O‘zbekiston – suveren demokratik respublika. O‘zbekiston Respublikasi o‘zining milliy-davlat va ma’muriy-hududiy tuzilishini, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining tizimini belgilaydi, ichki va tashqi siyosatini amalga oshiradi. O‘zbekistonning davlat chegarasi va hududi daxlsiz va bo‘linmasdir. O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir.
Konstitutsiyaning 5-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi qonun bilan tasdiqlanadigan o‘z davlat ramzlari – bayrog‘i, gerbi va madhiyasiga ega” deb ko‘rsatilgan.
O‘zbekistonning davlat ramzlari 1991 yil 18 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”, 1992 yil 2 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida”, 1992 yil 10 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi qonunlar bilan tasdiqlangan.
Xalq hokimiyatchiligi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbaidir. O‘zbekiston xalqini millatidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi.
O‘zbekiston xalqi nomidan faqat u saylagan Respublika Oliy Majlisi va Prezidenti ish olib borishi mumkin. Jamiyatning biron-bir qismi, siyosiy partiya, jamoat birlashmasi, ijtimoiy harakat yoki alohida shaxs O‘zbekiston xalqi nomidan ish olib borishga haqli emas.
Xalq hokimiyatchiligi quyidagi shakllarda namoyon bo‘ladi:
Birinchidan.Hokimiyatning bevosita amalga oshirilishi deganda xalqning saylovlar yordamida hokimiyat vakillik organlarini shakllantirishi, mamlakat Prezidentini saylashi, umumxalq muhokamasi va referendumlari orqali jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda, qarorlar va qonunlarni qabul qilishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnashishi tushuniladi.
Jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari xalq muhokamasiga taqdim etiladi, umumiy ovozga (referendumga) qo‘yiladi.
Referendum so‘zining lug‘aviy ma’nosi lotincha "ma’lum qilinishi lozim bo‘lgan narsa" deganidir, ya’ni davlatda hal qilinishi lozim bo‘lgan muhim masalalar xalqqa ma’lum qilinadi va uning ovoz berishi orqali hal etiladi. Mamlakatimizda referendum o‘tkazish tartibi 2001 yil 30 avgustda yangi tahrirda qabul qilingan "O‘zbekiston Respublikasining Referendumi to‘g‘risida"gi Qonuni bilan tartibga solinadi. Unga ko‘ra, referendumda qabul qilingan qarorlar oliy yuridik kuchga ega bo‘lib, faqat referendum o‘tkazish yo‘li bilan bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi mumkin. Mamlakatimizda 1991, 1995 va 2002 yillarda referendum o‘tkazilgan.