Klinikasi Boldir chuqur venalarining trombozi oyoq chuqur venalarining trombozida eng ko‘p uchraydi. Agar jarayon boldirning hamma venalarida joylashmagan bo‘lsa, klinika yaqqol namoyon bo‘lmaydi. Bemorning umumiy ahvoli qoniqarli bo‘ladi, harakat paytida boldir mushaklarida og‘riq paydo bo‘ladi, boldirning pastki qismida shish va tana haroratining oshishi kuzatiladi, paypaslaganda boldir mushaklarida og‘riq paydo bo‘ladi. Boldir va oyoqning panja, tovon sohalarida teri qoplamlarining sianozi, yuza venalarining to‘laqonligi, mahalliy temperaturaning oshishi, sezgining buzilishi belgilari kuzatiladi. Oyoq panjasi bukilganda boldirda og‘riq paydo bo‘ladi (Xomans simptomi).
Boldirning o‘rta qismi Riva-Rochchi apparati manjetkasi bilan kompressiya qilinganda sog‘lom odamlarda bosim 150-180 mm.sim.ust.ga ko‘tarilgunicha og‘riq sezmaydilar, boldir venalari trombozi bilan og‘rigan bemorlar esa bosim ozgina ko‘tarilishi bilan boldirda og‘riq sezadilar (Levenburg simptomi).
Boldirning uchala juft venalari zararlanganda keskin og‘riq, boldirda taranglashish sezgisi, shish va teri sianozi yaqqol namoyon bo‘lib tana harorati ko‘tariladi.
Son-taqim venalari trombozi: Son va taqim venalarining birgalikdagi trombozida shu sohalarda sianoz, shish va og‘riq, tizza qopqog‘i harakatchanligi paydo bo‘ladi. Jarayon son venasining proksimal qismida tarqalganda oyoq hajmining oshishi, og‘riqlar va sianozning kuchayishi kuzatiladi.
Ileofemoral tromboz: Bemorlarda yonbosh-son segmentining trombozida, oyoqda, dumba sohalarida, chanoq sohasida kuchayib boruvchi tarqalgan og‘riq, shish kuzatiladi. Bemorning vertikal holatida og‘riqlar kuchayadi. Birinchi sutka mobaynida tovondan to chov burmasigacha, ba’zan dumba sohasiga va tashqi jinsiy a’zolar, qorin old pastki devorida tarqalgan shish orta boshlaydi. Yuza venalarining to‘laqonligi natijasida bo‘rtib chiqishi kuzatiladi. Kasallikning 2-3 kunlarida shish qattiqlashib, teri taranglashadi, barmoq bilan bosganda xarakterli chuqurcha qolmaydi. Ayrim paytda kasallikning birinchi soatlarida oyoqlardagi kuchli og‘riq, teri qoplamlarining oqarib ketishi, sovuq qotish, paresteziya va parezlar bilan boshlanib son arteriyasining o‘tkir emboliyasining klinik manzarasiga o‘xshab ketadi. Bunday trombozlar psevdoembolik trombozlar yoki og‘riqli oq flegmaziya deyiladi (Phlegmasia alba dolens). Ushbu jarayon asosida chuqur venalar trombozi va son arteriyasining kuchli og‘riq natijasida spazmining birgalikda kechishi yotadi.
Venoz trombozning yana bir shakli ko‘k flegmaziya (Phlegmasia cerulae dolens) bo‘lib, bunda uchala vena sistemasi va venulalarga ko‘plab trombning hosil bo‘lishi shu sohalarda flebogipertenziyani keltirib chiqaradi. Natijada kuchayib boruvchi og‘riq, teri qoplamlarining sianozi va shishi, yuza venalarining to‘laqonligi, mahalliy temperaturaning oshishi, uvishish belgilari kuzatiladi. Bu belgilar oyoq panjalaridan chov, yonbosh sohalarigacha kuzatilib, oyoqda ko‘tarilgan holat berilgandan so‘ng ham yo‘qolmaydi, teri qoplami taranglashadi, yaltiroq tusga kiradi, shish tufayli periferik arteriyalarda pulsatsiya aniqlanmaydi. Terida seroz gemorragik suyuqlik bo‘lgan pufakchalarning paydo bo‘lishi venoz gangrena boshlanganidan dalolat beradi.