9.2. Uzoq bosilish sindromida hamshira tashxisi va parvarish rejasi
26 yoshli bemor og'ir ahvolda reanimatsiya bo'limiga keltirildi. Bemorning hushi yo'q; vaqti-vaqti bilan qo'zg'aluvchan bo'lib, harakatlari beixtiyor, maqsadsiz, ma'nosiz; nafas olishi tez-tez; lablari, tirnoqlari ko'kargan; qon bosimi past; tomir urishi tez, chap oyog'i va chap qo'lida majag'langan joylari bor. Bu joylar shishgan; terisi ko'karib, mushaklari, yog' qavatlari qoramtir; barmoqlarida harakat yo'q; tegilsa sezilmaydi. Bemorni keltirgan kishilarning aytishicha uy buzish paytida uning ustiga uyning bir qanoti tushgan. Bemorni yuk ostidan olgunlaricha 3—4 soat vaqt o'tgan. Tez yordam chaqirilib, birinchi yordam ko'rsatilgan va bemor jadal davolash anesteziologiya-reanimatologiya bo'limiga keltirilgan.
Bo'limda shifokorlar tomonidan tekshirib ko'rilib, quyidagicha tashxis qo'yilgan: chap son suyagining o'rta qismi yopiq singan; yumshoq to'qimalar ezilgan; chap qo'lning yumshoq to'qimalari
ezilgan. Bemorda shikastdan keyingi shok, uzoq bosilish sindro-mi, organizmning zaharlanishi, o'tkir buyrak yetishmovchiligi kuzatiladi.
Bemor hamshiraga topshirilib, kerakli muolajalar belgilanadi va nimalarga ahamiyat berishi kerakligi, qanday asoratlar bo'lishi mumkinligi va boshqa tegishli muolajalar belgilanadi. Hamshira muolajalarni bajarishga kirishadi. Hamshira bemorni qabul qilib, quyidagi ishlarni amalga oshiradi: bemorga kuzatuv varaqasi ochadi; ko'rsatkichlarning hammasini aniqlaydi; kerakli hamma tahlillar uchun qon va boshqalar olinadi; bemorning hushsiz ekanini hisobga olib, yaqinlaridan bemor to'g'risida va u qanday qilib bu holatga tushib qolgani to'g'risida axborotlar yig'adi; zarur bo'lsa, mas-lahatga mutaxassislarni chaqiradi va o'z (hamshira) tashxisini qo'yadi: bemorning hushi yo'q, muolajalarga reaksiyasi yo'q, nafasi 30—35 ta, tomir urishi 128—132 ta, qon bosimi 80/30 mm. sim. ust. ga teng, lablari, tirnoqlari ko'kargan, siydigi qon aralash, bir soatda 30 ml ni tashkil qiladi, markaziy vena bosimi manfiy, bemor tuproq ostida 3—4 soatcha yotgan, nevrologik belgilari aniqlanmaydi, ko'z qorachiqlarining reaksiyasi yaxshi. Chap qo'l va chap oyog'i shishgan, terisi va yumshoq to'qimalari ezilgan, rangi qoramtir, barmoqlarining harakati sezilmaydi, tana harorati 35,7°C, tanasi sovuq. Bemorga barcha, jumladan, jarroh-lik muolajalari qilinib, oksigenoterapiya, infuzion terapiya orqali qon bosimi ko'tarildi. Bemor shok holatidan chiqarildi.
Oradan 8—10 soat o'tgandan keyin bemorning ahvoli yoki hamshira tashxisi quyidagicha: bemor hushida, savollarga javob beradi yoki harakat qiladi; tanasi issiq, harorati 37,8°C, lablari, tirnoqlari qizargan; barmoqlari issiq; nafas olishi 28—30 ta, tomir urishi 114 marta, aritmik qon bosimi 100/65 mm.sim.ust. ga teng, siydik miqdori soatiga 35—40 ml, rangi qizg'ish; chap oyog'i va chap qo'lidagi yaralardan qon ketish bor; to'qimalar rangi ancha yaxshilangan, paypaslaganda og'riq sezadi; markaziy vena bosimi 30—35 mm.sim.ust.ga teng; gemoglobin, gematokrit normaga yaqinlashgan; erkin gemoglobin miqdori ham kamaygan va hokazolar.
Endi hamshira bemorning muammolaridan kelib chiqqan holda ularning oldini olish va hal qilish choralarini ko'radi va parvarish rejasini tuzadi. Kutiladigan muammo va asoratlarning oldini olish choralarini ко'rib, kuzatuv varaqasiga yozib boradi. O'zi hal qila olmagan muammolarni shifokor bilan yoki boshqa tibbiyot xodimlari bilan yoxud bemor yaqinlari bilan hal qiladi Bemorning holati, ko'rsatkichlariga qarab parvarish rejalarini o'zgartiradi. Agar hammasi yaxshi bo'lsa, bajarilgan ishlarni baholab kuzatish varaqasiga yozib qo'yadi.
Hamshira tashxisi bemor ahvoliga qarab o'zgarib boradi. Tash-xis qo'yish tamoyili hamma holatlarda ham hamshira jarayonida qayd etilgan bosqichlardan iborat. Shu bosqichlarni yaxshilab o'rganib olgan hamshira hamshira tashxisi qo'yishga, hamshira parvarishi rejasini tuzishga qiynalmaydi.
Uzoq bosilish sindromida qo'l yoki oyoq 8 soat va undan ortiq vaqt davomida bosilib qolsa, u segment nekrozga uchrab bemor hayotiga xavf soladi. Oyoqni kesib tashlash (amputatsiya) bilangina bemor hayotini saqlab qolish mumkin. To'g'ri, oyoq yoki qo'lni olib tashlash bemor uchun ham, jarroh uchun ham juda og'ir davo usuli. Bu usul eng oxirida — boshqa davo usulining foydasi bo'lmaganda qo'llaniladi.
Dostları ilə paylaş: |