtinchidan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning oilasi, jamiyat va davlat bilan o‘zaro aloqasini kuchaytirish, ularning qulay muhitda bo‘lishi, shahar yo‘lovchi transporti, ijtimoiy va boshqa infratuzilma ob’ektlaridan erkin foydalanishi uchun zarur sharoitlar yaratish;
beshinchidan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga jalb qilinishi va faol ishtirokini ta’minlovchi inklyuziv ta’lim va ishga joylashtirish tizimini takomillashtirish;
oltinchidan, nogironlikni belgilashning ijtimoiy modeliga bosqichma-bosqich o‘tish kabi g‘oyat muhim vazifalar kun tartibiga qo‘yilgan. Ayni vaqtda ushbu chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.
Bu haqda so‘z borganda, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yaqinda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonini imzolaganini yana bir bor ta’kidlash lozim.
Ushbu Farmon nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayniqsa, doimiy parvarishga muhtoj bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish, ijtimoiy yordamning zamonaviy mexanizmlarini amalga oshirishda yangi yondashuvlarni joriy etishga qaratilgani bilan nihoyatda muhimdir.
Bundan tashqari, Taraqqiyot strategiyasi doirasida Vazirlar Mahkamasi 2022 yil 8 fevralda “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati tashkiliy tuzilmasini va faoliyatini tashkil etishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi. Hukumat qaroriga asosan nogironlikni olish tartibi o‘zgartirildi. Ya’ni, endilikda fuqarolarni ko‘rikdan o‘tkazish ularni tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarga ko‘rikka yuborish orqali amalga oshiriladi.
Ko‘rikka, shuningdek, statsionardan berilgan kasallik tarixini, ambulator kartadan ko‘chirmalarni va bemorni ko‘rikka yuborish uchun asos bo‘lgan boshqa hujjatlarni o‘rganish ham kiradi. Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari majlisida ko‘rik to‘liq tarkibda va hujjatlar qabul qilib olingan kundan boshlab 10 kun ichida o‘tkaziladi. Nogironlik belgilangan taqdirda, hujjatlar TIEK tomonidan qabul qilib olingan sana nogironlikning boshlanishi hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining a’zosi hisoblanadi. Shu ma’noda, mamlakatimiz Konvensiyani milliy qonunchilikka implementatsiya qilish va huquqni qo‘llash amaliyotiga tatbiq etish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasini tasdiqlashni zimmasiga oladi. Keyingi, ya’ni 2023 yilda O‘zbekiston BMT Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasining bajarilishi bo‘yicha dastlabki hisobotini tegishli tartibda taqdim etadi.