6.4. Kurashchilarning musobaqalarda qatnashish taktikasi
Butun musobaqani o‘tkazish taktikasi vazn o‘lchangandan
so‘ng, ya’ni raqiblar tarkibi aniqlangandan va yaqin orada bo‘lib
o‘tadigan bellashuvlar juftliklari tuzilgandan keyin belgilanadi.
Shundan keyin musobaqalarda ma’lum bir o‘rinni egallash uchun
o‘tish lozim bo‘lgan davrlar (uchrashuvlar) sonini taxminan bilish
maqsadida har bir uchrashuv maqsadi aniqlanadi. Kurashchi qaysi
bellashuvlarni “sof” g‘alaba, yaqqol ustunlik bilan, qaysilarini ballar
bo‘yicha yutishi lozimligini belgilab olish lozim. Taktik jihatdan
to‘g‘ri yo‘l tutish maqsadida har bir davra tugashi bilan turnirdagi o‘z
holati hamda raqib holatini baholab borish zarur. Buning uchun o‘z
vazn toifasi bo‘yicha musobaqalar jadvalini olib borish lozim.
Ko‘p sonli qatnashchilar (40 dan ortiq) ishtirok etadigan
musobaqalarda kurashchi finalga yetib borishi uchun kamida beshta
bellashuvni o‘tkazishi kerak. Katta yuklamani hisobga olib,
kurashchi bellashuvlar o‘rtasidagi tanaffuslarda o‘zining jismoniy
kuchi va ruhiy qobiliyatlarini yaxshi tiklab borishi, ortiqcha jismoniy
va ruhiy zo‘riqishlardan holi bo‘lishi zarur. Jamoa musobaqalarida
murabbiy har bir uchrashuvga dastlabki taktik reja ishlab chiqadi. U
har bir ishtirokchi oldiga ma’lum bir vazifani qo‘yadi: “sof” g‘alaba,
yaqqol ustunlik bilan yoki ballarlar bo‘yicha g‘alabaga erishish.
Razvedka kurashchilarning eng muhim taktik vositasi
hisobalanadi. U bellashuv davomida oldindan va bevosita amalga
oshiriladi.
Musobaqa oldidan dastlabki razvedka kurashchining musobaqa
qoidalari, uning maqsadi, miqyosi, xususiyati, o‘tkazilish usullari,
sinov xususiyatlari, o‘tkazish joyi va vaqtini bilishni nazarda tutadi.
Muayyan raqib tayyorgarligi: uning texnik-taktik tayyorgarligi,
yaxshi ko‘rgan usullari, qaysi usullar bilan yutishi va qaysilari bilan
yutqazib qo‘yishi to‘g‘risida, oldindan ma’lumotlar olish kerak. Bu
ma’lumotlarni kurashchi va murabbiy matbuot, kinolavhalar,
videoyozuvlar, shu raqib bilan avval uchrashgan kurashchilarning
ma’lumotlari orqali olishi mumkin. Uchrashish ko‘zda tutilayotgan
raqiblarga imkoni boricha alohida qog‘ozcha tayyorlash va unga
uning jismoniy hamda texnik tayyorgarligi, ularning rivojlanish
dinamikasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qayd qilish lozim. Raqibning
boshqa kurashchilar bilan bo‘lgan bellashuvlardagi xatti-harakatlarini
kuzatish ko‘p foydalidir.
87
Bellashuv davomidagi razvedka raqibning tayyorgarligi
to‘g‘risida yanada aniq ma’lumotlarni olishga yordam beradi.
Razvedka asosan bellashuv boshida o‘tkaziladi va raqib qanday
usullardan
foydalanayotganligi,
qanday
qarshi
hujum
uyushtirayotganligi, uning taktik tayyorgarligi usullari, reaksiya
tezligi, kuchi va chidamliligini aniqlashga qaratiladi. Buning uchun
raqibga hujumning u yoki bu usulini bajarish uchun ataylab qulay
sharoit yaratish bilan uni chorlashni qo‘llash mumkin. Bunda
himoyalanishga va qarshi hujum uyushtirishga tayyor turish lozim.
Raqibning javob reaksiyasini aniqlash uchun turli xil usullar bilan
aldamchi hujumlarni qo‘llash mumkin, lekin bir vaqtning o‘zida
uning qarshi hujumlaridan himoyalanishga tayyor turish lozim.
Manyovr olib borish raqibning hujum usullarini aniqlashga xizmat
qiladi (turish holatini o‘zgartirish, raqibdan chekinish va unga
yaqinlashish, uning atrofida harakatlanish, va h.k.).
Gilam maydonida, uning markazida yoki chetida holatni
o‘zgartirish razvedka maqsadi bo‘lib xizmat qilishi mumkin. U raqib
qaysi joyda kurashishni afzal ko‘rishini, unga qanday hujum qilish
yoki undan qanday himoyalanishni aniqlashga imkon beradi.
Ma’lumotlarni har safar yangitdan to‘plash zarur emas, avval shu
raqib bilan bo‘lgan uchrashuvlardan ma’lum hamma axborotdan
foydalanish hamda ehtimoldagi raqiblar tayyorgarligi to‘g‘risidagi
qog‘ozchaga ega bo‘lish lozim.
Razvedkadan tashqari, muhim taktik harakatlardan yana biri -
bu niyatni yashirish hisoblandi. U kurashchining taktik harakati
bo‘lib, bunda kurashchi kurash jarayonida raqibning razvedka
qilishiga to‘sqmnlik qilgan holda undan o‘zining asl niyatini
yashiradi. To‘g‘ri yashirish kurashchining shaxsiy kashfiyotchiligiga
bog‘liq. Tezlashgan, qattiq nafas olish va harakatlarning sustligi bilan
qattiq toliqqanlikni namoyish qilish va shu vaqtning o‘zida
“portlashga” tayyor bo‘lib, bellashuvda tez va keskin hujumni
bajarish mumkin. Bo‘sh raqib bilan o‘zining “shoh” usullarini
qo‘llamasdan turib ikkinchi darajali usullar bilan g‘alaba qozonishga
harakat qilish lozim.
|