O‘zbekiston respublikasi ichki ishlar vazirligi a k a d e m I y a a. V. Narbekov dinshunoslik asoslari toshkent



Yüklə 489,79 Kb.
Pdf görüntüsü
səhifə12/49
tarix23.05.2023
ölçüsü489,79 Kb.
#120147
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   49
c1ac7a2db35cc9d043f33d38d301475b Dinshunoslik asoslari o`quv qo`llanma

Qadimgi Misr diniy tizimi 
Ikki daryo oralig‘i diniy tizimining paydo bo‘lishi bilan bir vaqtda 
Qadimgi Misr diniy tizimi rivojlangan. Iqtisodiy turmushi o‘zaro yaqin 
bo‘lgan bu ikki xalq ijtimoiy-siyosiy tizimi, dinlarining ijtimoiy hayotdagi 
o‘rni va ahamiyati jihatidan bir-biridan keskin farq qiluvchi madaniyatni 
vujudga keltirgan. 
Qadimgi Misr xo‘jaligining o‘ziga xosligi diniy tizimning shakl-
lanishiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Bu yerda sun’iy sug‘orishga asoslangan 
qishloq xo‘jaligi, murakkab irrigatsiya inshoatlarini qurish va ish holatida 
saqlab turish uchun aholi kuchini davlat miqyosida birlashtirish va uning 
negizida yagona xo‘jalik tizimini vujudga keltirish talab qilingan. 
Miloddan avvalgi IV ming yillikning oxirlari – III ming yillikning 
boshlarida iqtisodiy zarurat ta’sirida Nil vohasi yagona markazga 
birlashtirilgan. 
Markazlashgan davlat boshlig‘i fir’avn deb atalgan. Fir’avn chek-
lanmagan siyosiy hokimiyatga ega bo‘lgan va uning shaxsi ilohiylashtirilib
xudo darajasiga ko‘tarilgan. Qadimgi misrliklar fir’avnni xudoning yerdagi 
timsoli (yerdagi xudo) deb bilganlar. Fir’avn xudo Amon Raning yerdagi 
ayol bilan muqaddas nikohi natijasida tug‘ilgan xudo sifatida ulug‘langan. 
Odamlar unga ziyon yetkazishdan qo‘rqib, hatto ismini ham tilga 
olmaganlar. «Fir’avn» atamasi istiora so‘z bo‘lib, katta uy, buyuk uy degan 
ma’nolarni anglatadi. 
Davlat boshlig‘i shaxsining ilohiylashtirilishi kohinlarning 
jamiyatdagi mavqeini mustahkamlagan. Ular ruhoniylik bilan birga 
markaziy va mahalliy davlat hokimiyatining amaldori, sud ishlarini 
bajaruvchi mansabdor shaxs, munajjimlik, me’morlik, murabbiylik singari 
dunyoviy ishlarni bajarganlar. Ruhoniylar jamiyatda alohida imtiyozlarga 
ega toifani tashkil etib, hokimiyatni egallash uchun hatto fir’avn va uning 
vorislari bilan ham raqobat qilganlar. 
Qadimgi misrliklar qudratli xudolar, g‘ayritabiiy kuchga ega 
mavjudotlar, tabiat kuchlari va hayvonlarga sig‘inganlar. Diniy tizim 
qo‘shni xalqlar xudolarining qabul qilinishi hisobiga ham kengayib 
borgan. Har bir shahar va qishloq aholisining sig‘inadigan mahalliy xudosi 
bo‘lgan. Ularga bag‘ishlab ibodatxonalar qurilgan, qurbonliklar qilingan, 
diniy bayram va marosimlar o‘tkazilgan. 
43


Qadimgi Misrning shahar-davlatlari yagona markazga birlashti-
rilganidan keyin umumdavlat ahamiyatiga ega xudolar guruhi vujudga 
kelgan. Guruhga bosh xudo rahbarlik qilgan. Bosh xudo sifatida Quyosh 
xudosi – Amon Ra tan olingan. Miloddan avvalgi III ming yillik 
oxirlaridan boshlab Fiva shahrining homiysi Amon Raning bosh xudo 
sifatidagi mavqei yanada mustahkamlangan. 
Qadimgi Misrda umumdavlat xudolariga sig‘inishning vujudga kelishi 
to‘g‘risida turli diniy ta’limotlar mavjud. Ular orasida Geliopol maktabining 
ta’limoti alohida ahamiyatga ega. Unda to‘qqizta umumdavlat xudosi haqida 
hikoya qilinadi. Ushbu ta’limot «yenneada» deb ataladi. Unga ko‘ra, dastlab 
ibtidoiy ummon timsoli sifatida Nun mavjud bo‘lgan. Nundan abadiyat 
xudosi – Atum ajralib chiqqan. Atum qanotli ilon qiyofasida tasvirlanadi. U 
xudolar – Shu va Tefnutlarni yaratgan. Ulardan xudolar – Geb va Nut 
tug‘ilgan. Keyinchalik havo xudosi – Shu osmon ma’budi Nutni yer xudosi – 
Gebdan ajratgan. Geb va Nut nikohidan o‘lib-tiriladigan tabiat timsoli, narigi 
dunyo xudosi – Osiris, hosildorlik, suv va shamol ma’budi – Isida, o‘lgan 
odamlar ruhiga homiylik qiluvchi ma’bud – Neftida, cho‘l xudosi – Set 
tug‘ilgan. Umumdavlat xudolariga dastlab Atum rahbarlik qilgan. Lekin 
hokimiyatga da’vogarlik qiluvchi xudolar bilan raqobatda u quyosh xudosi 
Ra (Amon Ra)ga yengilgan. Miloddan avvalgi III ming yillikning oxiri – II 
ming yillikning boshlarida Ra o‘z hokimiyatini yanada mustahkamlagan. 
Memfis shahri maktabining kosmogonik (grekcha kosmogonia – 
dunyoning paydo bo‘lishi degan ma’noni anglatadi) ta’limotiga ko‘ra, Ptax 
(yaratuvchi xudo, Memfisda o‘liklar xudosi sifatida ulug‘lanadi, u 
mumiyolangan odam qiyofasida tasvirlanadi) borliqni va barcha xudolarni 
yaratgan. Ptax borliqni so‘z va ijodiy qobiliyati yordamida yaratadi, deb 
hisoblangan. Ilohiy iroda uning yuragida paydo bo‘lgan. Xristianlikda ham 
borliqning vujudga kelishi to‘g‘risida shunga o‘xshash ta’limot mavjud. 
Havariy (apostol) Ioanning yevangeliyasida xudo borliqni so‘z orqali 
yaratganligi qayd etilgan. 
Qadimgi misrliklar xudolarni qudratli va qasoskor g‘ayritabiiy 
mavjudotlar deb bilganlar. Odamlar xudolarga xizmat qilish uchun 
yaratilgan, agar ular o‘z burchlarini unutsalar yoki ularni sidqidildan 
bajarmasalar, xudolarning g‘azabiga duchor bo‘ladilar, deb hisoblangan. 
Shu bois davlat xazinasi va fuqarolar shaxsiy daromadining juda katta 
qismi xudolarga bag‘ishlangan, ya’ni ibodatxonalar qurilishi, qurbonliklar 
va boshqa ko‘plab diniy marosimlarni bajarishga xarajat qilingan. 
Masalan, fir’avn Xufuning maqbara (piramida)si miloddan avvalgi XXVII 
asrda yuz mingdan ortiq kishilar tomonidan 20 yil davomida qurilgan.
44


Xudolar totemizm ta’sirida dastlab asosan xo‘jalikda foydalaniladigan 
uy hayvonlari qiyofasida tasvirlangan. Keyinchalik diniy ta’limotning 
takomillashib borishi bilan ular odam yoki yarim odam, yarim hayvon 
qiyofalarida tasvirlangan. Masalan, Osiris, Isida, Xator kabi xudolar odam 
qiyofasida, Gor burgut boshli odam, Set xo‘tik boshli, Tot laylak boshli 
mavjudot qiyofalarida tasvirlangan. 
Diniy qarashlarda totemizm bilan birga animizmning ta’siri kuchli 
bo‘lgan. Bu o‘lgan odamlarni ko‘mish marosimida yaqqol namoyon 
bo‘lgan. Rivoyatlarda aytilishicha, odamning ruhi o‘lmaydi. Insonda «Ka» 
va «Ba» ruhlari mavjud. Ular turli vazifalarni bajaradilar. «Ka» ruhi odam 
vafot etganidan keyin jismda qoladi. «Ba» ruhi esa tanani tark etib, narigi 
dunyoda safarini davom ettiradi va oxir-oqibatda ilgarigi jasadga qaytib 
keladi. Shundan keyin odam qayta tiriladi va abadiy rohat-farog‘at 
hukmron bo‘lgan ilohiy jamiyatda hayotini davom ettiradi.
Odamning qayta tirilishi uchun bir qator vazifalarning hal etilishi talab 
qilingan. Birinchi navbatda «Ka» ruhini tanada saqlab qolish kerak 
bo‘lgan. Buning uchun marhumning jasadi mumiyolangan. Agar mumiyo 
vaqt va tabiat kuchlarining ta’sirida chirib ketsa, qo‘shimcha vosita sifatida 
qabrga kishining tasviri chizilgan yoki haykali qo‘yilgan. «Ka» ruhining 
tanada saqlanib qolishi «Ba» ruhining narigi dunyoda xudo bilan savol-
javob va turli xavf-xatarlardan muvaffaqiyatli o‘tishiga yordam beradi deb 
hisoblangan; ikkinchidan, «Ba» ruhi narigi dunyoda kishining tirikligida 
qilgan ishlari uchun xudo oldida javob beradi deb hisoblangan. Bundan 
o‘ta olmasa ruhni ajdaho yutib yuborgan, oqibatda uning narigi dunyodagi 
safari yakunlangan. So‘rovdan ijobiy natija bilan o‘tgan ruh esa tanaga 
qaytgan va odamning qayta tirilishiga qadar Ialu vodiysi (jannat)ga 
tushgan. 
Qadimgi Misrda siyosiy hokimiyatning markazlashuvi va davlat 
rahbarining cheklanmagan hokimiyatga ega ekanligi jahonda birinchi 
bo‘lib yakkaxudolilik ta’limotining yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan. 
Miloddan avvalgi XV asrning oxirlarida mamlakatni boshqargan fir’avn 
Amenxotep IV (oqsuyak zodagonlar va kohinlarning hokimiyatni undan 
tortib olish uchun kurashiga zarba berish maqsadida) diniy islohot 
o‘tkazgan. Islohot natijasida ko‘pxudolilik bekor qilingan va yagona xudo 
Aton (Quyosh)ga sig‘inish joriy qilingan. Eski ibodatxonalar yopib 
qo‘yilgan va ularning mulklari musodara qilingan. Mamlakatning poytaxti 
yangi qurilgan Axetaton shahriga ko‘chirilgan. Fir’avn o‘zini Exnaton 
(Atonga xush yoqadigan) deb atalgan. Lekin islohot uchun hali tarixiy 
zarurat pishib yetilmagan va jamiyat yakkaxudolikni qabul qilishga ham 
45


tayyor bo‘lmagan. U ko‘proq siyosiy ahamiyatga ega bo‘lib, oqsuyak 
zodagon va kohinlarning jamiyatdagi iqtisodiy va siyosiy qudratiga zarba 
berish maqsadida amalga oshirilgan. Shu bois uning muvaffaqiyatsizlik 
bilan tugashi oldindan ma’lum bo‘lgan. Fir’avn vafot etganidan keyin 
diniy islohot bekor qilingan va u dahriy deb la’natlangan. Vaqt o‘tishi 
bilan avvalgi xudolarga sig‘inish yana qayta tiklangan. 
Xulosa sifatida qayd etish kerakki, Qadimgi Misr dinining g‘oyalari 
O‘rta dengiz havzasidagi G‘arb va Sharq xalqlari madaniyatining vujudga 
kelishi va rivojlanishida juda katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Ruhning 
o‘lmasligi, narigi dunyo, kishining xudo oldida javobgarligi va qayta 
tirilishi kabi fikrlar keyinchalik mintaqada vujudga kelgan yakkaxudolik 
ta’limotlarining g‘oyalari sifatida qabul qilingan hamda Qadimgi Misr 
madaniyatining rivojlanishiga ta’sir etgan. Qadimgi Sharq madaniy 
markazlarining ta’sirida O‘rta dengiz havzasida antik (lotincha antique – 
qadimgi degan ma’noni anglatadi), ya’ni Yunoniston (Gretsiya) va Rim 
davlatlarining madaniyati vujudga keldi. 

Yüklə 489,79 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   49




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin