Sadriddin Ayniy (1878–1954).Tojik sho’ro adabiyotining asoschisi, sho’ro davri o’zbek milliy adabiyotining shakllanishiga ulkan hissa qo’shgan atoqli adib, zakovatli olim, donishmand ustoz va fidokor jamoat arbobi Sadriddin Ayniy Buxoro amirligiga qarashli G’ijduvon tumanining Soktare qishlog’ida 1878-yilning 15-aprelida dunyoga keldi. Olti yoshidan maktabga qatnay boshlagan Sadriddin 1890-yilda Buxoroga kelib Mir Arab, Badalbek, Olimxon madrasalarida ta’lim oldi, madrasani tugatgach, yangi usul maktablarida muallimlik qildi.
Sadriddin Ayniyning adabiy faoliyati o’tgan asrning 90-yillarida she’rlar yozish bilan boshlangan bo’lib, uning birinchi asari “Guli surx” (“Qizil gul”) 1897-yilda yaratilgan edi. Shundan so’ng maktablar uchun “Tahsib us-sibiyon” (“Bolalar tarbiyasi”) nomli o’qish kitobini (1909) tuzib nashr ettirdi.
1917-yil fevral inqilobi ta’siri natijasida O’rta Osiyoning turli shaharlarida istiqlolchilik harakatlari boshlanib ketdi. S. Ayniy amirlikka qarshi kurashgani uchun uni zindonga tashlaydilar. U Oktyabr to’ntarishi yillarida o’zbek va tojik tillarida inqilobiy she’rlar, marshlar yaratadi. Shoir “Inqilob uchqunlari” (1923) to’plamidagi “Ozodlik qo’shig’i”, “Oktabr inqilobi”, “Baynalmilal marshi”, “Birinchi may” kabi jangovar marshlarida mehnatkash xalqni kurash va mehnatga, do’stlik va birodarlikka chaqirdi. Bundan tashqari adabiyot sohasida “Namunai adabiyot tojik” asarini ham yozgan. Yozuvchi hajviy usulda yozgan “Buxoro jallodlari” (1922) qissasida amir-amaldorlarning dahshatli jabr-zulmi, gunohsiz kishilarni o’rta asr qiynoqlari bilan qatl etishlarini fosh etgan bo’lsa, “Odina” (1927) qissasida mehnatkash xalqning og’ir qismati va mash’um hayotini jonli tasvirlab berdi. Ayniyning o’zbek tilida yozgan “Qullar” romani 1934-yilda Toshkentda o’zbek tilida, 1935-yilda Dushanbeda tojik tilida nashr qilindi. “Qullar” romani xalqchil asar bo’lib, uning bosh qahramoni tarixni harakatga keltiruvchi kuch – xalq va uning sodiq farzandlaridir. Tarixning ma’lum bir bosqichini qamrab oluvchi bu roman xalq tarixini, uning hayotini va kurashini realistik aks ettirgan. Biroq «Qullar» romanining so’nggi beshinchi qismidagi jamoa xo’jaligi qurilishi yillari tasvirida chetga chekinish ham yo’q emas. Chunki romanda faqat bu davrning ijobiy tomonlarigina bo’rttirib ko’rsatilgani holda kollektivlashtirish siyosati tufayli necha o’n minglab begunoh kishilarning qatag’onlikka uchraganligi haqida lom-mim deyilmaydi. Shu jihatdan S. Ayniy ma’lum ma’noda tarixiylikdan chekinganligi seziladi.
Ayniyning “Sudxo’rning o’limi” (1937) qissasidagi asosiy qahramon Qori Ishkamba jahon adabiyotidagi Plyushkin yoki Gobsek kabi klassik obrazlar bilan bir qatorda turuvchi yangi obrazdir. Ulug’ Vatan urushi yillarida Ayniy “Marshi intiqom”, “Muqanna qo’zg’oloni”, “Temur Malik” kabi vatanparvarlik ruhidagi ilmiy-badiiy asarlarini ijod qildi. U xalq ijodi romantikasi va fantaziyasidan, folklor obrazlaridan keng foydalangan holda “Yetti boshli dev” asarini yaratdi. Urushdan keyingi tinch qurilish yillarida yaratgan asarlari orasida to’rt tomlik “Esdaliklar” (1949–1954) ajralib turadi. Asarning 1951-yilda chon etilgan “Buxoro” kitobi Ittifoq Davlat mukofotiga sazovor bo’ldi. S. Ayniyning “Buxoro”, “Sudxo’rning o’limi” hamda “Doxunda”, “Qullar” romani bolgar, nemis, polyak, venger, xitoy, fransuz, rumin, hind, chex va boshqa tillarga tarjima qilingan.
S.Ayniy o’zbek va tojik adabiyoti tarixi yuzasidan katta ilmiy tadqiqot ishlarini olib bordi. Uning O’rta Osiyolik buyuk shoir va olimlar – Rudakiy, Sa’diy, Ibn Sino, Vosifiy, Bedil, Alisher Navoiy, Ahmad Donish kabi siymolar haqida yozgan ilmiy asarlari nihoyatda qimmatli. U filologiya fanlari doktori darajasini olishga muyassar bo’ldi. Adib O’zbekiston Fanlar akademmyasining faxriy a’zosi hamda Tojikiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi qilib saylandi, bir necha yillar davomida Alisher Navoiy nomidagi Samarq;and Davlat dorilfununining professori va Tojikiston Fanlar akademiyasining tashkil topgan kunidan boshlaboq uning prezidenti sifatida xizmat qildi. U 1954-yilning 15-iyulida Dushanbe Shahrida vafot etdi.