4. Said Olimxon hukmronligi davrida Buxoro madrasalari faoliyati Buxoroda qadimdan ilm-fan rivojlangan. Bu shaharni bejizga “ilm bog’chasi” deyishmagan. Buxoroda olim, fozil, solih odamlar ko’p bo’lgan. Tarixi mullozoda asarida uni “Qubbat ul-islom” deb aytilgan. Buxoro Shahrini “Baldat ul-omon” (Tinchlik Shahri) hamda “Foxira” (faxr etuvchi) deb ham ataganlar. Bu yerda aziz avliyo va ulug’lar ko’p bo’lgan. Tafsir, hadis, fiqh, kalom, usul, sarf va nahv ilmlaridan iborat bo’lgan shariat ilmlari rivojlangan. Biroq riyoziy va siyosiy ilmlar azaldan ham bu shaharda keng tarqalmagan. Shuning uchun Buxoro davlatining siyosati boshqa islomiy davlatlar singari orqada qolgan edi.
Buxorodagi madrasalarning soni to’g’risida ham turli xil ma’lumotlar uchraydi. Muhammad Ali Baljuvoniy “Tarixi nofeiy ” asarida 400 ta madrasa borligini, shundan 79 tasini nomini yozib qoldirgan. Shu bilan birga Buxoro shahrida 13 ta kitobxona, 96 ta qorixona (qiroat xona) va maktabxona faoliyat ko’rsatganligi bayon qilingan. Buxoroning oxirgi qozi kalonlaridan biri bo’lgan Sadri Ziyo (Sharifjon Maxdum) XX asr boshida Buxoroda 204 ta madrasa borligi to’g’risida ma’lumot bergan. L.I.Rempel esa Buxoroda 170 ga yaqin madrasa bo’lgani to’g’risida ma’lumot bergan. Feninning Buxoro shahri rejasida va ko’rsatkichlarida, 185 ta madrasa ko’rsatilgan.
XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Xivada 132 madrasa, Qo’qonda 182 madrasa faoliyat ko’rsatgan bo’lsa, Buxoroi Sharifda 400 ta maktab va masjid, 350 madrasa faoliyat ko’rsatgan. Abdurauf Fitrat o’zining “Hind sayyohining qissasi” asarida 1913-yilga kelib, Buxoroda 200 ta oliy, o’rta va quyi bo’g’indagi madrasa bo’lganini yozib qoldirgan. Shu bilan birga 37760000 tanga hisobida vaqf mablag’i bilan ta’minlangan 72 madrasa nomini keltirgan. Xuddi shu ma’lumotlarga qo’shimcha va solishtirish maqsadida shu davr madaniy hayoti to’g’risida yozilgan boshqa asarlardan misollar keltiramiz. Jumladan Said Olimxonnig Afg’onistonda tug’ilgan va keyinchalik Turkiyada yashagan o’g’li Sayid Mansur Olimiyning “Buxoro-gahvorai Turkiston”(Buxoro-Turkiston beshigi) asarida quyidagi ma’lumotlarni keltirilgan: ”Amir Sayid Olimxon hukmronlik davrining oxirlarida Buxoro shahrida 100 ta mavjud edi. Go’zal va naqshinkor bu imoratlar to mang’itlar sulolasining oxirgi davrlarigacha mavjud bo’lib, lekin kommunistlar davrida bir qancha masjidlar, madrasalar va ilm maskanlari buzib tashlangan.
Buxoro islom dinining markazi bo’lgan. Buxoro Shahriga odamlar ilm olish uchun nafaqat Buxoro amirligidan, balki O’rta Osiyo, Orenburg, Qozon va hatto Qirmdan ham kelgan. Buxoroda ilm-fan rivojida madrasalar alohida o’rin tutgan. O’rta asrlarda Buxoroda yetuk olim va fozil kishilar yetishib chiqgan. Aynan shu narsa Buxoroning dovrug’ini dunyoga tanitgan edi. Lekin XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida Buxoroda ilm-fan ham biqiqlikka uchradi, davlatda jaholatparastlik, sxolastika, qoloqlik avj olgan edi. G’arb va Rossiyada allaqachon eski feodal tartiblar yemirilib, ishlab chiqarish va sanoatda inqiloblar bo’lib, yangi kapitalizm davriga o’tgan edi. Ilm-fanda dunyoviy ilmlar yetakchi bo’lib, texnika, neft kimyosi, fizika, metallurgiya kabi yangi fanlar yuzaga kelgan edi. Eng asosiysi dunyoda kuchlar muvozanati o’zgarayotgan, bo’lingan dunyoni qaytadan bo’lib olish siyosati kechayotgan edi. Amirlikda diniy fanlar rivojlangan, lekin dunyoviy fanlar ancha orqada qolayotgan edi. O’qitish tizimi o’rta asrlar tizimi asosida olib borilar, bu zamonaviy kapitalistik dunyo uchun to’g’ri kelmas edi. Madrasalar uchun juda katta vaqflar ajratilgan, lekin bu mablag’lar mudarris yo madrasada tahsil olayotgan mullabachchalarga emas, balki boylar, sudxo’rlar, amaldorlar qorni uchun ketardi. Madrasalarda o’qitish tizimi asosan quruq yodlash, sxolastika va mutaassib jaholatparastlikka asoslangan edi. Mavjud ijtimoiy inqirozni chuqur his etgan ziyoli insonlar – jadidlar bu tuzumni o’zgartirib, islohotlar o’tkazish uchun kurash olib bordilar. Jadidlar mavjud tuzum sharoitida davlatni isloh qilishning birdan-bir yo’li bu dunyoviy fanlarni yoshlar ongiga singdirish, yangicha ta’lim tizimini joriy etish deb bilganlar. Amir va mutaassib mullalarning qattiq qarshiligiga uchragan hur fikrli jadidlar, amir tuzumini ag’darib, yangicha, davlat qurmoqchi bo’lganlar. Ular hech qachon yagona musulmon davlatini qurish yoki biron –bir musulmon davlatiga qo’shilmoqchi ham bo’lmaganlar. Ular o’z maqsadlarini o’zlarining fikrlari, dunyoqarashlariga asoslanib, ijtimoiy, diniy, odob-axloq normalari va prinsplariga tayangan holda amalga oshirmoqchi bo’lishgan. Bu ma’rifatparvarlarga Muhiddin Mansurov, Fayzulla Xo’jayev, Abdurauf Fitrat, Sadriddin Ayniy, Sharifjon Maxdum, Muso Saidjonovlarni aytish mumkin. “Tarixi nofeiy ” asarida Buxorodagi mavjud boshqaruv va ta’lim tizimi to’g’risida ma’lumot berilgan bo’lib, unda “Buxoro xalqi aslida ozodalik, andishalik, himoyasizlik bilan tanilgan va mashhur bo’lgan. Unda Buxoro nega xoru-zor bo’ldi? Ilmsizlikdan, ya’ni Buxoroda siyosat ilmiga umuman yo’l bermaganliklaridan”.
Ta’lim tizimini isloh qilishda bir qator ma’rifatparvar olim Sh.Marjoniy, G’ijduvonlik domla Fozil, Mo’min Xo’ja Bobqandiy va Mulla Xudoyberdi Boysuniy hamda boshqa muddarislar turar edilar. Ular keraksiz darslarni olib tashlash, maktab va madrasalarni isloh qilish, o’qish-o’qitishda yangiliklarni joriy etishdan iborat edi. Yuqorida tilga olingan islohotchilarning dasturida 6 ta masala keng o’rin olgan bo’lib,ular quyidagilarni o’z ichiga oladi:
1.Qur’oni karimdagi har qanday diniy masalalarni kishilar tushungan holda erkin fikr yuritsinlar.
2. Birovning birovga ko’r-ko’rona ergashishi qat’iyan man qilinsin.
3. Madrasalarda o’qitiladigan xoshiya va sharq kabi quruq mazmunga ega bo’lgan va madrasa talabalari uchun foydasiz bo’lgan hamda ularning 8-10 yil vaqtini bekorga oluvchi darslar jadvaldan olib tashlansin.
4. Madrasalarda Qur’oni sharif va xadislarning tarjimalari va islom tarixi kabi darslar o’tilsin.
5. Arifmetika, tarix, jug’rofiya, tabobat, xandasa, mantiq, falsafa va boshqa dunyoviy fanlarni o’tishga qarshilik ko’rsatilmasin.
6. Musulmonchilikni Muhammad payg’ambar davridagi qadimgi islom madaniyatiga qaytarish.
Bu fikrlar bilan maydonga chiqish, erkin fikrlarni targ’ib qilish oson ish emas edi, albatta. Asrlar davomida tomir otgan ko’pgina tartib asoslariga qattiq zarba bo’lib tushar edi. Shu boisdan bunday chiqishlar “shakkoklik” hisoblanar edi, og’ir jazo va shafqatsizlik kutar edi. Mulla Xudoyberdi Boysuniy buni bilar va safdoshlari bilan shunga tayyor edi. Ko’rinadiki, Mulla Xudoyberdi va uning safdoshlari dadil, jasur va shijoatli, qo’rqmas bo’lganlar. Amirning qattiq qarshiligiga duch kelgan Mulla Xudoyberdi Boysuniy, domla Fozil G’ijduvoniy, Mo’minxuja Bobkandiy zindonga tashlanib, og’ir jazoga duchor bo’ldilar. Marjoniy esa Buxoroni tashlab Qozonga ketishga majbur bo’ldi. Zindonga tashlangan Mulla Xudoyberdi va uning safdoshlariga amirning buyrug’i bilan orqalariga 75 darra urilgach, ular majbur qilinib, tavba qildirildi va bunday ishni davom ettirmaslik uchun qasam ichishga majbur qilindi. Ish shu bilan tugadiki, ular muddarislikdan butunlay chetlashtirildi. Bundan tashqari yosh buxoroliklar ham ta’lim tizimini isloh qilishga harakat qilishgan.
“Tarixiy nofeiy ” asarida Buxorodagi madrasalar va uning o’qitish tizimini yoritib bergan. Lekin madrasalardagi ahvol, o’qitish tiziminig darajasi to’g’risida tanqidiy baho bermagan. Bunga sabab muallifning o’zi ham zamonaviy bilimlar, siyosat fani to’g’risida ko’p tushunchaga ega bo’lmaganidan yoki asarni yozish uchun iltimos qilgan yoru birodarlarining amir hukumati tarafdorlari bo’lganidan Shundaymi buni bilmadik. Lekin Buxorodagi madrasalarning soni, mudarrislarning darajalari to’g’risidagi fikrlari diqqatga sazovor. Shuni ham ta’kidlash lozimki, XX asr boshida ilm va fan bobida boshqa o’lkalarga qaraganda Buxoroning imkoniyatlari kengroq bo’lgan. Buxorodagi madarasalarda ta’lim oluvchilarning ko’pchiligi Ufa, Qozon, Troitsk, Orenburg, Oqmachitlik savdogarlarning va Urgench, Marvlik va boshqa boylarning farzandlari bo’lgan. Amirlikning Ko’lob, Baljuvon, Qorategin, Darvoz, Hisor, Shaxrisabz tumanlaridan madrasalarda ta’lim olishgan.
Madrasalarda ta’lim taxminan 20 yil davom etgan. Dastlabki uch-to’rt yillik ta’limdan so’ng mullobachcha- mudarris mansabini olgan. Keyingi ikki - uch yilda dahyak mansabini olgan. Dahyakka erishganlar stipendiya olganlar. Uning miqdori 120 tanga bo’lgan.
Madrasalar “a’lo”, “avsat”(o’rta), “edini”(quyi)larga bo’lingan. Ularda 10 mingga yaqin mullobachcha, mudarris va imomlar faoliyat olib borgan. “Tarixi nofeiy ”da keltirilishicha Buxoroda taxminan uch-to’rt ming talaba o’qigan. Dars beruvchi mudarrislarning soni taxminan 800 nafar bo’lgan. Buxoroi sharifning a’lo darajali mudarrislariga ehson-qozi ul-quzzot, ehson-raisi kalon, ehson-shayx ul-islom, ehson-oxun, ehson-a’lam va ehson-muftiy askarlar kirgan. Bundan tashqari, shariat fatvolari sohasidan dars beruvchi muftiylar ham bo’lgan. Ularning soni 22 nafar bo’lgan. Ular a’lo va avsatlar bo’lib, o’rta darajali mudarrislarga bo’linganlar. Bu muftiylar o’roqlik mansabiga erishishi mumkin bo’lganki, u eshik og’aboshi amali darajasiga teng kelgan, shu bilan birga sudurlik, sadrlik, shayx ul-islom, naqiblik, miri asadlik mansablariga ham yetishganlar.
“Tarixi nofeiy ”da keltirilishicha madrasada ma’lum vaqt ta’lim olgach “Hidoyai sharif”ni o’qib tugatishlari bilan amir buyrug’iga ko’ra dahyak (ushr) berilgan. Agar tolibi ilm tahsili ilmda peshrav bo’lsa yoki bundan ham ko’p bilimlarga ega bo’lgan bo’lsa, “Hidoyai sharif”dan o’qitib , imtihon qilib dahyak (stipendiya) berganlar, mansabdor qilganlar. Dahyakdor mansabiga ega bo’lish Buxoroning islomiy qonunlaridan biri bo’lgan.
Mudarrislarning yana bir jamoasi – “banoraspo’sh” - (banoras kiyinadigan)lar bo’lgan, banoraspo’shlikdan chiqqanlari muftiy mansabiga erishganlar. Ular taxminan 200 nafar bo’lgan. Bularni yana “avsata tadrisi” - o’rta mudarrislar ham deyishgan. Yana bir guruh – “asfal tadrisi” (past darajadagi) mudarrislar hisoblangan. Ularni “beqasabpo’sh”lar deyishgan. Yana imom, mudarris va shunga o’xshashlari ham borki, ularning soni uch yuzdan ko’proq bo’lgan. Madrasa, masjid, maqbara, maktabxona va qorixonalarning har biriga vaqf tayinlangan. Madrasalarning hujralarida oldi-sotdi ham qilingan. Ammo podsholik madrasalari(hujralari)ning oldi-sotdisi man qilingan. Buxoroda xalq ta’limi mullalar qo’lida bo’lgan. Orenburgda chiqgan “Sho’ro” gazetasining ma’lumotiga ko’ra Buxorodagi Ja’farxo’ja madrasasiga eng ko’p (250 ming tanga) vaqf daromadi tushgan. Undan keyin Gavkushon, Ko’kaldosh, Jo’ybor, Mir-Arab, Tursunjon va boshqalari egallagan. Vaqflarning ko’pligi madrasaning katta- kichikligida emas, balki shu madrasalarda xizmat qiladigan eshon, oxund, a’lamlarning qanday obro’ va mavqega ega ekanligida bo’lgan. Chor Rossiyasi bosqini arafasida madrasalarning vaqfdan oladigan foydasi to’rt million yetti yuz qirq to’qqiz (4749000) ming tangani tashkil etgan.
Sayid Mansur Olimiyning “Buxoro–Turkiston beshigi” asarida ham madrasalardagi vaqf daromadi miqdori ko’rsatilgan. Madrasalardagi vaqf daromadlari paylarga bo’lingan. Paylarning bir qismi masjidda ishlaydiganlarga, qolganlari esa hujra egalariga tekkan. Asosiy daromad hujra egalariniki bo’lgan. Hujralarni sotib olish mumkin bo’lmagan, lekin tijoratchi va boylar buni yo’lini topib, hujradagi buyumlar (chelak, supurgi va hokazolar)ni sotib olishgan va shu hujjat bo’yicha hujraga egalik qilishgan. Rempelning ma’lumotiga ko’ra madrasada ta’lim oktabrdan boshlangan. Bu vaqtda qish uchun - yog’, guruch, tuz, quruq choy, kerosin, shag’am, sovun, ko’mir va o’tin g’amlab qo’yilgan. Ular har bir hujrada alohida saqlangan.
Sadriddin Ayniy bergan ma’lumotga ko’ra madrasada ta’lim mezon (22 sentabr) oyidan boshlanib, hamal (22 mart) oyigacha davom etgan. Sadriddin Ayniy madrasadagi o’qitish tizimi to’g’risida ma’lumot berarkan, madrasadagi o’qitish tizimi eskirgan bo’lib, 4 – 5 asrdan beri bir xil programma asosida olib borilayotganligini, 20 yillik programmani 4-5 yilda o’qish mumkinligini ham aytgan. Buxoroning Miri Arab madrasasida o’qigan Sadriddin Ayniy Buxoro madrasalaridagi o’qitish tizimi to’g’risida quyidagi fikrlarini bildiradi: ”Buxoro madrasalarini bitirgan ayrim kishilargina savodli bo’lib chiqishardi. Bunaqa insonlar kamdan-kam bo’lib, sho’rxokli sahroda o’sgan mevali daraxtga o’xshaydi. Ular quruq safsataga asoslangan bahslarda, o’qitish programmasini quruq yod olganida emas, balki o’zlarining bilimi, boshqalardan farqli qobiliyati va qunt bilan o’z ustida ishlashi natijasida bilimga ega bo’ldilar”.