1-AMALIY MASHG‘ULOT Tarkibidagi zahira moddasiga ko‘ra urug‘larning suv shimishini (bo‘kishini) aniqlash
Darsning maqsadi: Talabalarni tarkibidagi zahira moddasiga ko‘ra urug‘larning suv shimishini (bo‘kishini) aniqlash uslubi bilan tanishtirish.
Umumiy ma’lumot: Urug‘ – о‘simlikning embrionlik (yunon. Embrion – murtak) davri hisoblanib, urug‘ ichida murtak, endosperm yoki perisperm bо‘ladi. Pishib yetilgan urug‘lar, odatda, juda ham quruq bо‘ladi. Ularning nisbiy namligi 5-20% ni tashkil etadi. Shuning uchun ham urug‘lar zarur bо‘lgan suvni о‘zlashtirib olmaguncha una olmaydi. Suvning shimilishi natijasida urug‘ bо‘rtadi. Uning tarkibida mavjud bо‘lgan fermentlarning faoliyati oshadi, nafas olishi tezlashadi va oziq moddalar parchalanadi. Murtak qaytadan bо‘linadi, hujayralar chо‘ziladi. Buning uchun suv va oziq moddalar tо‘xtovsiz talab etiladi.
О‘simlik hujayralariga suv shimilishiga sabab protoplazmaning gidrofil kolloid xususiyatidir. Suv shimilib olinishi natijasida gidrofil kolloidlarining hajmi kattalashib keskin о‘zgaradi. Bu hodisa biologik ahamiyati katta bо‘lgan kolloidlarning bо‘rtishi nomi bilan yuritiladi. Tirik о‘simlik hujayralari uchun bu xususiyat suv shimib olishdagina emas, balki uni о‘zida saqlab turishda ham juda katta ahamiyatga ega.
Urug‘lar pishib yerga tо‘kilgandan sо‘ng qulay ob-havo va namlik sharoitida unib chiqadi. Unishning dastlabki davrida suv va havo mikropile orqali urug‘ ichiga о‘tadi va fermentlar ta’sirida urug‘ pо‘sti xujayralari shilimshiqlanadi, natijada urug‘larning tuproq zarrachalariga yopishib nam tо‘plashi uchun zamin yaratiladi.
Kerakli asbob va reaktivlar. Benzin, nо‘xat, makkajо‘xori doni, agar- agar, distillangan suv, 100 ml li menzurka yoki silindr, toshli analitik tarozi, Kamov nasosi, vakuum – eksikator, arracha, egov, pishgan g‘isht. Filtr qog‘ozi va millimetrlarga bо‘lingan qog‘oz.
Ishni bajarish tartibi: 30 g nо‘xat, 30 g makkajо‘xori doni bilan mayda qilib kesilgan 2 g agar-agar tarozida (0,01 gacha aniqlikda) tortib olinadi. Oddiy kapilliyar kuch yordamida suvning shimilishini taqqoslash uchun g‘ishtdan arracha va egov yordamida kubikcha qirqib olinadi. Kubikchaning hajmini aniqlash uchun qirralari о‘lchanadi va tarozida tortib, og‘irligi aniqlanadi. Shu bilan bir vaqtda olingan kolloid moddaning ham hajmi aniqlanadi. Buning uchun о‘lchov silindri 50 ml sathga qadar suyuqlik (masalan, benzin) bilan tо‘ldiriladi va ichiga tarozida tortib olingan tekshiriluvchi obyekt solinadi, sо‘ngra silindrdagi suyuqlik qancha sathga kо‘tarilganligi tezda aniqlanadi. Bunda silindrdagi suyuqlik hajmining oshishi tekshiriluvchi obyektning hajmiga teng bо‘ladi. Keyin silindrdagi suyuqlik tо‘kib tashlanadi va ichidagi urug‘lar hamda agar-agar filtr qog‘ozi yordamida quritiladi.
Hamma kolloid moddalar va g‘ishtdan tayyorlangan kubikcha suvli stakanga solinadi va bir sutka davomida uy temperaturasida saqlanadi. Shundan keyin ular suvdan olinib filtr qog‘ozida quritiladi va tezda tarozida tortiladi. Yuqorida kо‘rsatilgan usulda ularning hajmi yana qaytadan aniqlanadi. Olingan hamma ma’lumotlar jadvalga yozilib, tajriba tugagandan keyin analiz qilinadi.
1- jadval