O’quvchilar jismoniy tarbiya tadbirlarini tashkil etishning uslub va tamoyillari Jismoniy tarbiya jarayonida o’qituvchilar o’quvchilarni harakatlarga o’rgatish va jismoniy mashqlar texnikasini egallashda ta’lim uslublari yordamida ta’lim bosqichlari vazifalarni hal etadilar. Maktabda jismoniy mashqlarga o’rgatish jarayoni ta’lim tamoyillari va uslublarini to’g’ri tashkil etilishiga bog’liq. Jismoniy tarbiyada ta’lim jarayoni o’quvchilarni jismoniy tarbiya va sportga oid maxsus bilimlar bilan qurollantirish hamda jismoniy mashqlar va harakatlar texnikasi, malaka va ko’nikmasini hosil qilish vazifalarini hal etadi. Jismoniy tarbiyada shuni ko’rish mumkinki, mashqlarni ko’p marotaba har xil talablar asosida takrorlash va mustahkamlash jismoniy mashqlar texnikasi bajarishda hech bir qiyinchilik bo’lmasligini ta’minlaydi. Bu bilan harakat malaka va ko’nikmalari takomillashib boradi.
Jismoniy tarbiya jarayonida faqatgina jismoniy fazilatlar emas balki ahloqiy sifatlar jamoatchilik, do’stlik, botirlik, qat’iylik, hamkorlik, vatanparvarlik hislatlari ham tarbiyalanib boradi. Shuningdek o’quvchilarni tartib intizomga rioya qilish tashabbuskorlik va faollilik kabi sifatlar ham shakllanadi.
Tizimlilik va izchillik tamoyili jismoniy mashqlarni va harakatlarni bir xil tizimda oddiydan murakkabga qarab rivojlanib boradigan shaklda o’rganish masalalarini hal etadi. Jismoniy tarbiya dasturi talablari doimo bajarilib o’rganilib boriladi. Yangi o’quv materiallari o’rganilgan jismoniy mashqlar bog’lanadi va mustahkamlanadi. Dastur asosida avval oddiy mashqlar o’rganilsa, sekin asta merakkab mashqlar texnika va taktikasi shakllantiriladi. Har xil darajadagi mashqlarni o’rgatishda mashqlar oddiydan murakkabga qarab rivojlantirib boriladi. Shu bilan birga ular har bir mashg’ulot davomida o’zgartirilib turiladi.
Onglilik va faollilik tamoyili: Jismoniy tarbiya jarayonida mashqlarni o’rganish darajasi o’quvchilar onggiga va faolliligiga bog’liq. Shuning uchun mashg’ulotlar davomida onglilik va faollilik tamoyili keng foydalaniladi. O’quv materiallarini o’quvchilar tomonidan tushunish ularni o’zlashtirish va mashqlarni ongli ravishda idrok etish va bajarish. Shuningdek erishilayotgan natijalarni takomillashtirib borish onglilik tamoyili orqali amalga oshadi. Har bir mashg’ulotda o’quvchilar oldiga qo’yilgan konkret vazifalar bolalarni faolliligini ta’minlaydi. Ular mashqlarni bajarishda tashabbuskorlik ko’rsatish, mashqlarning ijobiy ta’sirini his eta olish ularni bajarishni idrok qilishlari bilan ta’limning onglilik va faollilik tamoyili amalga oshadi.