O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi” faniga kirish. Fanning predmeti, maqsadi va vazifalari



Yüklə 296,23 Kb.
səhifə60/96
tarix09.10.2023
ölçüsü296,23 Kb.
#153229
1   ...   56   57   58   59   60   61   62   63   ...   96
Seminar mavzulari — копия (6)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qonunni oltmish kun ichida imzolaydi va eʼlon qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga qaytariladi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonunni qayta koʻrib chiqishda Qonunchilik palatasi deputatlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan iborat koʻpchilik ovozi bilan qonunni yana maʼqullasa, qonun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilingan hisoblanadi hamda imzolanishi va eʼlon qilinishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga Qonunchilik palatasi tomonidan yuboriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonun yuzasidan Qonunchilik palatasi va Senat yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat aʼzolari orasidan tenglik asosida kelishuv komissiyasini tuzishi mumkin. Palatalar kelishuv komissiyasi takliflarini qabul qilganda qonun odatdagi tartibda koʻrib chiqilishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qonunni oʻz eʼtirozlari bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qaytarishga haqli.
Agar qonun avvalgi qabul qilingan tahririda tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat koʻpchilik ovozi bilan maʼqullansa, qonun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan oʻn toʻrt kun ichida imzolanishi va eʼlon qilinishi kerak.
Qonunlarning va boshqa normativ- huquqiy hujjatlarning eʼlon qilinishi ular qoʻllanilishining majburiy shartidir.
Sharhlanayotgan moddada Oliy Majlisning asosiy faoliyati – qonunlarni qabul qilish jarayoni tartibi toʻgʻrisidagi eng mufassal normalar oʻz ifodasini topgan. Ular:
Qonunning yuridik kuchga ega boʻlishi;
Qonunchilik palatasi tomonidan qonunlarning qabul qilinishi;
Senat tomonidan qonunlarning maʼqullanishi;
Prezident tomonidan imzolanishi;
Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonunning Senat yoki Prezident tomonidan rad etilishi va uning qayta koʻrib chiqilishi hamda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonun Senat tomonidan rad etilganda, uni quyi palataning oʻzida koʻrib chiqish tartibi;
Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonun Senat tomonidan rad etilganda, uni qayta koʻrib chiqish uchun har ikki palata oʻrtasida kelishuv komissiyasini tuzish tartibi va h.k.
1. Avvalo, qonunning “yuridik kuchga ega boʻlishi” hamda “qonunni amalga kiritilishi” tushunchalariga izoh berib oʻtish lozim. Yuqoridagi ikki tushuncha yuzaki qaraganda bir maʼnoni anglatadigandek koʻrinsa-da, ularni birgalikda qoʻllanishi maqsadga muvofiqdir. Zero, qonunning yuridik kuchi u amal qila boshlagandan soʻngra namoyon boʻladi. Demak, “yuridik kuchga ega boʻlishi” jumlasini qayd etishdan oldin “amalga kiritilishi”ni ham aytib oʻtish lozim.
Konstitutsiyada qonun yuridik kuchga ega boʻlishining faqat bitta muhim sharti koʻrsatilgan. U – qonunni matbuotda eʼlon qilinishi hisoblanadi.
2. Qonunchilik palatasi tomonidan qonunni muhokama qilish va qabul qilish tartibi 2003-yil 29-avgustda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida”gi qonunning 12-15-moddalarida va “Oʻzbekiston Respulikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida” konstitutsiyaviy qonunning 29-moddasida oʻz ifodasini topgan.
Qonunchilik palatasi Reglamentining 15-moddasiga asosan, palata qonun loyihasini, qoida tariqasida, uch oʻqishda koʻrib chiqadi. Qonun loyihasini Qonunchilik palatasi majlislarida birinchi oʻqishda koʻrib chiqish chogʻida mazkur qonun loyihasini qabul qilish zarurati, qonun loyihasining konsepsiyasi, uning Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiqligi, shuningdek, qonunni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar va moliyalash manbalari toʻgʻrisidagi masala muhokama qilinadi.
Qonunchilik palatasi muhokama natijalari boʻyicha qonun loyihasini maromiga yetkazish va keyingi oʻqishda koʻrib chiqish uchun palataga kiritish muddatini belgilagan holda uni birinchi oʻqishda qabul qilish yoki qonun loyihasini rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Qonunchilik palatasi muhokamasiga qonun loyihasining muqobil variantlari kiritilgan taqdirda ular bir vaqtda koʻrib chiqilishi kerak. Qonunchilik palatasi deputatlarining qaror qabul qilish uchun talab qilinadigan eng koʻp miqdordagi ovozini toʻplagan qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilingan hisoblanadi. Qonun loyihasining qolgan variantlari Qonunchilik palatasi tomonidan rad etilgan hisoblanadi.
Masʼul qoʻmita qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash chogʻida tushgan takliflarni umumlashtiradi. Masʼul qoʻmita tomonidan asosli deb topilgan takliflar qonun loyihasining matniga kiritiladi. Qonun loyihasini Qonunchilik palatasi tomonidan ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqish chogʻida masʼul qoʻmita maʼqullagan takliflar ham, maʼqullamagan takliflar ham, muhokama qilinadi. Qonun loyihasi boʻyicha ovoz berish moddama-modda oʻtkaziladi. Qonunchilik palatasi muhokama natijalari boʻyicha qonun loyihasini maromiga yetkazish va keyingi oʻqishda koʻrib chiqish uchun palataga kiritish muddatini belgilagan holda uni ikkinchi oʻqishda qabul qilish yoxud qonun loyihasini rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Uchinchi oʻqishda qonun loyihasi muhokama qilinmasdan toʻlaligicha ovozga qoʻyiladi. Qonun loyihasi birinchi yoki ikkinchi oʻqishda qabul qilingan taqdirda, masʼul qoʻmitaning taklifiga binoan qonunni keyingi oʻqish tartib-taomillarini istisno etgan holda qabul qilish toʻgʻrisidagi masala ovozga qoʻyilishi mumkin.
Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan palata deputatlari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonun oʻn kun ichida Senatga koʻrib chiqish uchun yuboriladi. Senatga qonun bilan birgalikda qonun loyihasini Qonunchilik palatasiga kiritish chogʻida taqdim etilgan materiallar yuboriladi.
3. Qonunchilik palatasi tomonidan yuborilgan qonunlarni Senatda koʻrib chiqilishi tartibi 2003-yil 29-avgustda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi qonunning 11-moddasida oʻz aksini topgan boʻlib, unga asosan, Senatga kelib tushgan qonun roʻyxatga olinadi va Senat Raisi tomonidan qonunni koʻrib chiqadigan hamda uning yuzasidan xulosa tayyorlaydigan qoʻmitaga topshiriladi.
Masʼul qoʻmitaning xulosasida qonunni maʼqullash yoki rad etish toʻgʻrisidagi tavsiya ifodalangan baho boʻlishi kerak. Qonunni rad etish zarurligi toʻgʻrisidagi xulosada masʼul qoʻmitaning qonunni rad etish zarur deb hisoblashining vajlari bayon etilishi lozim. Masʼul qoʻmitaning xulosasi Senat Kengashiga taqdim etiladi, Kengash qonunni Senat majlisining kun tartibi loyihasiga kiritish-kiritmaslik toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Senat majlisida qonunni koʻrib chiqish maʼruzachining masʼul qoʻmita xulosasini oʻqib eshittirishidan boshlanadi. Koʻrib chiqilayotgan qonun yuzasidan uning muhokamasi tartibida senatorlar soʻzga chiqishlari mumkin. Senat tomonidan maʼqullangan qonun imzolanish va eʼlon qilinishi uchun Senat qarori bilan birgalikda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboriladi.
Senatning qonunni rad etish toʻgʻrisidagi qarorida rad etish vajlari koʻrsatilishi kerak. Unda bir vaqtning oʻzida qonunga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish zarurligi toʻgʻrisidagi, shuningdek, kelishuv komissiyasi tuzish haqidagi takliflar bayon etilishi mumkin. Senatning qonunni maʼqullash yoki rad etish toʻgʻrisidagi qarori mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida Qonunchilik palatasiga yuboriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan maʼqullangan qonun imzolanishi va eʼlon qilinishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga oʻn kun ichida yuboriladi. Prezident Konstitutsiyada belgilangan vakolatidan kelib chiqqan holda qonunni imzolaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qonun oʻttiz kun ichida imzolanadi. Ushbu muddatning oʻttiz kun sifatida belgilanishida mamlakat rahbari tomonidan qonunni oʻqib, oʻrganib chiqishi uchun lozim boʻlgan vaqt eʼtiborga olingan. Chunki Prezident qonunni imzolashdan tashqari davlat boshqaruviga oid boshqa vazifalarni ham oʻz vaqtida bajarishi lozimligi inobatga olingan.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonun Senati tomonidan rad etilishi mumkin. Senat oliy vakillik organining yuqori palatasi sifatida bunday huquqqa ega. Faqat, qonun nima sababdan qaytarilayotgani asoslab berilishi lozim. Rad etish vajlari toʻliq koʻrsatilishi kerak.
Senatning Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonunni rad etish toʻgʻrisidagi qarorida qonunning nima sababdan qaytarilayotganligi bilan birgalikda, unga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi toʻgʻrisida, shuningdek, kelishuv komissiyasini tuzish haqidagi takliflari bayon etilishi lozim. Senatning rad etish toʻgʻrisidagi qarori oʻn kun ichida Qonunchilik palatasiga yuborilishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonunni rad etishi mumkin. Bu Prezidentning veto huquqidir. Prezident davlat rahbari sifatida mamlakat ijtimoiy hayoti uchun maqbul deb topmagan qonunni rad etishi mumkin.
Senat tomonidan rad etilgan yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan eʼtirozlar bilan qaytarilgan qonun Qonunchilik palatasi tomonidan bir oylik muddatda qayta koʻrib chiqilishi kerak.
Masʼul qoʻmita Senat tomonidan rad etilgan yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qaytarilgan qonun yuzasidan xulosa beradi. Masʼul qoʻmitaning xulosasi olinganidan keyin qonunni Qonunchilik palatasi tomonidan qayta koʻrib chiqish masalasi belgilangan tartibda Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibiga kiritiladi.
Agar Qonunchilik palatasi Senat tomonidan rad etilgan qonunni Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining uchdan ikki qismidan iborat koʻpchilik ovozi bilan yana maʼqullasa, qonun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilingan hisoblanadi hamda imzolanishi va eʼlon qilinishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qaytarilgan qonunni qayta koʻrib chiqishda Qonunchilik palatasi tomonidan quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
qonunni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mulohazalari va takliflarini inobatga olgan holda qabul qilish;
qonunni bundan buyon koʻrib chiqmaslik;
qonunni avvalgi qabul qilingan tahririda maʼqullash.
Agar qonun avvalgi qabul qilingan tahririda Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat koʻpchilik ovozi bilan maʼqullansa, Senatga maʼqullash uchun yuboriladi.
6. Senat tomonidan rad etilgan qonun yuzasidan Qonunchilik palatasi va Senat yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat aʼzolari orasidan tenglik asosida kelishuv komissiyasini tuzishi mumkin.
Qonunchilik palatasida kelishuv komissiyasini tuzish toʻgʻrisidagi tashabbus Qonunchilik palatasi Spikeridan, shuningdek, fraksiyalar va deputatlar guruhlaridan chiqishi mumkin. Kelishuv komissiyasi tarkibiga nomzodlar yuzasidan Qonunchilik palatasi Spikeri va Senat Raisi tomonidan oʻzaro maslahatlashuvlar oʻtkaziladi. Kelishuv komissiyasining Qonunchilik palatasidan koʻrsatilgan tarkibi uning majlisida tasdiqlanadi. Kelishuv komissiyasining har bir palatadan saylangan aʼzolari oʻz tarkibidan koʻpchilik ovoz bilan komissiyaning hamraislarini saylaydilar.
Kelishuv komissiyasi qonunning yagona matnini ishlab chiqish maqsadida Senatning har bir eʼtirozini alohida-alohida koʻrib chiqadi. Kelishuv komissiyasining qarorlari kelishuv komissiyasi tarkibiga kirgan Qonunchilik palatasi deputatlari va senatorlarning alohida-alohida ovoz berishi orqali qabul qilinadi. Qaror, agar komissiyaning har bir palatadan saylangan aʼzolarining koʻpchiligi uni yoqlab ovoz bergan boʻlsa, qabul qilingan hisoblanadi. Kelishuv komissiyasi oʻz ishining natijalari yuzasidan kelishmovchiliklarni bartaraf etish boʻyicha takliflarni oʻz ichiga olgan xulosa qabul qiladi. Xulosaga qonunga doir oʻzgartishlar va qoʻshimchalar loyihasining matni ilova qilinadi. Xulosa Qonunchilik palatasi va Senatdan saylangan kelishuv komissiyasining hamraislari tomonidan imzolanib, tegishincha Qonunchilik palatasi va Senatga topshiriladi. Kelishuv komissiyasining takliflari qabul qilingan taqdirda Qonunchilik palatasi tomonidan qayta koʻrib chiqilishi kerak. Qonunni qayta koʻrib chiqishda kelishuv komissiyasining bayonnomasida mavjud boʻlgan takliflargina muhokama qilinadi.
Kelishuv komissiyasining loaqal bitta taklifi rad etilgan taqdirda Qonunchilik palatasi kelishuv komissiyasiga yangi takliflarni taqdim etish uchun palata tomonidan maʼqullangan tuzatishlarni inobatga olgan holda ishni davom ettirishni taklif qilishi mumkin.
Qonunchilik palatasi qonunni kelishuv komissiyasining tahririda qabul qilsa, u maʼqullash uchun Senatga yuboriladi. Agar kelishuv komissiyasining qonun boʻyicha ishlari yakunlariga koʻra kelishuvga erishilmasa, qonun Senat tomonidan rad etilgan qonun sifatida qayta koʻrib chiqilishi kerak.
Qonunlarning va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning matbuotda eʼlon qilinishi ular qoʻllanilishining majburiy shartidir. Oʻzbekiston qonunlari imzolanganidan keyin uzogʻi bilan bir hafta ichida rasman eʼlon qilinadi. Agar hujjatning oʻzida boshqa qoida belgilanmagan boʻlsa, rasmiy eʼlon qilinganidan soʻng oʻn kun oʻtgach, butun Oʻzbekiston hududida bir vaqtning oʻzida kuchga kiradi.
Qonunlarning toʻliq matni “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining axborotnomasi”, “Xalq soʻzi”, “Narodnoye slovo” gaze­talarida chop etiladi. Mazkur nashrlar qonunning birinchi rasman eʼlon qilinishi hisoblanadi. Matbuotda eʼlon qilingan qonun (agar uni kuchga kiritish toʻgʻrisidagi qarorda boshqacha muddat nazarda tutilmagan boʻlsa) shu vaqtdan boshlab yuridik kuchga ega boʻladi.
Yangi qabul qilingan qonunlar haqida televideniyening axborot koʻrsatuvlari orqali xabar beriladi.

Yüklə 296,23 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   56   57   58   59   60   61   62   63   ...   96




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin