Odam va uning salomatligi. 8-sinf (2014, B.Aminov, T.Tilavov)
Muskullarning charchashi. Ma’lum vaqt davomida ish baja-
rish natijasida muskullar char-
chaydi. Muskullar charchashi-
ning sababi quyidagilardan
iborat:
— b i r i n c h i d a n , uzoq vaqt davomida qo‘zg‘alish natijasida mi-
yaning muskul ishini boshqaradigan nerv hujayralari charchaydi, ularda
qo‘zg‘alish jarayoni pasayadi, hujayralar tormozlanish holatiga o‘tadi;
— i k k i n c h i d a n , uzoq vaqt davom etadigan jismoniy ish
natijasida muskul tolalaridagi oziq zaxirasi tugab, muskulning ishi
uchun zarur bo‘lgan energiya tugaydi;
— u c h i n c h i d a n , qisqa vaqt davomida, ammo katta tezlikda
bajarilgan ish jarayonida organizmda kislorod yetishmay qoladi.
Charchash yuzaga kelganda, asta-sekin muskul tolalarining qis-
qarish kuchi kamaya boshlaydi va ular bora-bora bo‘shashib, qisqara
olmay qoladi. Buning natijasida harakat asta-sekin susayib, keyin
to‘xtaydi. Ba’zida charchagan muskul tolalari qisqarib, bo‘shasha olmay
qoladi, bu holat
muskullarning kontrakturasi deb ataladi. Ayniqsa, tez
yugurgan vaqtda boldir muskullarida shunday holat yuzaga keladi.
Jismoniy mehnat, jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam
ravishda shug‘ullanuvchi odam organizmi yaxshi chiniqqan bo‘ladi.
Shuning uchun ularning muskullari tez charchamaydi.
Muskullarning yaxshi rivojlanishi, tolalari va paylarining
baquvvat, mustahkam bo‘lishi, o‘z navbatida, suyaklarning yaxshi
rivojlanishiga, ularning mustahkam bo‘lishiga imkon beradi.
1. Muskullarning statik ishini tushuntiring.
2. Muskullarning dinamik ishiga misollar keltiring.
3. Muskullarning charchashi qanday sodir bo‘ladi?
4. Yaxshi rivojlangan muskullarda qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?
22-rasm. Sportchining yugurish vaqtidagi dinamik harakati.