Uchinchi huquqiy qadam – “Mustaqillik deklaratsiyasi”ning e’lon qilinishidir.
O‘zbekiston Oliy Kengashi tomonidan 1990 yil 20 iyunda e’lon qilingan “Mustaqillik deklaratsiyasi”ning 8-bandida O‘zbekiston “o‘zining taraqqiyot yo‘lini, o‘z nomini belgilaydi va davlat belgilarini (gerb, bayroq, madhiya) o‘zi ta’sis etadi” degan qoida mustahkamlangan.
Deklaratsiyaning 12-bandida esa ushbu hujjat respublikaning “yangi Konstitutsiyasini ishlab chiqish uchun asos” bo‘lishi qayd etilgan.
O‘shanda bunday mazmundagi hujjat sobiq ittifoq hududida birinchi bo‘lib O‘zbekistonda qabul qilingan edi.
To‘rtinchi huquqiy qadam – Konstitutsiyaviy komissiyaning tashkil etilishiga borib taqaladi.
Oliy Kengash qarori bilan 1990 yil 21 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov raisligida davlat arboblari, deputatlar, mutaxassislardan iborat 64 nafar a’zoni o‘zida jamlagan Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi va Konstitutsiya loyihasi ana shu komissiya tomonidan 2 yildan ortiq vaqt mobaynida tayyorlandi.
Birinchi Prezidentimiz Konstitutsiyaviy komissiya ish boshlashi bilan mamlakatimizning o‘ziga xos jihatlarini va xususiyatini munosib ravishda aks ettiradigan, xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan, jahon tajribasini, demokratiya va eng rivojlangan mamlakatlar konstitutsiyaviy qonunchiligi erishgan yutuqlarni inobatga oladigan Asosiy Qonun loyihasini tayyorlashga bevosita rahbarlik qildi.
Ushbu vazifalarni amalga oshirishda Birinchi Prezidentimiz buyuk davlat va jamoat arbobi, iste’dodli siyosiy yetakchi sifatida namoyon bo‘ldi.
Beshinchi huquqiy qadam – birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 1991 yil 17-19 avgust kunlari “Hindiston Respublikasiga rasmiy tashrifi O‘zbekiston Prezidentining xorijga qilgan birinchi mustaqil – tarixiy tashrifi edi”.
Yurtboshimiz Hindistonda bo‘lgan bir paytda – 19 avgust kuni o‘zini “Davlat favqulodda holat qo‘mitasi”, ya’ni GKChP deb atagan bir guruh siyosiy avantyuristlarning davlat to‘ntarishini sodir etishga qaratilgan murojaati e’lon qilindi.
Afsuski, O‘zbekiston rahbarining safarda ekanidan foydalanib, GKChPning noqonuniy qarorlarini qo‘llab-quvvatlaydigan rahbarlar yurtimizda ham topildi. Tarix buni yaxshi eslaydi.
“Prezident Islom Karimov GKChP e’lon qilinganini Agrada eshitib, 19 avgust kuni zudlik bilan Toshkentga qaytadi. Toshkent aeroportida Yurtboshimizni rasmiy kishilardan tashqari, Turkiston harbiy okrugi bosh qo‘mondoni hamda Markazdan kelgan 3 nafar general kutib oladi.
Bu o‘sha paytdagi mavjud rasmiy protokol qoidalariga mutlaqo zid bo‘lib, tagdor siyosiy ma’noga ega edi.
Islom Karimov aeroportdan to‘g‘ri hukumat binosiga kelib, kechqurun hukumat a’zolari bilan uchrashdi hamda O‘zbekiston SSR hududida GKChPning qonunga zid qarorlarini bekor qilish haqida ko‘rsatma berdi. Shu tariqa GKChP gumashtalari O‘zbekitston hukumati nomidan qabul qilgan barcha hujjatlarni bekor qildi”.
Yaqin o‘tmishning bu voqealarini eslash va eslatishdan muddao esa yangi Konstitutsiyamizni yaratish yo‘lidagi kurashlar mustaqillik uchun kurashning uzviy, ajralmas qismi ekanligini e’tirof etishdan iborat. Zero, biz o‘z istiqlolimizni qanday qiyinchiliklar bilan, qanday sinov va suronli kurashlar bilan qo‘lga kiritgan bo‘lsak, O‘zbekistonning birinchi Konstitutsiyasini yaratish yo‘lida ham xuddi shunday murakkab sinovlarni boshdan kechirdik.