Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati majlislari zaruratga qarab, lekin yiliga kamida uch marta oʻtkaziladi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining majlislari, agar ular ishida barcha deputatlar, senatorlar umumiy sonining kamida yarmi ishtirok etayotgan boʻlsa, vakolatli hisoblanadi. Konstitutsiyaviy qonunlarni qabul qilishda barcha deputatlar, senatorlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etishi shart. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati majlislarida, shuningdek ularning organlari majlislarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Bosh vazir, Vazirlar Mahkamasining aʼzolari, Respublika Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Oliy xoʻjalik sudi raislari, Bosh prokurori, Markaziy banki boshqaruvining raisi ishtirok etishlari mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va uning organlari majlislarida Senat Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati va uning organlari majlislarida Qonunchilik palatasi Spikeri ishtirok etishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati alohida-alohida majlis oʻtkazadilar. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻshma majlislari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qasamyod qilganda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining, ichki va tashqi siyosatining eng muhim masalalari yuzasidan nutq soʻzlaganda, chet davlatlarning rahbarlari nutq soʻzlaganda oʻtkaziladi. Palatalarning kelishuviga binoan qoʻshma majlislar boshqa masalalar yuzasidan ham oʻtkazilishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining har ikki palatasi vakolat muddati tugagach, yangi chaqiriq Qonunchilik palatasi va Senati oʻz ishini boshlaguniga qadar avvalgi faoliyatini davom ettirib turadi. Ushbu faoliyatning bunday tartibga solinishidan koʻzlangan maqsad – qonun chiqaruvchi organ faoliyatidagi uzluksizlikni taʼminlashdan iboratdir. Yaʼni vakolat muddati tugagan va yangi tashkil etilgan Oliy Majlis oʻrtasida uzilish boʻlishi yoki muayyan muddat qonun chiqaruvchi organ ishlamasdan qolishi yoxud umuman mavjud boʻlmasligining oldini olishdir.
Ushbu masala Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan 2002-yil 12-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida”gi va “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi konstitutsiyaviy qonunlarning 5-moddasida oʻz aksini topgan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining birinchi majlislari aynan shu Qonunchilik palatasiga boʻlib oʻtgan saylovdan keyin ikki oydan kechiktirmay va Senat tarkib topganidan keyin bir oydan kechiktirmay Markaziy saylov komissiyasi tomonidan chaqiriladi.
Ushbu norma yanada tushunarli boʻlishi uchun bugungi kunda oʻz faoliyatini olib borayotgan Oliy Majlis palatalarining birinchi majlislari chaqirilgan sanani esga olish darkor. 2004-yilning 15-sentyabrida Markaziy saylov komissiyasining “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov boʻyicha saylov kompaniyasi boshlanishini eʼlon qilish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Unga koʻra, ikki palatali parlamentga saylov 2004-yilning 26-dekabr kuniga belgilandi va yuqori saviyada oʻtkazildi.
2005-yilning 17-20-yanvar kunlari Oʻzbekiston Respublikasi hududiy birliklarida, yaʼni 12 ta viloyat, Toshkent shahri va Qoraqalpogʻiston Respublikasida Oliy Majlis Senati aʼzolarining saylovi boʻyicha tegishli davlat hokimiyati vakillik organlarining majlislari boʻlib oʻtdi va unda 84 nafar senator saylandi.
2005-yilning 24-yanvarida 16 nafar Senat aʼzolarini tayinlash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni eʼlon qilindi.
2005-yilning 28-yanvarida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi – ikki palatali parlament shaklida ilk majlisini oʻtkazdi. Demak, 2004-yil 26-dekabrda saylov boʻlib oʻtgan boʻlsa, 2005-yil 28-yanvardagi ilk majlis ikki oydan kechiktirilmasdan va 2005-yil 17-20-yanvar hamda 2005-yilning 24-yanvarida Senat tarkibi shakllantirilgan boʻlsa, 2005-yil 28-yanvarida bir oydan kechiktirilmasdan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan chaqirildi.
Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi majlislari sessiyalar davrida oʻtkaziladi. Sessiyalar, qoida tariqasida, sentyabrning birinchi ish kunidan boshlab, kelgusi yilning iyun oyi oxirgi ish kuniga qadar oʻtkaziladi. Mamlakatimizda parlament bir palatali tizimda faoliyat olib borgan vaqtlarda bunday norma mavjud emas edi. Chunki deputatlar professional darajada, doimiy faoliyat olib bormas, ular oʻz faoliyatlari bilan shugʻullanar, zaruratga qarab chaqirilar edi. Bugungi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 120 ta deputati doimiy ravishda, faqat qonunchilik faoliyati bilan shugʻullanadilar. Ikki palatali parlamentning afzalligi ham shunda namoyon boʻlmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi yil davomida oʻz faoliyatini davom ettirib, majlislar oʻtkazadi. Ular sentyabr oyining birinchi ish kunidan boshlab kelgusi yilning iyun oyi oxirgi ish kuniga qadar sessiyalarini oʻtkazishi mumkinligi koʻzda tutilgan. Demak, xulosa qilsak, yilning avgust oyida sessiyalar oʻtkazilmaydi.
Oliy Majlisning Senati majlislari zaruratga qarab, lekin yiliga kamida uch marta oʻtkaziladi. Senat bir yilda kamida uch marta yigʻilish oʻtkazadi. Senat yigʻilishlarida muayyan muddat davomida Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonunlar muhokama qilinadi va kun tartibida belgilangan boshqa masalalar koʻrib chiqiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining majlislari, agar ular ishida barcha deputatlar, senatorlar umumiy sonining kamida yarmi ishtirok etayotgan boʻlsa, vakolatli hisoblanadi. Demak, palatalar majlislari vakolatli boʻlishi uchun Qonunchilik palatasidan kamida 60 nafar, Senatdan kamida 50 nafar deputatlar va senatorlar ishtirok etishi shart.
Konstitutsiyaviy qonunlarni qabul qilishda barcha deputatlar, senatorlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etishi zarur. Bizga maʼlum, konstitutsiyaviy qonunlar qonunchilik tizimida oʻz yuridik kuchi jihatidan joriy qonunlarga nisbatan yuqori mavqega ega. Shundan kelib chiqqan holda, ularni qabul qilish uchun barcha deputatlar va senatorlar sonining kamida uchdan ikki qismi, yaʼni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining kamida 80 nafari, Senatning kamida 66 ta aʼzosi ishtirok etishi shart.
Demokratiyaning muhim tamoyillaridan biri – oshkoralikdir. Huquqiy demokratik davlat barpo etish yoʻlida olgʻa intilayotgan Oʻzbekiston Respublikasida qonun chiqaruvchi organ – Oliy Majlis oʻz majlislarini oshkoralik tamoyili asosida olib boradi. Shuning uchun har ikki palataning majlislarida, shuningdek, ularning organlari majlislarida mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim oʻrin tutadigan quyidagi davlat organlarining vakillari va mansabdor shaxslar ishtirok etishi mumkin:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti;
Bosh vazir;
Vazirlar Mahkamasining aʼzolari;
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Oliy xoʻjalik sudi raislari;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori;
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining raisi.
Shuningdek, Qonunchilik palatasi va uning organlari majlislarida Senat Raisi, Senat va uning organlari majlislarida Qonunchilik palatasi Spikeri ishtirok etishi mumkin. Bu har ikki palata oʻrtasidagi hamkorlikni taʼminlash barobarida ishning samarasini oshirishi shubhasiz.
Bundan tashqari, Qonunchilik palatasi va Senat majlislarida, shuningdek, ularning organlari majlislarida qoʻyilgan masalalarning tegishliligiga qarab turli davlat organlari, nodavlat-notijorat tashkilotlari, diplomatik vakolatxonalar vakillari, davlatlararo tashkilotlar va xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalarining vakillari va mustaqil ekspertlari taklif etiladi.
Qonunchilik palatasi va Senat alohida-alohida majlis oʻtkazadilar. Albatta, har ikki palataning mustaqil hal etadigan vakolatlari mavjud. Ularni amalga oshirish uchun Qonunchilik palatasi va Senat alohida majlis oʻtkazib, tegishli masalalarni mustaqil hal etadi.
Ayrim hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati qoʻshma majlislar oʻtkazishi mumkin. Ikki palataning qoʻshma majlisi quyidagi hollarda oʻtkaziladi: