2. Konstitutsiyaning asosiy prinsiplari va funksiyalari. Zamonaviy huquqshunoslik ilmida, xususan, konstitutsiyaviy huquqlar tizimida e’tirof etilgan huquqiy tamoyillarga ko‘ra konstitutsiyalarning quyidagi asosiy funksiyalari va prinsiplarini keltirish mumkin:
-Konstitutsiya alohida yuridik xususiyatlarga ega bo‘lgan yagona siyosiy-huquqiy hujjat bo‘lib, unda shaxs, jamiyat va davlat o‘rtasidagi munosabatlarning asosiy prinsiplari o‘rnatiladi;
-davlat hokimiyatining tuzilishi, sub’ektlari, hokimiyatni amalga oshirish mexanizmi belgilanadi;
-jamiyat, inson va fuqaroning davlat tomonidan qo‘riqlanadigan huquqlari va erkinliklari mustahkamlanadi.
Konstitutsiya o‘z mohiyati va yuridik tabiatiga ko‘ra boshqa huquqiy hujjatlardan quyidagi muhim jihatlari bilan ajralib turadi:
birinchidan, konstitutsiya maxsus sub’ekt, ya’ni O‘zbekiston xalqi tomonidan referendum orqali yoki uning nomidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchiligi ovozi bilan qabul qilinadi;
ikkinchidan, konstitutsiyaviy qoidalar ta’sis etuvchi, yo‘naltiruvchi, birlamchi ahamiyatga ega;
uchinchidan, konstitutsiyaviy tartibga solish hajmining keng qamrovliligi bilan tavsiflanadi, ya’ni u nihoyatda muhim va keng ko‘lamdagi ijtimoiy munosabatlar doirasiga ta’sir ko‘rsatadi;
to‘rtinchidan, konstitutsiya alohida yuridik xususiyatlarga ega, ya’ni boshqa qonunlardan ustunlikka, oliy yuridik kuchga, o‘ziga xos muhofaza shakliga, maxsus tarzda qabul qilinish va o‘zgartirilish tartibiga ega.
Konstitutsiyaning funksiyalari: Konstitutsiya o‘z mazmuni va ijtimoiy vazifasiga ko‘ra davlatning mohiyatini ta’riflovchi, uning tashkiliy tuzilishini ifodalovchi, davlat siyosatining asoslarini belgilovchi hujjat sifatida namoyon bo‘ladi. Konstitutsiya o‘z ijtimoiy vazifasini bajara borib, bir qator o‘zaro mushtarak bo‘lgan funksiyalarni ado etadi.
Konstitutsiyaning eng muhim funksiyalaridan biri davlatchilik rivojlanishidagi vorislikni ta’min etishdir.