Nazorat uchun savollar: 1. O’simlik hayotida mineral elementlarning vazifasi nimadan iborat?
2. Qanday makroelementlar bor?
3. O’simliklar kulida uchraydigan makroelementlar qanday aniqlanadi?
Darsning maqsadi: Bir necha xil o’simliklar kulidan kul tarkibida uchraydigan mikroelementlarni aniqlash. Kerakli asbob va reaktivlar: har xil о‘simliklar kuli, elektr plitka, chinni tigel, probirkalar, konsentrlangan va 10% li nitrat kislota, NaOH eritmasi, lakmus qog‘oz, HCl ning kuchsiz eritmasi, 1 n. CoNO3, etil spirt, 5% li oksalat kislota, NH4NO3 kristallari, 10% li (NH4)2MoO4, 10% li BaCl2, 5% li NH4CNS eritmalari va ammoniy persulfat [(NH4)2S2O8] kristallari.
Ishni bajarish tartibi: Ishni bajarish uchun chinni tigelga 1 g kul solib, ustiga 1 ml konsentrlangan HNO3 qо‘shib aralashtiriladi, sо‘ngra 10-15 ml suv quyib eritma qaynaguncha qizdiriladi va issiqligicha filtrlanadi.
Keyin filtrat ikkita probirkaga taqsimlanadi. Ularning biri K, P va S ni, ikkinchisi Ca, Fe va Mn ni aniqlash uchun ishlatiladi.
Birinchi probirkadagi filtratdan 3 ta probirkaga 1-2 ml dan quyib, quyidagi reaksiyalar orqali kaliy, fosfor va oltingugurt aniqlanadi:
– kaliyni aniqlash uchun birinchi probirkadagi eritmaga 0,25-0,5 ml chamasi natriy ishqori (NaOH), kobalt-nitrat eritmasi va 1-2 ml etil spirti qо‘shib, 15-20 minut tinch qoldiriladi. Shu vaqt davomida sariq chо‘kma hosil bо‘lishi kaliy elementi borligini kо‘rsatadi;
– fosforni aniqlash uchun ikkinchi probirkadagi eritmaga ammoniy nitrat (NH4NO3) kristallaridan biroz qо‘shib, qaynaguncha qizdiriladi. Issiq eritma ustiga ammoniy molibdatning 10% li eritmasidan 1 ml qо‘shganda oltinrang-sariq chо‘kma hosil bо‘lganligi fosfor borligini tasdiqlaydi;
– uchinchi probirkadagi filtratga 10% li bariy xlorid (BaCl2) eritmasi qо‘shilganda oq rangli loyqa hosil bо‘lishi oltingugurt borligini isbotlaydi.
Kalsiy, temir va marganets ikkinchi probirkadagi eritmadan quyidagicha aniqlanadi:
– probirkadagi eritma kuchsiz ishqoriy muhitga kelguncha unga natriy ishqori (NaOH) eritmasidan qо‘shiladi. Eritmaning muhiti lakmus qog‘oz yordamida aniqlanadi.
Eritmaga ishqor qо‘shilganda Al(OH)3, Fe(OH)3 va Mn(OH)2 hosil bо‘lib chо‘kmaga tushadi. Probirkadagi chо‘kmali eritma filtrlanadi. Filtr ustida qolgan asos chо‘kmalari temir va marganets elementlarini aniqlashda ishlatiladi. Filtratdan kalsiy elementi aniqlanadi;
– kalsiyni aniqlash uchun unga avval kuchsiz HCl eritmasi, sо‘ngra bir necha tomchi sirka kislota qо‘shib, 5% li oksalat kislota (C2H2O4) ta’sir ettiriladi. Bunda oq loyqa hosil bо‘lishi kalsiy borligini bildiradi;
– temirni aniqlash uchun filtr ustida qolgan chо‘kmani voronkasi bilan toza va quruq probirkaga joylashtirib, chо‘kma ustiga 10% li HNO3 eritmasidan 10 ml chamasi quyiladi. Filtratdan toza va quruq probirkaga 2-3 ml olib, bir necha tomchi 5% li ammoniy rodanid (NH4CNS) eritmasi qо‘shilganda, qizil chо‘kma hosil bо‘lishi filtratda temir elementi borligini kо‘rsatadi;
– toza probirkaga filtratdan 2-3 ml solib, ustiga 0,5 ml konsentrlangan HNO3 va 0,1 g ammoniy persulfat [(NH4)2S2O8] qо‘shib, spirt lampa alangasida 5-6 minut qaynatiladi. Binafsha rang hosil bо‘lishi marganets borligini isbotlaydi.