93-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining birgalikdagi vakolatlari quyidagilardan iborat: 1) Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini qabul qilish, unga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish; 2) Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy qonunlarini, qonunlarini qabul qilish, ularga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish; 3) xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya va denonsatsiya qilish; 4) Oʻzbekiston Respublikasining referendumini oʻtkazish toʻgʻrisida va uni oʻtkazish sanasini tayinlash haqida qaror qabul qilish; 5) Oʻzbekiston Respublikasi ichki va tashqi siyosatining asosiy yoʻnalishlarini belgilash hamda davlat strategik dasturlarini qabul qilish; 6) Oʻzbekiston Respublikasi qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi hamda sud hokimiyati organlarining tizimini va vakolatlarini belgilash; 7) Oʻzbekiston Respublikasi tarkibiga yangi davlat tuzilmalarini qabul qilish va ularning Oʻzbekiston Respublikasi tarkibidan chiqishi haqidagi qarorlarni tasdiqlash; 8) bojxona, valyuta va kredit ishlarini qonun yoʻli bilan tartibga solish; 9) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjetini qabul qilish, unga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish; 10) Oʻzbekiston Respublikasi davlat qarzining eng yuqori miqdorini belgilash; 11) soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni joriy qilish; 12) Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi masalalarini qonun yoʻli bilan tartibga solish, chegaralarini oʻzgartirish; 13) tumanlar, shaharlar, viloyatlarni tashkil etish, tugatish, ularning nomini hamda chegaralarini oʻzgartirish; 14) davlat mukofotlari va unvonlarini taʼsis etish; 15) Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasini tuzish; 16) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakilini va uning oʻrinbosarini saylash; 17) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasiga hujum qilinganda yoki tajovuzdan bir-birini mudofaa qilish yuzasidan tuzilgan shartnoma majburiyatlarini bajarish zaruriyati tugʻilganda urush holati eʼlon qilish toʻgʻrisidagi farmonini tasdiqlash; 18) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining umumiy yoki qisman safarbarlik eʼlon qilish, favqulodda holat joriy etish, uning amal qilishini uzaytirish yoki tugatish toʻgʻrisidagi farmonlarini tasdiqlash; 19) Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi har yilgi milliy maʼruzani eshitish; 20) parlament tekshiruvini oʻtkazish; 21) ushbu Konstitutsiya va qonunlarda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish. Palatalarning birgalikdagi vakolatlariga kiradigan masalalar, qoida tariqasida, avval Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida, soʻngra Senatida koʻrib chiqiladi. Davlat va jamiyat hayotiga oid eng muhim masalalar Oliy Majlisning har ikki palatasi tomonidan koʻrib chiqiladi va hal etiladi. Ushbu sharhlanayotgan moddada aynan shunday masalalar, yaʼni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining birgalikdagi vakolatlari oʻz aksini topgan. Ular:
1) Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini qabul qilish, unga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish masalasi mamlakatimiz hayotida nechogʻlik muhim masalalardan biri ekanligi barchamizga maʼlum. Zero, Konstitutsiya davlatning asosiy xususiyatlarini ifodalovchi bosh qonundir. Unda mamlakat hayotiga oid eng asosiy, fundamental huquqiy normalar oʻz aksini topgan va shuningdek, boshqa huquqiy normalarning yaratilishi konstitutsiyaviy normalar talablaridan kelib chiqadi hamda ularga zid boʻlmasligi lozim. Konstitutsiya asosiy qonun sifatida mamlakatdagi turli ijtimoiy munosabatlar va ularni tartibga solish uchun birlamchi huquqiy asos sifatida xizmat qiladi. Asosiy qonunda davlatga tegishli eng muhim masalalar oʻz ifodasini topganligi, uning ahamiyatini yanada yuksaltiradi. Ayni vaqtda u mamlakatdagi hayot tarzini belgilab beradi. Konstitutsiyani qabul qilish, unga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishda fuqarolar, jamiyat va davlat manfaatlarini uygʻunlashtirishning eng maqbul yoʻnalishini topish lozimligini inobatga olsak, ushbu masala nechogʻlik muhimligi oydinlashadi va ularni hal etishda har ikkala palataning ishtiroki talab etiladi.
2) Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy qonunlari hamda boshqa qonunlarini qabul qilish, ularga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish masalasi ham, avvalgi normada sharhlanganidek, muhim ahamiyatga ega boʻlganligi uchun Senat va Qonunchilik palatasining birgalikdagi vakolatlari qatoridan oʻrin olgan. Agar Konstitutsiya yuridik kuchi jihatidan eng yuqori oʻrinda joylashgan boʻlsa, undan soʻng konstitutsiyaviy qonunlar va joriy qonunlar ketma-ketlikda joylashadi. Konstitutsiyaviy qonunlar ham, joriy qonunlar ham Konstitutsiya talablaridan kelib chiqadi va ular ham mamlakat hayotidagi ustuvor masalalarni tartibga soladi. Albatta, ularni qabul qilish, oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish masalasini har ikki palataning birgalikdagi vakolatlari jumlasiga kiritilganligi maqsadga toʻla muvofiqdir.
3) Oʻzbekiston Respublikasining referendumini oʻtkazish toʻgʻrisida va uni oʻtkazish sanasini tayinlash haqida qaror qabul qilish. Referendum – bu umumxalq tomonidan ovoz berish orqali qaror qabul qilish uslubidir. Unda, albatta, mamlakat hayotiga oid eng muhim masalalar hal etiladi. Referendum orqali mamlakat hayotida tub burilish yasash yoki xalq turmush tarzini tubdan oʻzgartirish mumkin. Bunday masalalarni hal etish “Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”41gi qonun bilan tartibga solinadi. Demak, respublika hayotiga oid bunday muhim tadbirni oʻtkazish va uni oʻtkazish sanasini belgilashdek masala har ikki palata tomonidan koʻrib chiqilishi va qaror qabul qilinishi talab etiladi.
4) Oʻzbekiston Respublikasi ichki va tashqi siyosatining asosiy yoʻnalishlarini belgilash hamda davlat strategik dasturlarini qabul qilish. Davlatning ichki va tashqi siyosati hamda u qabul qilayotgan strategik dasturlar mamlakatning oʻz hududi va dunyo hamjamiyatidagi nufuzini ifoda etadi. Uni qay tarzda yoʻlga qoʻyish orqali mamlakatning ertangi kuni, kelajagi belgilanadi. Bu, tushunarliki, bir mansabdor shaxs yoki bitta davlat organi tomonidan bajariladigan ish emas. Shundan kelib chiqqan holda, ushbu masala ham har ikki palata vakolatlari doirasiga kiritilgan.
5) Oʻzbekiston Respublikasining qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati organlarining tizimi va vakolatlarini belgilash. Hokimiyatning bu uch tarmogʻi mamlakatdagi boshqaruv usulining oʻziga xos jihati hisoblanadi. Haqiqiy demokratik usul boʻlmish Oʻzbekiston Respublikasidagi hokimiyat boʻlinishi prinsipining yorqin ifodasi hisoblangan qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati tizimini va bu tizim vakolatlarini belgilash davlat hayotiga oid yana bir muhim masala hisoblanadi. Hokimiyatlararo vakolatlarning teng taqsimlanishi yetakchi mezon – ijtimoiy adolat prinsipining amaliy ifodasi hisoblanadi. Shu sababli bu masala ham har ikki palata tomonidan koʻrib chiqiladi.
6) Oʻzbekiston Respublikasi tarkibiga yangi davlat tuzilmalarini qabul qilish va ularning Oʻzbekiston Respublikasi tarkibidan chiqishi haqidagi qarorlarni tasdiqlash. Ushbu masala ham davlat uchun eng ahamiyatli masalalardan biridir. Bu orqali mamlakat tarkibi, chegarasi, hududi, aholisi soni oʻzgarishi mumkin. Misol uchun, Qoraqalpogʻiston Respublikasi oʻz xalqining umumiy referendumi asosida Oʻzbekiston Respublikasi tarkibidan ajralib chiqishni istasa (Konstitutsiyaning 74-moddasi), ushbu masala ikki palata tomonidan koʻrib chiqiladi;
Sharhlanayotgan moddaning yettinchi, sakkizinchi va toʻqqizinchi bandlarida qayd etilgan: boj, valyuta va kredit ishlarini qonun yoʻli bilan tartibga solish; Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjetini qabul qilish va uning ijrosini nazorat etish; soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni joriy qilish kabi masalalar davlat byudjeti, davlatning iqtisodiy asoslari bilan bogʻliq.
Byudjet – tegishli yil uchun Oʻzbekistonning davlat daromadlari va xarajatlarini roʻyxatga olish boʻlib, unda xazinaga tushadigan mablagʻ tushumlarining manbalari va summasi, shuningdek, bu mablagʻlar sarflanadigan maqsadlar koʻrsatiladi. Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar davlat byudjetiga kelib tushadigan asosiy mablagʻ tushumlaridir. Boj, kredit va valyuta bilan bogʻliq masalalar ham iqtisodning asosini tashkil etadi. Mamlakatning iqtisodi uning buguni, ertasi va kelajagini belgilab beradi. Shuning uchun bu masalalar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senatining birgalikdagi vakolatlari tarkibiga kiritilgan.
Oʻninchi va oʻn birinchi bandlarda oʻz aksini topgan: Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi masalalarini qonun yoʻli bilan tartibga solish, chegaralarini oʻzgartirish va tumanlar, shaharlar, viloyatlarni tashkil etish, tugatish, ularning nomini hamda chegaralarini oʻzgartirish masalalari oltinchi banddagi kabi mamlakat hududi, aholisi, chegaralari, hududiy birliklarni tashkil etish yoki tugatish hamda ularni nomlash bilan bogʻliq boʻlganligi uchun ular ham har ikki palata tomonidan koʻrib chiqilishi va hal etilishi maqsadga muvofiqdir.
7) Davlat mukofotlari va unvonlarini taʼsis etish. Davlat mukofotlari va unvonlari toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar 1995-yil 22-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi42 va 1996-yil 26-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasining faxriy unvonlarini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi43 qonunlarda oʻz aksini topgan. Ushbu qonunlarga asosan, davlat mukofotlari va unvonlari Oliy Majlis tomonidan taʼsis etiladi. Mustaqillik yillarida Oʻzbekiston Respublikasida “Mehnat shuhrati”, “Shon-sharaf”, “Mustaqillik”, “Doʻstlik”, “Oʻzbekiston Qahramoni”, “Jasorat”, “Shuhrat”, “Amir Temur”, “Jaloliddin Manguberdi” va boshqa bir qator orden va medallar taʼsis etildi.
Sharhlanayotgan moddaning oʻn uchinchi, oʻn sakkizinchi va oʻn toʻqqizinchi bandlarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan chiqarilgan farmonlarni tasdiqlash bilan bogʻliq masalalar oʻz ifodasini topgan. Ular:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining vazirliklar, davlat qoʻmitalari va boshqa davlat boshqaruv organlarini tuzish hamda tugatish toʻgʻrisidagi farmonlarini tasdiqlash (13-band);
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasiga hujum qilinganida yoki tajovuzdan bir-birini mudofaa qilish yuzasidan tuzilgan shartnoma majburiyatlarini bajarish zaruriyati tugʻilganda urush holati eʼlon qilish toʻgʻrisidagi farmonini tasdiqlash (18-band);
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining umumiy yoki qisman safarbarlik eʼlon qilish, favqulodda holat joriy etish, uning amal qilishini uzaytirish yoki tugatish toʻgʻrisidagi farmonlarini tasdiqlash (19-band)dan iborat. Ushbu masalalar ham umumdavlat ahamiyatiga ega boʻlgani uchun har ikki palataning birgalikdagi vakolatlari qatoriga kiritilgan.
8) Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasini tuzish. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Respublika miqyosida Oliy Majlisga, Prezidentlikka, Mahalliy vakillik organlariga saylovlarni tashkil etish va oʻtkazish maqsadida tuziladi. U rais va kamida oʻn toʻrtta aʼzodan iborat tarkibda tuziladi va faoliyat yuritadi. Markaziy saylov komissiyasining faoliyati va boshqa turdagi vakolatlari 1999-yildagi “Markaziy saylov komissiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunida belgilangan.
9) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodlarini koʻrib chiqish va tasdiqlash. Ushbu oʻrinda demokratik davlatga xos yana bir xususiyat oʻz ifodasini topgan. Bu lavozimga nomzodlarni koʻrib chiqish va tasdiqlash masalasining Oliy Majlis palatalarining vakolatlari qatoridan joy olishi eng maqbul yechim hisoblanadi.
10) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili va uning oʻrinbosarini saylash. Ombudsman mamlakat hududi miqyosida fuqarolarning huquqlarini taʼminlashning kafilidir. Inson huquqlari boʻyicha vakil va uning faoliyati 1997-yil 24-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida” qonun44 bilan tartibga solinadi. Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakilini saylash tartibi 2003-yil 29-avgustda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida”gi qonunning 23-moddasi va “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi qonunning 19-moddasida oʻz ifodasini topgan. Ularga asosan, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili nomzodi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining majlislarida koʻrib chiqilganidan keyin ushbu masala yuzasidan qabul qilingan uzil-kesil qaror qonunda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboriladi”.
11) Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining hisobotini koʻrib chiqish. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi mamlakat miqyosidagi iqtisodiy-ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy, siyosiy va boshqa sohalarga oid eng muhim masalalar, yoʻnalishlar boʻyicha oʻz faoliyatini olib boradi.
12) Xalqaro shartnomalarni maʼqullash va shartnomada ishtirok etishni toʻxtatish haqida bir tomonlama qaror qabul qilish. Xalqaro shartnoma va boshqa xalqaro hujjatlarda (konvensiya, deklaratsiya, paktlar va h.k.) nafaqat Oʻzbekiston Respublikasi, balki umumjahon manfaatlari mujassam. Aynan bu hujjatlarga qoʻshilish yoki ulardan chiqishda oʻzbek xalqi manfaatlarini umumjahon manfaatlari orasida himoya qilish talab etiladi. Bu, oʻz navbatida, mamlakat uchun, uning dunyo hamjamiyatidagi nufuzi, obroʻ-eʼtibori va albatta, kelajagi uchun oʻta muhim masaladir. Xalqaro shartnoma yoki bitimlarni davlat boshligʻi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki hukumat boshligʻi imzolaydi, lekin ularni maʼqullash va shartnomada ishtirok etishni toʻxtatish haqida bir tomonlama qaror qabul qilish har ikki palataning birgalikdagi vakolatlari jumlasiga kiradi.
Palatalarning birgalikdagi vakolatlariga kiradigan masalalar, qoida tariqasida, avval Qonunchilik palatasida, soʻngra Senatda koʻrib chiqiladi. Misol uchun 2007-yil 28-fevralda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan “Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy qonuni 2007-yil 29-martda Senat tomonidan maʼqullangan va hokazo.