Yurak ritmining o‘tkir buzilishlari Yurakning eng muhim funksiyalaridan biri avtomatizm funksiyasi,
boshqacha qilib aytganda, chastotali elektrik impulslar ishlab chiqarish
qobiliyati bo‘lib, u organizm ehtiyojlariga mos kelishi kerak. Yurakning
maxsus tuzilmalari elektr impulsini ma’lum tezlikda o‘tkazish qobiliyatiga
ega bo‘lib, norma bo‘yicha odamda to‘g‘ri sinusli ritm saqlanganda
minutiga 60–90 ta yurak urishini tashkil etadi. Qandaydir sabablar bilan
yurakning o‘tkazuvchi tizimida normal funksiyaning buzilishlarida
uzilishlar kelib chiqadi va bu narsa aritmiya deb ataladi.
Ekstrosistoliya – yurakning muddatidan avval qisqarishi. Ekstro-
sistoliya mavjudligini pulsni va yurakni tekshirib aniqlash mumkin. Kasal
o‘zini xuddi yuragi to‘xtab qolgandek his qiladi va undan keyin kuchli
turtki sezadi. Uzilishlar uzoq davom etsa, bosh aylanishi, madorsizlik,
ko‘rishning xiralashishi (ko‘z oldi qorong‘ilashishi, ko‘ngil aynishi)
kuzatiladi.
Qat’iy tashxis EKG asosida qo‘yiladi.
Kechiktirib bo‘lmaydigan yordam: ko‘pchilik hollarda ekstrosistoliya
uchun shoshilinch davo talab qilinmaydi, uzoq va tez-tez kuzatiladigan
xurujlarda kasalni shifoxonaga yuborish kerak. Agar ekstrosistoliya
miokard infarkti gipertonik kriz fonida yuzaga kelib, turg‘un ahamiyat
kasb etsa, quyidagi chora-tadbirlarni qo‘llash kerak:
1) maxsus kardiologik brigada yoki «tez yordam» mashinasini
chaqirish lozim;
2) ichishga 50–80 tomchi valokardin yoki 50–80 tomchi korvalol
beriladi;
3) bemorni zambilga yotqizib, kardiologik statsionarga yotqizish
uchun jo‘natiladi.
Tebranma aritmiya amaliyotda ancha ko‘p uchraydi. Doimiy, ko‘pdan
davom etib kelayotgan va paroksizmal, kutilmagandagi xuruj ko‘rinishida
yuzaga keladigan turlari farqlanadi. Kasallik yurakning tartibsiz qisqarish
faoliyati bilan tavsiflanib, puls aritmiyasi, uning notekis to‘liqligi va
defitsiti bilan ifodalanadi. Tashxis EKG tekshirishlari bilan tasdiqlanadi.