O’quv-uslubiy majmua


Turli sathga mansub birliklarmunosabati



Yüklə 413,75 Kb.
səhifə29/53
tarix06.09.2023
ölçüsü413,75 Kb.
#141709
1   ...   25   26   27   28   29   30   31   32   ...   53
O’quv-uslubiy majmua-fayllar.org

Turli sathga mansub birliklarmunosabati
Bir sathga mansub, murakkablik darajasiga ko‘ra bir xil bo‘lgan lingvistik birliklar munosabatidan tashqari, turli sathga mansub, turli murakkablikdagi birliklar ham o‘zaro munosabatga kirishadi. Murakkablik darajasi turli xil bo‘lgan, ikki xil sathga mansub lingvistik birliklar munosabati pog‘onali munosabat sanaladi. Demak, quyi sath birligi o‘zidan bir daraja yuqori sath birligi uchun qurilish (konstruktiv) birligi bo‘lib xizmat qiladi. Yuqori sath birligi esa qurilma (konstruktiv) sifatida o‘zidan bir daraja quyi sath birliklarining ketma-ketlik (sintagmatik) munosabatidan tashkil topadi. Masalan, maktabga so‘z shaklining morfologik sath birligi sifatida morfemik sath birligiga nisbatan murakkablik darajasi yuqori, chunki u o‘zidan bir daraja quyi morfemik sathning maktab va -ga birliklari o‘rtasidagi sintagmatik munosabat hosilasi sifatida maydonga kelgan. Demak, morfologik sath birligi bo‘lgan so‘z shakl morfemik sath birligi bo‘lgan morfemalarning (morfema variantlarining) o‘zaro sintagmatik munosabatidan tashkil topadi. Morfema (morfema varianti) esa so‘z shakl tarkibiga kiradi.
Lingvistik birliklarning murakkablik darajasi nisbiydir. Uning murakkab deb nom olishi o‘zidan bir daraja quyi sath birligiga nisbatandir. Masalan, morfemik sath birligi bo‘lgan morfemaning murakkab (qurilma, sistema) deb nom olishi fonologik sath birligi bo‘lgan fonemaga nisbatandir. Morfema, o‘z navbatida, morfologik sath birligi bo‘lgan so‘z shakl uchun element, qurilish (konstruktiv) a’zosi sanaladi. So‘z shakl morfemaga nisbatan murakkab, sintaksemaga nisbatan esa element hisoblanadi.
Lingvistik birliklar o‘rtasidagi pog‘onali munosabat til sistemasi ichki tuzilishining oddiydan murakkabga qarab tadrijiy joylashganligidan dalolat beradi.


Zidlanish va uning turlari
Yuqorida ta’kidlanganidek, paradigmatik munosabatda bo‘lgan lingvistik birliklar muayyan birlashtiruvchi semaga ega bo‘lish bilan birga, o‘zaro farqlovchi semaga ham ega bo‘ladi. Ana shu farqlovchi semalar paradigma a’zolarining o‘zaro zidlanishi uchun asos bo‘ladi.
Sistemaviy tilshunoslikda paradigma a’zolarining ana shunday farqlovchi semalar asosida zidlanishini belgilash markaziy o‘rinni egallaydi. Chunki lingvistik birliklarni ma’lum sinflarga birlashtirish qanchalik muhim bo‘lsa, sinf a’zolarini bir-biriga zidlash ham shunchalik ahamiyatlidir. Sinflarga birlashtirishda lingvistik birlik mazmuniy mundarijasidagi birlashtiruvchi sema xizmat qilsa, bir-biridan ajratishda farqlovchi sema asosiy rol o‘ynaydi. Shuning uchun sistemaviy tilshunoslik asoschilari zidlanish tushunchasiga katta e’tibor berib tilda zidlanishdan boshqa hech narcha yo‘qligini ta’kidlaydilar.
Farqlash tushunchasi zidlanish tushunchasini taqozo etadi. Ikki narsa bir-biridan faqat o‘zaro zid qo‘yilgandagina farqlanadi. Sistemaviy tilshunoslikning asoschilaridan biri N.S.Trubetskoy fonologik sathda zidlanishlarni quyidagicha belgilarga ko‘ra tasnif etadi.
A. Zidlanish sistemasiga munosabatiga ko‘ra.
B. Zidlanuvchi a’zolar o‘rtasidagi munosabatga ko‘ra
V. Zidlanuvchi a’zolarning ma’no farqlash kuchiga ko‘ra.
Bu belgiga ko‘ra zidlanishlar bir o‘lchovli va ko‘p o‘lchovli hamda ajralgan va proporsional zidlanishlarga bo‘linadi.
Zidlanishlar zidlanuvchi a’zolarni farqlash uchun xizmat qiladigan belgilarnigina emas, balki har ikki zidlanayotgan a’zolar uchun umumiy bo‘lgan belgini ham taqozo etadi. Bunday belgilar qiyoslash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Qiyoslash uchun asos belgiga ega bo‘lmagan ikki narsa o‘zaro zidlanishi mumkin emas. Qiyoslash uchun asos bo‘lgan belgiga ko‘ra zidlanishlar ikki turli bo‘ladi: 1) bir o‘lchovli; 2) ko‘p o‘lchovli.
Bir o‘lchovli zidlanishlarda zidlanuvchi a’zolarning qiyoslanishi uchun asos bo‘lgan belgi, ya’ni zidlanuvchi a’zolar uchun umumiy bo‘lgan belgilar yig‘indisi faqat shu zidlanish uchungina xos bo‘lib, zidlanish sistemasining boshqa a’zolarida uchramaydi. Ko‘p o‘lchovli zidlanishda esa qiyoslanishga asos bo‘lgan belgi faqat bitta zidlanuvchi a’zolar uchungina emas, boshqa zidlanuvchi a’zolar uchun ham xos bo‘ladi. Masalan, s – z undoshlari o‘rtasidagi zidlanish bir o‘lchovli. Chunki bu zidlanish uchun asos bo‘lgan belgi boshqa hech bir juftlikda uchramaydi.
Bir o‘lchovli va ko‘p o‘lchovli zidlanishlarning ajratilishi tilshunoslikda juda katta ahamiyatga ega. Bunday zidlanishlar tilning barcha sathlarida uchraydi.
Bundan tashqari, birinchi belgiga ko‘ra zidlanishlarning proporsional va ajralgan turlari ham mavjud.
Ma’lum bir zidlanish a’zolari o‘rtasidagi munosabat til sistemasining boshqa zidlanish a’zolari o‘rtasidagi munosabat bilan bir xil bo‘lgan zidlanishlar proporsional zidlanish hisoblanadi. Masalan, o‘zbek tili fonologik sistemasidagi k-g fonemalarining zidlanishi proporsionaldir. Chunki bu zidlanish a’zolari o‘rtasidagi munosabat, ya’ni jarangsizlik portlovchilik belgisi asosida umumiylikni hosil qilishi faqat shu juftlik uchungina emas, balki p-b, t-d kabi juftliklar uchun ham xosdir. Ma’lum bir zidlanish a’zolari o‘rtasidagi munosabat til sistemasidagi zidlanishlarning hech qaysisida uchramaydigan zidlanish ajralgan zidlanish sanaladi. Masalan, b va l juftliklari o‘rtasidagi munosabat ajralgandir, chunki bu munosabat boshqa hech bir zidlanuvchi a’zolarda uchramaydi.
Zidlanish a’zolari o‘rtasidagi munosabatga ko‘ra zidlanishlar privativ (zidlanishga asos bo‘lgan belgi birida bor, ikkinchisida yo‘q bo‘lgan zidlanish), darajali (gradual) va teng qimmatli (ekvipolent) zidlanishlarga bo‘linadi.
Zidlanuvchi a’zolardan birida zidlanish uchun asos bo‘lgan belgining mavjudligi, ikkinchisida esa yo‘qligiga asoslangan zidlanish privativ zidlanish hisoblanadi. Zidlanuvchilarning belgiga ega bo‘lgan a’zosi belgili (markirlangan), kuchli, belgiga ega bo‘lmagan a’zosiga esa belgisiz (markirlanmagan), kuchsiz a’zo deyiladi. Masalan, t-d, k-g, p-b undoshlari zidlanishlari privativ sanalib, zidlanuvchi juftliklarning har birida birinchi a’zo «ovoz» (jarang) belgisining yo‘qligi, ikkinchisida esa borligi bilan xarakterlanadi. Bunday zidlanishlarning grafik ifodasi uchun kuchsiz a’zoga «-», kuchli a’zoga «+» belgisi qo‘llaniladi. Masalan, so‘z turkumlari sistemasida ot bilan fe’l o‘rtasidagi zidlanish uchun asos belgi «harakat» sanalib, birinchi a’zo - bu belgining yo‘qligi (-), ikkinchisi esa borligi (+) bilan xarakterlanadi. Zidlanuvchi a’zolar bir belgining turli darajasini (gradatsiyasini) ko‘rsatuvchi zidlanish darajali zidlanish hisoblanadi. Masalan, unlilarda og‘iz ochilishining turli darajasini ko‘rsatuvchi u-o‘-o, i-e-a o‘rtasidagi zidlanish. Darajali zidlanish ko‘p a’zoli bo‘lib, darajalanish silsilasidagi birinchi va so‘nggi a’zo chegara a’zolar, ular o‘rtasidagi a’zolar esa oraliq a’zolar sanaladi.
Chegara a’zolar zidlanishning ikki qutbini tashkil etadi va maksimal zidlanish hosil qiladi. Zidlanuvchi a’zolarning har ikkisi mantiqan teng bo‘lgan ya’ni, belgining ikki darajasini ham, bor yoki yo‘qligini ham bildirmaydigan zidlanishlar teng qimmatli (ekvipolent) zidlanish hisoblanadi. Masalan, p – t, t – k undoshlari o‘rtasidagi zidlanishlar teng qimmatlidir. Shuni ta’kidlash kerakki, zidlanishlarning yuqoridagi turini ajratish til sistemasining konkret shart-sharoiti bilan bog‘liq. Bu sistemaning konkret shart-sharoitidan ajratib olingan ayni bir zidlanishi privativ ham, darajali ham bo‘lishi mumkin. Masalan, u - o zidlanishida zidlanishga asos belgi og‘izning ochilish darajasi sifatida olinsa, privativ ziddiyat bo‘ladi. Zidlanuvchilardan biri og‘iz ochilishining «nol» darajasi sifatida qabul qilinadi. Bu vaqtda u ochiq emas, o esa «ochiq», yoki u «yopiq», o esa «yopiq emas» tarzida zidlanadi. Xuddi shu belgiga ko‘ra til sistemasidagi u ga nisbatan ochiqroq unli o e’tiborga olinsa, u bilan o o‘rtasidagi zidlanish darajali zidlanishga aylanadi. Bu vaqtda u va o zidlanishning chegara a’zolari, o‘ esa oraliq a’zo bo‘lib qoladi. Shunday qilib, u yoki bu zidlanishning privativ, darajali va teng qimmatli zidlanish sifatida baholanishi bizning qanday nuqtai nazardan yondashuvimizga bog‘liq.
Lekin bundan u yoki bu zidlanishni belgilash sof sub’ektiv xarakterga ega degan xulosaga kelmaslik kerak. Shuni ta’kidlash kerakki, zidlanishning o‘zida uning ma’lum bir turga kiritish uchun asos bo‘ladigan qandaydir bir belgi mavjud bo‘ladi. Tilning sistemaviy tuzilishining o‘zi va funksiyalashuvi ko‘p hollarda zidlanishning ob’ektiv va aniq turini ajratishga imkon beradi. Yuqorida ko‘rib o‘tgan fonemalar o‘rtasidagi munosabatlar privativ zidlanish sifatida ham, darajali zidlanish sifatida ham tasavvur etilishi mumkin. Lekin amalda ularning qaysisi reallashayotgani shu fonologik sistemaning tuzilishi va qo‘llanishi bilan bog‘liq bo‘ladi. Yuqorida ta’kidlanganidek, zidlanuvchi a’zolarning ma’no farqlanishiga ko‘ra zidlanishlar doimiy va mo‘’tadil turlarga ajratiladi. Zidlanishlarning bunday tasnifi uchun til sistemasining konkret sharoitda yuzaga chiqishida ularning funksiyalashuviga asoslanish mumkin va bunda “sistema-funksiya” tamoyiliga amal qilinadi. Til sistemasidagi zidlanuvchi a’zolar nutq jarayonida muayyan sintagmatik munosabatga kirishganda ham zidlanishga asos bo‘lgan belgini saqlab qolsa, doimiy zidlanish, aksincha, saqlab qolmasa mo‘’tadillashgan zidlanish sanaladi. Masalan, o‘zbek tilida so‘z oxiri jarangli va jarangsiz undoshlar zidlanishi uchun kuchsiz vaziyat sanaladi. Ana shu vaziyatda zidlanuvchi a’zolar zidlanish belgisini yo‘qotadi, mo‘’tadillashadi: masalan, asir – asr.
Mo‘’tadillashgan ziddiyat ham barcha ziddiyatlar kabi faqat fonologik sath uchungina xos emas. Ularning barchasi tilning hamma sathlarida uchraydi. Jumladan, birlik va ko‘plik morfemalari o‘rtasidagi zidlanish hurmat ma’nosini ifodalaganda mo‘’tadillashadi.



Yüklə 413,75 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   25   26   27   28   29   30   31   32   ...   53




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin