Tayanch tushunchalar: bolalar kitobxonligi, ahloqiy-ta’limiy muammoolar,inson ma’naviy kamoloti. Bolalar adabiyoti so’z san’ati va tarbiya vositasidir. Kichkintoylar uchun yoziladigan har qanday badiiy asar ularning yosh xususiyatlariga, saviyalariga mos, kitobxonlar qalbida o’y-fikrlar uyg’otadigan, yorqin obrazlarga boy, yuksak g’oyalarga, buyuk ishlarga ilhomlantiradigan bo’lishi zarur.
Bolalar adabiyoti yoshlarni iymon-e’tiqodli kishilar sifatida va vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashda mustaqil mamlakatimizning qudratli qurolidir. Faqat chinakam badiiy asarlargina bolalarga kuchli ta’sir ko’rsatib, ana shu yuksak talablarga javob bera oladi. Bolalar kitobi bu vazifani bajarishda badiiy tilga suyanadi. Yaxshi, aniq, ravon, obrazli boy til bilan yozilgan asar yozuvchining maqsad va fikrlarini kitobxonlarga tez va oson yetkazadi.Bugungi kunda qudratli qurol bo’lgan adabiyotdan keng foydalanmay turib, yangi jamiyat quruvchisini har tomonlama yetuk inson qilib tarbiyalash mumkin emas.
2 .Alisher Navoiy ijodida ta’lim-tarbiya masalalarining yoritilishi Alisher Navoiy faqat o‘zbek emas, balki butun turkiy xalqlar adabiyoti, jahon xalqlari adabiyoti tarixidagi eng noyob hodisalar silsilasiga mansub bo‘lgan buyuk shaxsdir. U qoldirgan merosning soni va hajmiga ko‘ra emas, balki ularning mazmun va yuksak badiiyatiga ko‘ra ham tengsiz adibdir. Navoiyning kichik zamondoshi Zahiriddin Muhammad Bobur buni juda muxtasar tarzda ifodalab bergan edi: «Alisherbek naziri yo‘q kishi erdi. Turkiy til bila to she’r aytibturlar, hech kim oncha ko‘p va xo‘b aytqon emas. Olti masnaviy kitob nazm qilibtur, beshi «Xamsa» javobida, yana biri «Mantiq ut-tayr» vaznida «Lison ut-tayr» otliq. to‘rt g‘azaliyot devoni tartib qilibtur: «G‘aroyib us-sig‘ar», «Navodir ush-shabob», «Badoyi ul-vasat», «Favoyid ul-kibar» otliq. YAxshi ruboiyoti ham bor. YAna «Mezon ul-avzon» otliq aruz bitibtur….. Forsiy nazmda «Foniy» taxallus qilibtur. YAna musiqiyda yaxshi nimalar bog‘labtur. YAxshi naqshlari va yaxshi peshravlari bordur»1.
Navoiyning bolaligi. Alisher Navoiy 1441 – yil 8 – fevralda Hirot shahrida dunyoga kelgan. Navoiying oila a’zolari ma’rifat egalari edi. Xususan, otasi G‘iyosiddin temuriylar saroyida Kichkina Bahodir nomi bilan mashhur bo‘lgan. U temuriylar qo‘l ostida turli lavozimlarda ishlagan, jumladan, Sabzavor shahrining hokimi ham bo‘lgan edi. Tog‘alari Kobiliy va G‘aribiylarning ziyoli insonlar, e’tiborli shoirlar bo‘lib etishganiga qaraganda, onasining ham ma’rifatli oilaga mansubligini tasavvur etish mumkin. Alisherning og‘asi SHayx Bahlulbek keyinchalik Xorazm hukmdori bo‘lgan, ukasi Darvishali, singillari ham bo‘lgan2. Darvesh Ali avval Husayn Boyqaro, keyinchalik Zahiriddin Muhammad Bobur xizmatida bo‘lgan. Ularning har ikkisida ham she’riy iqtidor kuchli bo‘lgan.
Alisher bolaligidanoq alohida iste’dod va salohiyat egasi sifatida ko‘zga tashlanadi. Bu uning atrof-olamga munosabatida ham, o‘z qobiliyatini namoyish etishda ham ochiq ko‘rinadi.Alisher Navoiyning o‘qishga, kitobga mehri juda baland bo‘lgan. Bu undagi tug‘ma iste’dod va qobiliyat bilan ham bog‘liq edi. U 4-5 yoshlarida mashhur fors-tojik adibi Qosim Anvariyning she’rlaridan birini yoddan, buning ustiga nihoyatda ifodali va ta’sirchan tarzda aytib, katta yoshdagi ustozlar hayratini oshirgan.U maktabda Husayn Boyqaro bilan birga o‘qiydi. Biroq 1449 yilda SHohruh vafotidan keyin mamlakatda o‘zaro ichki nizo va urushlar kuchayib ketgach, ko‘plab ziyolilar, jumladan, Alisherlarning oilasi ham Xurosondan Iroqqa ko‘chishga majbur bo‘lishadi. Yo‘ldagi to‘xtashlardan birida yosh Alisher buyuk tarixchi SHarofiddin Ali YAzdiy suhbatida bo‘lib, uning tahsiniga sazovor bo‘ladi.1450 yilda mamlakatda nisbatan osoyishtalik o‘rnatilgach, ularning oilasi yana Xurosonga qaytadi. Alisher o‘qishni davom ettiradi. U ayniqsa, badiiy adabiyotga alohida zavq va e’tibor bilan qaraydi. SHayx Sa’diyning «Guliston» va «Bo‘ston», Farididdin Attorning «Mantiq ut-tayr» asarlarini maroq bilan o‘qiydi. Hatto oxirgi dostonni u qo‘lidan qo‘ymaydigan darajaga etadi. SHunda ota-ona bu kitobni o‘qishni ta’qiqlab qo‘yishadi. Ular kitobdagi ilohiy mavzular talqinining yosh ko‘ngilga salbiy ta’sir etishidan xavfsirashgan edi. Biroq bundan naf bo‘lmaydi, chunki Alisher o‘sha kitobni allaqachon boshdan oxirigacha yodlab bo‘lgan ekan.SHu o‘rinda yosh Alisherning yodlash qobiliyatini alohida ta’kidlash o‘rinli bo‘lar. Olimlarimiz Farhod haqida aytilgan:
Agar bir qatla ko‘rdi har sabaqni,
YAna ochmoq yo‘q erdi ul varaqni.
Ne so‘znikim o‘qib ko‘ngliga yozib,
Dema ko‘ngliki, jon lavhiga qozib.
O‘qib o‘tmak, uqib o‘tmak shiori,
Qolib yodida sahfa-sahfa bori…
– so‘zlarini muallifning o‘ziga ham nisbat berishadi. U «Muhokamat ul-lug‘atay» kitobida 18-20 yoshlaridayoq ellik mingdan ortiq baytni yoddan bilishini yozgan edi (“yigitligim zamoni va shabob ayyomi avonida ko‘prak she’rda sehrsoz va nazmda fusunpardoz shuaroning shirin ash’ori va rangin abyotidin ellik mingdin ortuq yod tutupmep”)3.Hirot taxtini (1452) Abulqosim Bobur egallaydi va Alisherni o‘z himoyasiga oladi. U yosh shoirdagi katta iste’dodni juda qadrlar, uning parvarishi bilan ham jiddiy shug‘ullanmoqchi edi. Abulqosim Bobur G‘iyosiddin Kichkinani Sabzovor shaxriga hokim qilib (1953) tayinlaydi. Oila Sabzovorga ko‘chadi. Alisher o‘qishni shu erda davom ettiradi. SHu erda u Darvish Mansurdan aruz, Xoja YUsuf Burxondan musiqa ilmiga oid saboq oladi. Ayni chog‘da u she’riyatda ham dovruq qozona boshlaydi. 1457 yilda Abulqosim Bobur vafot etadi. Alisher endi o‘qish-o‘rganish ishlarini Mashhad shahrida davom ettiradi. Bu erda u matematika, falsafa, ilohiyot ilmlarini o‘rganish bilan band bo‘ladi. Tabiiyki, bu paytda uning eng sevimli sohasi – badiiy ijodga bo‘lgan rag‘bati ham tobora kuchayib borayotgan edi. SHu erda u mashhur alloma shoir Kamol Turbatiy, shuningdek, hattot va shoir Hojimuhammad Astrobodiylar bilan tanishadi. Bu tanishuvlar adibning e’tiroficha, keyinchalik uning dunyoqarashi va ijodiga kuchli ijobiy ta’sir o‘tkazadi.Alisher Navoiy 1464 yilda Hirotga qaytadi. U paytda Hirotda Abu Said Mirzo hukmronlik qilar edi. Alisher Navoiy uning e’tiboridan chetda bo‘ladi. Buning sabablari bor edi. Ma’lumki, 1457 yilda Husayn Boyqaro toj-taxt uchun Abu Said Mirzoga qarshi kurashgan, shu paytda Alisherning tog‘alari Mirsaid Qobiliy va Muhammad Ali ham Husayn Boyqaro tarafida bo‘lishgan. Buning ustiga Alisher Navoiyning Husayn Boyqaro bilan yaqinligi ham yaxshi ma’lum edi. Bularning barchasi sabab bo‘lib, Abu Said Mirzo Navoiyni poytaxtdan uzoqroqqa – Samarqandga (1467) jo‘natib yuboradi, Bobur tili bilan aytganda «ixroj qiladi». «Ixroj»ning ma’nosini «chiqarib yuborish», «badarg‘a qilish», yanada aniqrog‘i «surgun» deb tushunish mumkin. Samarqand hokimi Ahmad Hojibek yaxshigina shoir ham bo‘lib, «Vafoiy» taxallusi bilan ijod qilgan. U, shuningdek, Darvish Muhammad Tarxon Alisher Navoiyga katta e’tibor va hurmat bilan qarab, uni moddiy jihatdan quvvatlab turishgan.Samarqandda u yirik fiqhshunos olim Hoji Jaloliddin Fayzulloh Abulays madrasasida shu olimdan ikki yil davomida ta’lim oladi. Fayzulloh Abulays “har vaqt u zotning ta’bidagi o‘tkirlikni maqtar va boshqa talabalardan uni ortiq ko‘rardi”.
«Xamsat ul-mutaxayyirin» kitobida ko‘rsatilishicha, Alisher Navoiy arab tili grammatikasini ustozi Abdurahmon Jomiydan o‘rgangan.«Nazm ul-javohir» («Gavharlar tizmasi») ham axloqiy-didaktik g‘oyalar targ‘ibiga bag‘ishlangan. U ayrim hadisi shariflarning she’riy talqinidir. Unda hadislardagi asosiy tushuncha va tamoyillar nihoyatda sodda va tushunarli, ta’sirchan tilda, she’riy shaklda talqin qilinadi. Masalan, «Ro’a aboka yuro’uka» («Otangga riot qil – bolangdan qaytadi») hadisi uchun quyidagi ruboiy keltirilgan:
Farzand ato qullig‘in chu odat qilg‘ay,
Ul odat ila kasbi saodat qilg‘ay,
Har kimki, atog‘a ko‘p rioyat qilg‘ay,
O‘g‘lidin anga bu ish siroyat4 qilg‘ay.
Adib otaga xizmat qilishning sharofatini birinchi ikki misrada ko‘rsatib bermoqda. Keyingi misrada esa yana shu fikrga qaytilgandek ko‘rinadi, ammo endi natijada ayirma bor. Har kim ekkanini o‘radi, deganlaridek, otaga qilingan hurmat va ehtirom, albatta, qaytadi, ammo uni qaytaruvchi odam mutlaqo boshqa bo‘ladi. Mana shu boshqa odam esa keyingi avlod vakili – otasiga yaxshi munosabatda bo‘lgan o‘g‘ilning farzandlaridir. Misralardagi qofiyalar: odat: saodat:rioyat:siroyat ayni mazmunni ro‘yobga chiqarishda, shu mazmunning ohangdor tariqada ifodalanishigi xizmat qilmoqda. Radifdagi «qilg‘ay» fe’lining takrori esa bu harakatlarning bardavom va muntazam bo‘lishini maxsus ta’kidlash uchun xizmat qilayotir. Insoniy fazilatlar mavzusida boshqa bir to‘rtlik yaratiladi:
El qochsa birovdin el yomoni bil oni,
Ahvolida idbor5 nishoni bil oni,
Fe’l ichra ulus baloyi joni bil oni,
Olam elining yamon yamoni bil oni.
Demak, ko‘pchilik («el») bir fikr bildirar ekan, bu tasodifiy bo‘lmaydi. Ular bir kishidan o‘zini olib qochsa, o‘sha odam elning yomoni bo‘ladi. Buning sababi esa o‘sha kishining fe’l-atvori («ahvolida idbor nishoni»)dir. Bunday odamning yomonligi faqat o‘zi uchun emas, balki barcha uchun ham zararlidir. Adib uni «ulus baloyi joni», ya’ni «elning joniga bitgan balo» sifatida ta’riflamoqda. Tugal xulosa esa oxirgi misrada ifodalangan. Bunday odam o‘zi yoki o‘zi mansub bo‘lgan elninggina emas, balki butun «olam elining yomoni»dir. SHoirning «yamon» so‘zini ikki marta qo‘llashi orqali aytmoqchi bo‘lgan fikri alohida ta’kidlanmoqda. Bunda birinchi «yomon» birlikda qo‘llangan bo‘lishiga qaramasdan, kuchli umumlashtiruvchi xususiyat kasb etmoqda. Uning belgisiz qaratqich kelishigidagi shakli esa mana shu birlikdagi otning umumlashma xususiyatini kasb etishiga turtki bo‘lmoqda. SHunga ko‘ra, mazkur birikmani biz «yomonlarning yomoni» tarzida tushunish imkoniga ega bo‘lmoqdamiz. «Hayratul abror» Navoiy «Xamsa»sining 1-dostoni. Professor N.Mallayevning fikricha bu doston 7976 misradan iborat. Dostonning tuzilishi ham o’ziga xos. Dostonning asosini 64 bob tashkil etadi. Dostonning 21-bobi muqaddima, 20-bobi maqolatlar, 20-bobi turli mazmundagi hikoyatlar, masallar, 3-bobi - xotimadan iborat.
«Hayratul abror», «Xamsa»dagi boshqa dostonlardan farqli tarzda asosan Navoiyning falsafiy-ta`limiy qarashlarini ifodalaydi. Doston masnaviy yo’lida yozilgan bo’lib, lirik ifoda bilan epik tasvir uyg’unlashib ketadi. Dostonning asosini 20 maqolat tashkil etadi. Asarning 3 kompozisiya zanjiri mavjud.Dostonning umumiy kompozisiyasi. Maqolatlar kompozisiyasi. Hikoyat va masallar kompozisiyasi. Dostonda qo’yilgan masalalarni shartli ravishda 3 yo’nalishda o’rganish mumkin; Falsafiy masalalar. Ijtimoiy - siyosiy masalalar. Axloqiy - ta`limiy masalalar.Ayni paytda «Hayratul abror»dagi obrazlarni ham 3 ga ajratish mumkin: Dostonning bosh qahramoni. Maqolatlardagi tavsifiy obrazlar-portret va xarakterlar. Hikoyat va masallardagi obrazlar. Dostondagi hikoyalar tahlili. Dostonning har bir bobi ma`lum bir masalaga bag’ishlanadi. Masalan: 12-bobda Nizomiy va Dehlaviy, 13-bobda - A.Jomiy ta`rifi keltirilgan. Uchinchi maqolat «Salotin bobida» bo’lib, ilova tarzida shoh G’oziy hikoyati keltriladi. To’rtinchi maqolat «Xirqapo’shlar» haqida bo’lib, Abdulla Ansoriy haqidagi hikoyat, beshinchi maqolat «Karam vasfida» bo’lib Hotam Toyi hikoyati, oltinchi maqolat «Adab» haqida bo’lib, No’shiravon hayosi haqidagi, yettinchi maqolat «Qanoat» haqida bo’lib, ikki rafiq, sakkizinchi maqolat «Vafo» haqida bo’lib, ikki vafoli Yor, o’ninchi maqolat «Rostlik ta`rifida» bo’lib, Durrojning yolg’onchiligi haqidagi hikoyat keltiriladi va Navoiy Jomiyni ustozi sifatida, bir buyuk so’fiy sifatida hurmat qiladi. Uning ijodiga yuksak baho beradi.
Navoiy «Hayratul - abror»da yashagan davrining ijtimoiy-siyosiy masalalariga keng o’rin beradi. Shoir turli tabaqa kishilariga munosabat bildiradi. Asardagi ko’pgina hikoyatlar orqali o’z mulohazalarini bayon etadi. Navoiy asarlarida podsholarga alohida e`tibor beradi. Odil shohlar, zolim, adolatsiz podsholar haqida gapiradi.Asarning uchinchi bobi «Salotin bobida...» deb nomlanadi. Uchinchi maqolatga ilova qilingan «Shoh G’oziy» hikoyatini olaylik. Ma`lumki bu maqolatda adolatsiz shohlar, zo’ravon amaldorlar hamda ularning el-yurtga qarshi qaratilgan faoliyatlari ayovsiz fosh etiladi. Butun maqolat zamirida adolat va xalqparvarlik ulug’lanadi. Hamda odil, insofli hukmdor masalasi tashviq qilinadi. Maqolatga ilova etilgan «Shoh G’oziy» hikoyatida esa xuddi shunday odil shoh obrazi chiziladi. Hikoyat garchi tarixiy shaxs Sulton Husayin Boyqaro nomi bilan bog’liq bo’lsa-da aslida, xalq ertaklarini eslatadi. Shaharni sayr qilib yurgan H.Boyqaroning etagini bir kampir tutib, qozi yoniga olib keldi. Urush yillarida yagona o’g’lini o’ldirganini aytadi. Qozi - adolat timsoli. Ikki guvoh oldida hukm chiqarishini aytadi. O’g’li xuni evaziga yo bosh, yo zar-oltin olishni hukm qiladi. Kampir xalq orasida «Zoli zar» - «Tilla kampir» laqabi bilan shuhrat qozonadi.Navoiy ijodida bunday misollarni ko’plab uchratish mumkin.