O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi” faniga kirish. Fanning predmeti, maqsadi va vazifalari



Yüklə 296,23 Kb.
səhifə65/96
tarix09.10.2023
ölçüsü296,23 Kb.
#153229
1   ...   61   62   63   64   65   66   67   68   ...   96
Seminar mavzulari — копия (6)

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidentini saylash tartibi qonun bilan belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat boshligʻi boʻlganligi sababli, ushbu lavozimni egallash uchun nomzodga konstitutsiya darajasida talablar qoʻyilishi tabiiy hol. Chunki davlat boshligʻining hokimiyat organlari tizimidagi oʻrni beqiyos boʻlib, davlat va xalq taqdiri, jamiyatning rivojlanishi, mamlakatdagi tinchlik, totuvlik hamda toʻkin-sochinlik ushbu lavozimdagi shaxsning faoliyati darajasiga bevosita bogʻliq. Shunday ekan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimini egallash uchun faqat Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari xaqli boʻlib, ushbu fuqarolarning yoshi oʻttiz beshdan kichik boʻlmaslik talabi aynan uning hayotiy tajribaga ega, oq-qorani tanigan, xalq orasida oʻzining isteʼdodini koʻrsata olgan, huquq, siyosat, iqtisod, diplomatik yoʻnalishlarni yaxshi oʻzlashtirgan shaxs boʻlib yetishishiga zamin tayyorlay oladigan muayyan davrni taqozo etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat tilini yaxshi bilishi lozim deyilgan qoida umummilliy qadriyatimizdan kelib chiqib belgilangan. Oʻzbekiston Respublikasida davlat tili oʻzbek tili boʻlganligi, davlatning oʻz rasmiy tilining mavjudligi ham mustaqil davlat belgilaridan biri ekanligi, milliy tilni bilgan shaxs shu xalqning urf-odatini, qadriyatlarini himoya qila oladigan asl xalq farzandi boʻlishi ushbu talabning mutlaqo haqqoniyligini koʻrsatadi.
Saylovga qadar Oʻzbekiston hududida 10 yil muqim yashashlik talabi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga nomzodning davlat va jamiyat oldidagi muammolarni his qila olishi, jamiyat hayoti, turmush tarziga oqilona yondasha bilish kabi holatlarning kafili boʻlib xizmat qiladi. 10 yil davomida muqim yashaganlik talabining mavjudligi orqali Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga nomzodning shu davr ichida chet elda vaqtinchalik boʻlganligini nazarda tutmay, balki muayyan muddat xorijda doimiy yashaganlik holatining ehtimoliga ishoradir. Bu qoida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning xorijiy davlatlarda muayyan vaqt doimiy yashaganligi tufayli oʻsha davlat taʼsiriga tushib qolganlik ehtimolining oldini olishni maqsad qilib qoʻyadi.
Prezidentlikka nomzod, fuqarolikka qanday asoslarga koʻra ega boʻlganligidan qatʼi nazar, fuqarolik hamma uchun teng deyilgan Konstitutsiyada mustahkamlangan qoidaga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlishining oʻzi yetarlidir. Hatto eng demokratik davlat taʼrifiga daʼvogarlik qiluvchi AQSHda ham davlat rahbarligiga nomzod tugʻilishiga koʻra AQSH fuqarosi boʻlishi va bunda faqat AQSH hududida tugʻilganligi asos qilib qoʻyilgan. Boshqacha aytganda, AQSHda prezidentlikka nomzod uchun qoʻyilgan talab AQSHning barcha fuqarolarini ham tengligini kafolatlay olmaydi.
Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti boʻlishi mumkin emas, deb oʻrnatilgan qoidaning mazmuni, bir shaxsning ketma-ket faqat ikki muddat davomida hokimiyat tepasida boʻlishi mumkinligini bildiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Oʻzbekiston xalqi tomonidan saylanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti xalq tomonidan bevosita saylanadi deyilganda, saylash huquqiga ega boʻlgan saylovchilar nazarda tutilmoqda. Prezident lavozimiga oʻtkaziladigan saylovlar umumiy, teng, toʻgʻridan-toʻgʻri hamda erkin saylov prinsiplari asosida oʻtkazilib, unda yashirin ovoz berish qonun bilan kafolatlangan. Prezident saylovini oʻtkazish “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi toʻgʻrisida”gi qonun bilan huquqiy tartibga solingan. Ushbu qonunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazish bilan bogʻliq barcha munosabatlar oʻz aksini topgan.
Mazkur normada Prezident vakolat muddatining yetti yil qilib belgilanishida, birinchidan, Prezidentning oʻz oldiga qoʻyilgan barcha davlat vazifalarini bajarishi va oʻzi ilgari surgan dasturni hayotga tatbiq etishi, ikkinchidan, Prezident parlament, hukumat va sud organlaridan vakolat muddatiga koʻra maʼlum masofada ajralib turishi va ayni vaqtda, hokimiyatning barcha tizimlariga, siyosiy partiya va ijtimoiy harakatlarga nisbatan xolisona boʻlish kabi omillarning ahamiyati katta. Italiya, Turkiya, Suriya kabi respublikalarda ham Prezidentning vakolat muddati yetti yil boʻlib, ushbu muddat bejiz belgilanmagan, albatta.
Bugungi kunda mustaqil davlat barpo etish borasidagi amaliyot koʻrsatib turganidek, Oʻzbekiston oʻzining barqaror konstitutsiyaviy tuzumiga ega boʻlishi uchun oʻn yilga yaqin muddatni qamrab olgan oʻtish davridek masʼuliyatli sinovni boshidan kechirdi. Bir tuzumdan undan tamomila farq qiluvchi ikkinchi tuzumga oʻtish, ayniqsa, mohiyatan eksperiment boʻlgan, insoniyat boshiga katta kulfatlar keltirgan tuzumdan, qadriyatlarimizni qayta tiklash evaziga erishilayotgan, taraqqiyparvar tuzumga oʻtish oson kechmadi, albatta. Shunday davrlar uchun moʻljallab qabul qilingan tarixiy islohotlar va dasturlarni bajarish oʻnlab yillarni talab qilishiga eng yangi tariximiz yorqin guvohlik bermoqda.
107-modda. Prezident oʻz vazifasini bajarib turgan davrda boshqa haq toʻlanadigan lavozimni egallashi, vakillik organining deputati boʻlishi, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi mumkin emas.
Prezidentning shaxsi daxlsizdir va qonun bilan muhofaza etiladi.
Ushbu modda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining huquqiy maqomiga tegishli baʼzi qoidalarni oʻzida mujassam etadi. Prezident oʻz vazifasini bajarib turgan vaqtda, yaʼni vakolat muddati davrida boshqa haq toʻlanadigan lavozimni egallashi mumkin emas, deyilgan qoidaning mazmuni, birinchidan, xaq toʻlanadigan lavozimni egallashi bilan oʻsha lavozim qaysidir idoraga tegishli boʻlganligi sababli unga maʼmuriy boshqaruv yuzasidan taʼsir etish imkoniyati yuzaga kelishini oldini olish, ikkinchidan, mehnatga haq toʻlash barobarida moddiy manfaatdorlik masalasida yuzaga kelish ehtimoli boʻlgan kelishmovchiliklarni bartaraf etishni anglatsa, uchinchidan, davlat boshligʻi vazifalari koʻlamining kengligini nazarda tutsak, ushbu qoida uning faoliyat samaradorligini oshirishini bildiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti vakillik organining deputati boʻlishi mumkin emasligi Konstitutsiyamizda mustahkamlangan “hokimiyat boʻlinishi” prinsipining talabi, uni hayotga tatbiq etilishining yana bir koʻrinishidir. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti umumxalq saylovi orqali hokimiyat vakolatiga ega boʻlib, oliy vakillikni amalga oshiradi, u butun xalq oldida hisobdordir. Vakillik organi deputati esa, avvalo, oʻzi mandat olgan muayyan hududiy birlik saylovchilari hamda siyosiy partiyalar yoki saylovchilarning tashabbuskor guruhlari taʼsirida faoliyat yuritadi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning oʻzaro hamkorlik qilishini taʼminlash funksiyasining mazmuni, uning deputatlik mandatiga ham egalik qilishi mumkinligini mantiqqa zid boʻlishini koʻrsatadi.
Davlat boshligʻining tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanmasligi konstitutsiyaviy qoida sifatida bejiz mustahkamlanmagan. Davlat iqtisodiyoti bilan bevosita shugʻullanadigan shaxsning oʻz shaxsiy manfaati yuzasidan tadbirkorlik faoliyati bilan band boʻlishi, albatta, mumkin emas. Iqtisodiy sohani boshqarish mexanizmiga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti faqat xalq va davlat manfaatlariga xizmat qilishi, oʻz vakolatlarini vijdonan bajarishi lozim. Buning uchun davlat boshligʻiga qonunda belgilangan tartibda mehnat haqi beriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining vakolatlari ham mazmunan uning tadbirkorlik bilan shugʻullanishiga izn bermaydi.
2003-yil 25-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti faoliyatining asosiy kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining faoliyati bilan bogʻliq moddiy- ijtimoiy taʼminot masalalari huquqiy mustahkamlangan.
Bundan tashqari, Prezident shaxsining daxlsizligi qoidasiga asosan, uning daxlsizlik va immunitetga egaligi mazkur qonunda koʻrsatib oʻtilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti oʻz vazifasini egallab turgan davrda ham, isteʼfoga chiqqanidan soʻng ham butun hayoti mobaynida daxlsizlik va immunitetga ega boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining, Oʻzbekiston Respublikasi eks-Prezidentining davlat muhofazasi va xavfsizligini taʼminlashda huquqiy kafolatlarning mavjudligi, davlat va jamiyat tinchligi hamda osoyishtaligining ham kafolati hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi eks-Prezidenti Prezidentlik lavozimida boʻlgan davrdagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti vakolatlarini bajarish bilan bogʻliq harakatlari uchun jinoiy va boshqa xil javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
108-modda. Prezident Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi yigʻilishida quyidagi qasamyodni qabul qilgan paytdan boshlab oʻz lavozimiga kirishgan hisoblanadi:
"Oʻzbekiston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga, respublikaning Konstitutsiyasi va qonunlariga qatʼiy rioya etishga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga kafolat berishga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishga tantanali qasamyod qilaman".
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti umumxalq saylovidan soʻng, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov natijalari rasmiy tarzda eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kechi bilan ikki oy ichida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qasamyodini qabul qilishi bilan bogʻliq tantanali marosimni oʻtkazish uchun Oliy Majlis palatalarining qoʻshma majlisi chaqiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qasamyod qabul qilgan paytdan boshlab oʻz lavozimiga kirishgan hisoblanadi yaʼni shu vaqtdan boshlab Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan vakolatlarga toʻliq egalik qiladi, davlat boshligʻi sifatidagi masʼuliyatni oʻz zimmasiga oladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qasamyodi matnining bevosita Konstitutsiyadan oʻrin olganligi ushbu qasamyod qabul qilinishining naqadar keng ahamiyat kasb etishini koʻrsatadi.



Yüklə 296,23 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   61   62   63   64   65   66   67   68   ...   96




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin