Oltinchi huquqiy qadam – Davlat mustaqilligining e’lon qilinishidir. Shu kuni “O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun qabul qilindi. Undan bo‘lajak Konstitutsiyaning o‘zak qoidalarini o‘zida aks ettirgan bir qator muhim moddalar joy oldi. Jumladan, mazkur Qonunga muvofiq:
“O‘zbekiston Respublikasi to‘la davlat hokimiyatiga ega, o‘zining milliy-davlat va ma’muriy hududiy tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv idoralari tizimini mustaqil belgilaydi” (3-modda);
“O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va uning qonunlari ustundir. O‘zbekiston Respublikasi Davlat idoralarining tizimi hokimiyatni qonun chiqaruvchi, ijroiya va sud hokimiyatiga ajratish tartibi asosida quriladi” (5-modda).
Bu Konstitutsiyaviy qonun Asosiy Qonunimiz qabul qilinguniga qadar, ya’ni 1992 yil 8 dekabrgacha biz uchun kichik Konstitutsiya vazifasini bajarib turdi.
Yettinchi huquqiy qadam – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi va Respublika davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi referendum 1991 yil 29 dekabrda bo‘lib o‘tdi. Xalq davlat mustaqilligini qo‘llab ovoz berdi va Prezidentni sayladi.
Sakkizinchi huquqiy qadam –Konstitutsiya loyihasining ilk bor matbuotda umumxalq muhokamasi uchun e’lon qilinishidir.
Konstitutsiyaviy komissiya bajarilgan ishni ma’qulladi va 1992 yil 8 sentyabrda Konstitutsiya loyihasini umumxalq muhokamasi uchun e’lon qilishga qaror qildi. Ushbu yig‘ilishda loyihani oxiriga yetkazish va tahrir qilish uchun ishchi guruh tuzildi. Yangi Konstitutsiyaning birinchi loyihasi 1992 yil 26 sentyabr kuni tayyor bo‘ldi va shu kuni matbuotda chop etildi.
To‘qqizinchi huquqiy qadam – Konstitutsiya loyihasining ikkinchi marta matbuotda umumxalq muhokamasi uchun e’lon qilinishidir.
Konstitutsiya loyihasi o‘tkazilgan muokamalar davomida kelib tushgan takliflar asosida ancha tuzatildi va qayta ishlandi. So‘ngra, 1992 yil 21 noyabrda umumxalq muhokamasini davom ettirish uchun Konstitutsiya loyihasi ikkinchi marta gazetalarda chop etildi.