5. Yangilanayotgan Konstitutsiya ijtimoy-huquqiy ehtiyoj mevasi. Yangilanayotgan Konstitutsiya taraqqiy etgan davlat – Yangi O‘zbekistonni qurish g‘oyasi atrofida butun jamiyatimizni jipslashtirishi, unda barcha qatlam manfaatlari inobatga olinganligi, loyihani ishlab chiqishda keng jamoatchilik, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ekspertlik va ilmiy doiralar vakillari, ziyolilar faol ishtirok etganligi, alohida ta’kidlash mumkin. Shu ma’noda yangilanayotgan Konstitutsiya tom ma’noda xalq Konstitutsiyasi bo‘layotganligi e’tirof etish mumkin.
Yangi Konstitutsiya loyihasi muhokamaga qo‘yilgandan keyingi vaqt davomida kechgan ijtimoiy-huquqiy jarayonlarni quyidagi raqam misollarda ko‘rish va xulosa qilish mumkin:
Umumxalq muhokamalarida 220 mingdan ziyod takliflar kelib tushganligi, takliflarning har to‘rttasidan bittasi loyihadan joy olganligi qayd etildi;
Shu ma’noda yangilanayotgan Konstitutsiya tom ma’noda xalq Konstitutsiyasi bo‘layotganligi e’tirof etildi;
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan amaldagi Konstitutsiyaga 27 ta yangi modda kiritilmoqda, moddalar soni 128 tadan 155 taga oshdi;
Konstitutsiyamizning amaldagi 275 ta normasi 434 taga ko‘paydi, ya’ni amaldagi Konstitutsiyamiz 65 foizga yangiladi;
Xususan, kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning siyosiy-huquqiy ahamiyati, ko‘lami va hajmidan kelib chiqib, loyihani yangi tahrirda bayon etishga barcha asoslar borligi, shu bois Konstitutsiyaviy qonun loyihasi nomi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” deb o‘zgartirilgani bildirildi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasining matni Prezidentimizning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, Oliy sud rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida ham atroflicha muhokama etilib, qo‘llab-quvvatlandi.
Yangilangan Konstitutsiya jamiyatimiz hayotining barcha yo‘nalishlarini kompleks tartibga solish hamda mamlakatimizni demokratik rivojlantirish yo‘lida eng muhim huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga kiritilgan yangi normalar barcha sohalarni taraqqiy ettirishga, shu jumladan, davlat hokimiyatining yanada samarali tashkil qilinishiga yordam beradi. Aholidan kelib tushgan takliflarning qariyb 20 foizi, ya’ni 18 mingtasiaynan parlamentni isloh qilish bilan bog‘liqdir. Shundan kelib chiqib, xalq hokimiyatchiligini kuchaytirish, xalq vakillik organi bo‘lmish parlamentning rolini va o‘rnini, mas’uliyatini oshirish, uning vakolatlarini yanada kengaytirish, umuman mamlakatimizda parlamentarizm, xalq hokimiyatchiligini yanada kuchaytirishgaqaratilgan bir qator normalar loyihaga kiritilgan.
Yangi Konstitutsiyada Parlament faoliyati bilan bog‘liq konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishda Oliy Majlis palatalarining birgalikdagi vakolatlari qayta ko‘rib chiqildi. Qonunchilik palatasi bilan Senatning birgalikdagi vakolatlari hamda har bir palataning alohida-alohida vakolatlari va mas’uliyat sohalari aniq belgilab berilmoqda. Ya’ni, Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari 5 tadan 12 taga, Senatniki esa 14 tadan 18 taga ko‘paytirilmoqda.
Shuningdek, ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqib, hududiy manfaatlarni ifodalovchi organ sifatida Senatning mahalliy vakillik organlari faoliyatiga ko‘maklashish kabi muhim vakolat Bosh qomusimizda mustahkamlab qo‘yilmoqda. Bundan tashqari, Oliy Majlis palatalarining birgalikdagi vakolatlari sifatida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi har yilgi milliy ma’ruzani eshitish belgilanmoqda. Bu ikkala palataning mazkur yo‘nalishdagi samarali hamkorligini ta’minlagan holda, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ijobiy o‘zgarishlar uchun mustahkam zamin yaratadi. Yangilangan Konstitutsiya jamiyatni yanada taraqqiy ettirishga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari to‘laqonli ta’minlanishiga xizmat qiladi5.
2023 yil 1 mayda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi va shu kundan e’tiboranyildan kuchga kirdi. Ushbu Konstitutsiyaviy qonun 2023 yil 30 aprel kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi referendumida umumxalq ovoz berish orqali qabul qilindi.
Qonunga asosan 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi, uning yangi tahriri tasdiqlandi.
Konstitutsiya normalari tegishli qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishidan yoki mavjudligidan qat’i nazar, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi.
Amaldagi chaqiriq O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati ushbu Konstitutsiyaviy Qonun kuchga kirgan paytdan e’tiboran o‘z faoliyatini yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan vakolatlarga muvofiq amalga oshiradi.
Konstitutsiyaning 92-moddasi uchinchi qismining Oliy Majlis Senatining saylanadigan (tayinlanadigan) a’zolari sonini belgilovchi qoidalari 2024 yilda navbatdagi chaqiriqdagi Senat shakllantirilishi boshlanganidan amalga kiritiladi.
Konstitutsiyaning 120-moddasi uchinchi qismi viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari Kengashi raisi lavozimini egallashi mumkin emasligini nazarda tutadi.
Mahalliy vakillik va ijro etuvchi davlat hokimiyati organlari faoliyatining izchilligi hamda uzluksizligini ta’minlash uchun ushbu norma:
viloyatlar hamda Toshkent shahar vakillik va ijro etuvchi davlat hokimiyati organlariga nisbatan – 2024 yilda xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari deputatlarining navbatdagi saylovlari yakunlari bo‘yicha;
tuman hamda shahar vakillik va ijro etuvchi davlat hokimiyati organlariga nisbatan – 2026 yil 1 yanvardan e’tiboran amalga kiritiladi6.
Yangi Konstitutsiya loyihasidagi asosiy o‘zgarishlar haqida so‘z borganda unda mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyasi, yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolatlar o‘z ifodasini topganini alohida ta’kidlash zarur. Shu ma’noda, yangi Konstitutsiyada “O‘zbekiston – huquqiy davlat” degan konstitutsiyaviy tamoyil kafolatlanmoqda.
Bu – barchaning qonun oldida tengligi va qonundan hech kim ustun emasligini ta’minlash, deganidir. Bu tamoyil sudlarning tom ma’noda mustaqil bo‘lishi hamda adolatli qarorlar chiqarishi, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi uchun mustahkam poydevor bo‘ladi.
Yangi Konstitutsiya matnida ilgari amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyili “inson – jamiyat – davlat” deb o‘zgartirilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad inson manfaatini har narsadan ustun qo‘yishdir.
Inson huquq va erkinliklarini ta’minlash – davlatning oliy majburiyati etib belgilanmoqda. Shu munosabat bilan inson huquqlari kafolatlari yanada kuchaytirilmoqda.
Insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir, hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emas. Inson huquq va erkinliklari qonunlar, davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatining mazmun-mohiyatini tashkil etadi.
Bundan tashqari inson va davlat organlari o‘rtasida yuzaga kelgan noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi, huquqiy ta’sir choralari maqsadga erishish uchun yetarli va mutanosib bo‘lishi kerakligi belgilanmoqda. Bu normalar huquqni qo‘llash faoliyatida inson manfaatlari ustuvor bo‘lishini amalda ta’minlashga xizmat qiladi.
Muhim yangiliklarga yana misol: har bir inson o‘z shaxsini erkin kamol toptirish huquqiga ega. Qonunchilikda belgilanmagan majburiyat hech kimning zimmasiga uning roziligisiz yuklatilishi, O‘zbekiston fuqarosi mamlakatdan tashqariga chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berilishi mumkin emas.
Jinoyat protsessida inson huquqlari kafolati eng ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiq, xususan, “Xabeas korpus” va “Miranda qoidalari” institutlari negizida kuchaytirilmoqda. Jumladan, shaxsni sud qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi hamda shaxsni ushlab turish chog‘ida uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari unga tushunarli tilda tushuntirilishi kerakligi belgilanmoqda.
Ushbu huquqiy kafolatlar inson huquqlari muhofazasini kuchaytirish sohasidagi islohotlarni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqadi. Insonni davlat organlarining suiste’molliklaridan ishonchli himoya qiladi, shaxsiy erkinlik daxlsizligi va insonlarni noqonuniy hibsga olishga yo‘l qo‘ymaslikni kafolatlaydi.
Eng asosiysi, agar shaxsning o‘z aybini tan olgani unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas.
Shaxsning sudlangani va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emas.
Hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi ham inson ozodligi, sha’ni va qadrini qat’iy himoya qilish yo‘lidagi muhim huquqiy qadam hisoblanadi.
Yangi Konstitutsiya matnida advokatga o‘z himoyasidagi shaxs bilan moneliksiz va xoli uchrashish, maslahatlar berish uchun shart-sharoitlar ta’minlanishi belgilangani ham yangi Konstitutsiya loyihasining nechog‘lik xalqchil ruhda ishlab chiqilganidan dalolatdir7.