Kriz holatiga olib keladigan bevosita omillar quyidagilar hisoblanadi:
ruhiy emotsional stressli vaziyatlar, jismoniy zo‘riqish, markaziy asab
tizimining gipoksiyasi (miyaning ortostatik gipoksiyasi, havosi buzilgan
binolarda bo‘lish va b.); atmosfera va fizik omillar ta’sirida (atmosfera
bosimining keskin o‘zgarishi, havo namligining ortishi va haroratning pa-
sayishi, quyosh radiatsiyasi faolligining o‘zgarishi, atmosfera havosining
ifloslanishi, vibratsiya, elektromagnit nurlanishlari va b.); gipotenziv dori-
darmonlarning birdaniga to‘xtatib qo‘yilishi (gemiton, dopegit va b.).
Klinik ko‘rinishi. Gipertonik kriz serebral, kardial va vegetativ
xususiyatga ega buzilishlar bilan namoyon bo‘ladi. Tashxis bemorning
bosh og‘rig‘iga (pulslanuvchi va doimiy), bosh aylanishi, shuningdek
serebral simptomatik belgilarning – ko‘ngil aynishi, qusish, ko‘rish
funksiyalarining buzilishlari namoyon bo‘lishi asosida qo‘yiladi.
Gipertonik kriz ko‘pchilik hollarda to‘satdan boshlanadi va jo‘shqin
kechadi. Hozirgi davrda gipertonik krizni ikki turga bo‘lishadi. Birinchi
ko‘rinishdagi krizda yuqorida sanab o‘tilgan simptomlar va gipertoniya
kasalligining boshlang‘ich bosqichlariga xos belgilari bo‘ladi
(A. L. Myasnikov tavsifi buyicha 1 va 2-bosqichlari).
Ikkinchi ko‘rinishdagi krizlar ancha og‘irroq serebral simptomlar
bilan kechadi: bemorlar befarqroq, ba’zan hushini yo‘qotib turadi, boshi
kuchli og‘riydi, boshi aylanadi, qusadi, ko‘z oldida jimirlashlar hosil
bo‘lishi natijasida ko‘rishi buziladi, yorug‘likni ajrata olmay qoladi va
vaqtinchalik ko‘rlik kelib chiqishi mumkin.
Klinik ko‘rinishlari bo‘yicha krizlar serebral va kardial, shuningdek
aralashgan serebrokardial ko‘rinishlarga bo‘linadi.
Krizlarni asoratli va asoratsiz ko‘rinishlarga bo‘lish maqsadga
muvofiqdir. Odatdagi simptomatikaga regionar (organlarning) qon
aylanishining buzilishi belgilari qo‘shilsa, bu asoratli gipertonik krizlarga
kiradi. Krizning avjida unga o‘pka shishi qo‘shilsa, bu gipertonik krizga
chap qorincha yetishmovchiligi asorati qo‘shilganligidan dalolat beradi.
Krizga o‘ziga xos og‘riq qo‘shilsa, EKGda o‘choqli simptomatika
bo‘lmasa, bu stenokardiyali asorat, og‘riq sindromi EKGda o‘choqli
patologiya bilan namoyon bo‘lsa, o‘tkir karonar yetishmovchiligi
(miokard infarkti)dan dalolat beradi.
Agar uzoq davom etgan krizda umumiy miya simptomatikalari bilan
lokal (o‘choqli) nevrologik simptomatikalar (sezgining buzilishlari,
falajlik va b.) kuzatilsa, gipertonik krizning o‘tkir miya-qon tomirlari
yetishmovchiligi asoratlari to‘g‘risida o‘ylash kerak.
Gipertonik krizlar bilan og‘rigan bemorlarni bunday ko‘rinishlarga
bo‘lishdan maqsad, ularni maxsuslashtirilgan statsionarlarda (kardiologik,
asab kasalliklari) davolash lozimligini ko‘rsatadi.
Dostları ilə paylaş: