92-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qonunga muvofiq saylanadigan bir yuz ellik deputatdan iborat. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati hududiy vakillik palatasi boʻlib, Senat aʼzolaridan (senatorlardan) iborat. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati aʼzolari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qoʻshma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yoʻli bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda – toʻrt kishidan saylanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining toʻqqiz nafar aʼzosi fan, sanʼat, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega boʻlgan hamda alohida xizmat koʻrsatgan eng obroʻli fuqarolar orasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi. Saylov kuni yigirma besh yoshga toʻlgan hamda kamida besh yil Oʻzbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputati, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati aʼzosi boʻlishi mumkin. Deputatlikka nomzodlarga qoʻyiladigan talablar qonun bilan belgilanadi. Ayni bir shaxs bir paytning oʻzida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputati va Senati aʼzosi boʻlishi mumkin emas. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputati bir vaqtning oʻzida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlarining deputati boʻlishi mumkin emas. Ushbu moddada Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining tarkibi, yaʼni Qonunchilik palatasi va Senati hamda ularni shakllantirish tartibi bilan bogʻliq masala oʻz aksini topgan.
Qonunchilik palatasi Oliy Majlisning quyi palatasi hisoblanib, u hududiy saylov okruglari boʻyicha koʻppartiyaviylik asosida saylanadigan bir yuz yigirma deputatdan iborat tarkibda faoliyat yuritadi..
Mustaqilligimizning dastlabki yillarida mamlakatimiz parlamenti oldida oʻta muhim masala – umumeʼtirof etilgan xalqaro huquq tamoyillari va normalariga toʻliq mos keladigan demokratik saylov tizimini shakllantirish vazifasi turgan edi.
2019-yil 22-dekabr kuni Mamlakatimizda katta siyosiy jarayon - Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlarining saylovi boʻlib oʻtdi. 2019-yil 22-dekabrda boʻlgan saylovlarda jami 13 963 627 nafar saylovchi ishtirok etdi va bu saylovchilar umumiy sonining 67,8 foizini tashkil qildi.
Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 25-dekabrdagi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov oʻtkazuvchi 25 ta saylov okruglarida birinchi turda gʻoliblar aniqlanmaganligi uchun, yaʼni ushbu saylov okruglaridan nomzodlari koʻrsatilgan beshta siyosiy partiya nomzodlarining birortasi ham ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning 50 foizidan koʻp ovozini olaolmaganligi sababli ushbu saylov okruglarida ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning eng koʻp ovozlarini olgan ikki nafardan nomzodlar oʻrtasida takroriy ovoz berishni oʻtkazish 2020-yil 5-yanvar kuniga belgilandi. 5-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylov oʻtkazuvchi 25 ta saylov okruglaridagi 1 730 ta saylov uchastkasida takroriy ovoz berish boʻlib oʻtdi.
Ushbu saylov uchastkalarida 3 million 147 ming 79 nafar fuqarolar Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatiga kiritilgan boʻlib, ulardan 1 million 978 ming 48 nafari takroriy ovoz berishda ishtirok etdi. Demak, Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatiga kiritilgan fuqarolarning 62,8 foizi takroriy ovoz berishda ishtirok etdi.
Shuni alohida aytib oʻtish lozim, Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 59-moddasiga muvofiq takroriy ovoz berishda saylovchilarning ishtirok etishi foizi hisobga olinmasada, biroq bu jarayonda ham 62,8 foiz saylovchilarning ishtirok etganligi, fuqarolarimizning siyosiy huquqiy madaniyati yuksalib, ularning yangilanayotgan Oʻzbekistonda yangitdan shakllantirilayotgan parlament saylovlariga befarq emas ekanliklarini hamda mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli, odilona va insonparvar siyosatni qoʻllab-quvvatlashlarining yana bir bor isboti boʻldi.
Takroriy ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning ovozini boshqa nomzodga nisbatan koʻproq olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi.
Takroriy ovoz berish jarayonini deputatlikka nomzodlar koʻrsatgan siyosiy partiyalardan hamda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan jami besh mingdan ortiq kuzatuvchilar kuzatib bordi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan akkreditatsiyadan oʻtkazilgan mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalarining vakillari hamda hududiy saylov komissiyalaridan akkreditatsiyadan oʻtgan mahalliy jurnalistlar saylovlar jarayonini faol yoritib bordilar.
2019-yil 25-dekabr kuni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 125 ta saylov okruglaridan nomzodlar Qonunchilik palatasi deputatligiga saylangan deb topilib, roʻyxatga olingan edi. Bular:
– Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasidan 42 nafar;
– Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan 34 nafar;
– Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan 20 nafar;
– Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasidan 18 nafar;
– Oʻzbekiston Ekologik partiyasidan 11 nafar deputatga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati maqomi berilgan edi.
2020-yil 5-yanvar kuni boʻlib oʻtgan takroriy ovoz berish natijalari boʻyicha Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazuvchi 25 ta okrug saylov komissiyalarining takroriy ovoz berish natijalari toʻgʻrisidagi bayonnomalari va qarorlariga asosan:
– Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasining 15 nafardan 11 nafari;
– Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 11 nafardan 2 nafari;
– Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasining 9 nafardan 4 nafari;
– Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining 10 nafardan 4 nafari hamda – Oʻzbekiston Ekologik partiyasining 5 nafardan 4 nafari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati etib saylandilar.
Markaziy saylov komissiyasi hozir boʻlib oʻtgan yigʻilishida ushbu deputatlarni roʻyxatga olish haqida qaror qabul qildi. Shunday qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi toʻliq shakillantirildi.
Dastlabki hamda takroriy ovoz berish natijasida, yaʼni saylovlarning umumiy yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida siyosiy partiyalar quyidagicha deputatlik oʻrinlariga ega boʻldilar:
1. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi 53 ta deputatlik oʻrni;
2. Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi 36 ta deputatlik oʻrni;
3. Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi 24 ta deputatlik oʻrni;
4. Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi 22 ta deputatlik oʻrni;
5. Oʻzbekiston Ekologik partiyasi 15 ta deputatlik oʻrnini egallashdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasiga saylangan 150 nafar deputatlarning 48 nafari yoki 32 foizini xotin qizlar, 39 nafarini yoki 26 foizini oldin ham Qonunchilik palatasi deputati boʻlganlar tashkil etadi.
Deputatlarning 9 nafari yoki 6 foizi 30 yoshgacha, 97 nafari yoki 65 foizi 30 yoshdan 50 yoshgacha boʻlganlar hamda 44 nafari yoki 29 foizi 50 yoshdan katta yoshdagilar. Eng yosh deputat
26 yoshda. Eng yoshi ulugʻ deputat 71 yoshda.
Oʻzbek millatiga mansub deputatlar 130 nafar yoki 87,0%ni, boshqa millat vakillari – 20 nafar yoki 13%ni tashkil qiladi. Ulardan qoraqalpoq va rus millatiga mansublar 5 nafardan, qozoq va tojik millatiga mansublar 3 nafardan, koreys millatiga mansublar 2 nafarni hamda 1 nafardan turkman va qirgʻiz millatiga mansub deputatlar tashkil qiladi.
Mutaxassisligi va ixtisosligi boʻyicha deputatlrning 32 nafari yoki 21,3 foizi fan-taʼlim sohasi vakillari, 23 nafari yoki 15,3 foizi bank, moliya va iqtisod sohasi vakillari, 21 nafari yoki 14 foizi huquqshunoslar, 21 nafari yoki 14 foizi jamoatchilik va nodavlat-notijorat tashkilotlari vakillari, 12 nafari yoki 8 foizi qishloq xoʻjaligi sohasi mutaxassislari, 9 nafari yoki 6 foizi tibbiyot sohasi vakillari, 9 nafari yoki 6 foizi qurilish, kommunikatsiya, transport va aloqa sohasi vakillari, 6 nafari yoki 4 foizi OAV vakillari, 7 nafari yoki 5 fozi tadbirkorlar hamda 10 nafari yoki 6,7 foizi boshqa soha vakillari sanaladi.
2019-yil 10-dekabr kuni yangi tahrirda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasida Bosh vazir nomzodi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylovda eng koʻp deputatlik oʻrinlarini olgan siyosiy partiya yoki teng miqdordagi eng koʻp deputatlik oʻrinlarini qoʻlga kiritgan bir necha siyosiy partiya tomonidan taklif etilishi belgilangan. Ushbu qonunga muvofiq Bosh vazir nomzodini koʻrsatish huquqiga Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi ega boʻldi..
Xulosa oʻrnida, mamlakatimiz saylov tizimi xalqaro huquqning umum eʼtirof qoidalari, rivojlangan demokratik davlatlarning bu boradagi ilgʻor tajribasi va xalqimizning milliy mentalitetini inobatga olgan holda shakllantirilgan boʻlib, fuqarolarga davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda oʻz vakillari orqali erkin hamda ixtiyoriy ishtirok etish uchun teng sharoitlarni kafolatlaydi..
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati hududiy vakillik palatasi hisoblanib, yuz nafar Senat aʼzolaridan (senatorlardan) iborat tarkibda faoliyat olib boradi. Senat hududiy manfaatlar va hududiy muvozanatni taʼminlash, ularni uygʻunlashtirish maqsadida tashkil etiladi. Senatni shakllantirishning oʻziga xos mexanizmi ishlab chiqilib, u quyidagicha ifodalanadi: Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati aʼzolari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qoʻshma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yoʻli bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda – 4 kishidan saylanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 9 nafar aʼzosi fan, sanʼat, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega boʻlgan hamda alohida xizmat koʻrsatgan eng obroʻli fuqarolar orasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi.
Senatorlarni saylash uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qoʻshma majlislari chaqiriladi. Qoʻshma majlisni chaqirish va senatorlarni saylash toʻgʻrisidagi Nizom Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi. “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida”gi qonunga asosan, ovoz berish natijalariga koʻra boshqa nomzodlarga nisbatan koʻproq ovoz olgan Senat aʼzoligiga nomzodlar, basharti davlat hokimiyati vakillik organlarining majlisida ishtirok etayotgan deputatlardan 50 foizidan ortigʻi ularni yoqlab ovoz bergan boʻlsa, saylangan deb hisoblanadi.
Demak, Qoraqalpogʻiston Respublikasi olti nafar, oʻn ikkita viloyatlarning har biri olti nafardan va Toshkent shahridan olti nafar senator saylandi.
Xalq orasida yuksak obroʻga ega boʻlgan fuqarolarning senator sifatida Prezident tomonidan tayinlanishi birinchidan, oliy vakillik organining xalq oldidagi nufuzini yuksaltirsa, ikkinchidan, davlat uchun, xalq uchun, mamlakat uchun, Vatan uchun xizmat qilgan fuqarolarning mehnatini ijobiy baholashning alohida koʻrinishi sifatida izohlanadi. Davlat rahbari tomonidan bildirilgan ishonch oʻz navbatida ularga katta masʼuliyat yuklaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 24-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolarini tayinlash toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan, oʻn olti nafar senator tayinlandi va bugungi kunda ular oʻz faoliyatini davom ettirmoqda. Demak, jami yuz nafar senator Oliy Majlis Senatida faoliyat olib boradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzoligiga va Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarga qoʻyiladigan talablarning huquqiy asoslari yangi tahrirdagi “Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Majlisiga saylovlar toʻgʻrisida”gi qonunning turli moddalarida oʻz ifodasini topgan. Ular quyidagilardan iborat:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylanish huquqiga saylov kuni yigirma besh yoshga toʻlgan hamda kamida besh yil Oʻzbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan fuqarolar egadirlar;
Jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei, maʼlumoti, mashgʻulotining turi va xususiyatidan qatʼi nazar barcha fuqarolarimiz teng saylov huquqiga, yaʼni saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Qonundagi cheklovlar bundan mustasno;
Deputatlikka nomzod siyosiy partiya aʼzosi yoki partiyasiz ham boʻlishi mumkin. Deputatlikka nomzodlar koʻrsatish huquqiga, amaldagi qonunda belgilanganidek, siyosiy partiyalar va bevosita fuqarolar egadirlar;
Bir shaxs faqat bitta saylov okrugidan deputatlikka nomzod qilib koʻrsatilishi mumkin;
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadigan tartibda deputatlikka nomzodlar saylovoldi tashviqotini amalga oshirishda ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng huquqqa egadirlar;
Deputatlikka nomzod mahalliy hokimiyat organlari va jamoat tashkilotlari, shuningdek, fuqarolarni oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan amaldagi qonunda belgilangan tartibda huquqiy munosabatlarini oʻrnatishi, yaʼni saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazishni tashkil etishda, zarur maʼlumot va axborot materiallari olish, yigʻilishlar oʻtkazish uchun jihozlangan binolar ajratilishi masalalarida zikr etilgan idora va muassasalarga murojaat etishi va ular deputatlarning qonuniy talablarini oʻz vaqtida ijro etishlari shart;
Deputatlikka nomzodlarning tegishli kasbiy mahoratga ega ekanligini belgilovchi hamda saylovchilarning ishonchini qozonib, saylovdagi gʻalabasini taʼminlashning yana bir omili bu deputatlikka nomzodlar tomonidan oʻz saylov dasturlarini mamlakatimizdagi ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy rivojlanish jarayonlarini qay darajada qamrab olib, saylovchilarga yetkaza bilishidadir. Shu oʻrinda taʼkidlab oʻtish joizki, deputatlikka nomzodlarning dasturlari davlatning suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xavfsizligiga qarshi qaratilgan boʻlmasligi, xalqning sogʻligʻi va maʼnaviyatiga tajovuz qilmasligi, ularda urush, milliy, irqiy va diniy adovat targʻiboti, konstitutsiyaviy tuzumni zoʻrlik bilan oʻzgartirishga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini kamsituvchi xatti-harakatlarga daʼvat boʻlmasligi kerak;
Deputatlikka nomzod Oʻzbekistondagi qonunchilik tizimidan nafaqat xabardor boʻlishi, balki ushbu qonun hujjatlarini kelajakda takomillashtirish borasida ham muayyan tasavvurga ega boʻlishi lozim. Ayniqsa, Konstitutsiya va saylov, mehnat, oila, ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisidagi qonunlar, jinoiy va maʼmuriy Kodekslar talablari deputatlikka nomzod shaxslar uchun saylov jarayonlarida doimiy dasturulamal vazifasini bajarishi kerak;
Yangi tahrirdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida”gi qonunning 25-moddasida deputatlikka nomzodlarga qoʻyiladigan talablar oʻz ifodasini topgan boʻlib, unda “sodir etilgan jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar” deputatlikka nomzod boʻla olmasligi qayd etilgan.
Demak, sudlanganligi olib tashlangan fuqarolar nafaqat saylash, balki saylanish huquqidan ham toʻliq foydalanishi uchun huquqiy asoslar mavjud.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, viloyat, tuman, shahar davlat hokimiyati vakillik organining saylov kuni yigirma besh yoshga toʻlgan hamda kamida besh yil Oʻzbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan deputati Senat aʼzoligiga saylanish uchun nomzod boʻlishi mumkin (Yangi tahrirdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida”gi qonunning 53-moddasi).
Saylovda ishtirok etish uchun quyidagi shaxslar deputatlikka nomzod sifatida roʻyxatga olinmaydilar:
Sodir etilgan jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar;
Saylov kuniga qadar soʻnggi besh yil mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi hududida muqim yashamagan fuqarolar;
Oʻzbekiston Respublikasi qurolli kuchlarining harbiy xizmatchilari, Milliy xavfsizlik xizmati, boshqa harbiylashtirilgan boʻlinmalarning xodimlari;
Diniy tashkilot va birlashmalarning professional xizmatchilari.
Shu bilan birga, amaldagi qonunda belgilanganidek, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishi mumkin emas va saylovda qatnashmaydilar.
Ayni bir shaxs bir vaqtning oʻzida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputati va Senati aʼzosi boʻlishi mumkin emas. Bu norma tizimli muvozanatni mustahkamlash uchun qayd etilgan. Chunki har ikki palata oʻz funksiyasiga ega va bir vaqtning oʻzida bir shaxs ikki funksiyani amalga oshirish imkoniyatiga ega emas.