2. OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING PREZIDENTI 105-modda. Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti davlat boshligʻidir va davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini taʼminlaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining “Davlat hokimiyatining tashkil etilishi” deb nomlangan beshinchi boʻlimida davlat hokimiyati organlarini shakllantirish, uning faoliyatidagi asosiy qoidalar hamda davlat hokimiyati vakolatlari bilan bevosita bogʻliq boʻlgan ijtimoiy munosabatlar huquqiy jihatdan mustahkamlangan. Ushbu boʻlimning oʻn toʻqqizinchi bobi tegishli moddalari bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining huquqiy maqomini belgilab beradi. Shu jihatdan mazkur sharhlanayotgan 89-modda davlat hokimiyati tizimida markaziy oʻrinni egallagan, mamlakat siyosiy tizimining oʻzagi hisoblangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimining mazmuni va uning asosiy vazifasini oʻzida ifodalaganligi bilan ajralib turadi.
Davlat boshligʻi – muayyan mamlakatda davlat hokimiyatining yagonaligini belgilovchi omil, millat birligining timsoli hamda davlat ramzi boʻlib, mamlakat ichki va tashqi siyosatida uning vakili sifatida namoyon boʻladi.
Davlat boshligʻi instituti davlat hokimiyati organlari tizimida tarixan shakllanishiga, rivojlanishiga hamda davlat organlari tizimidagi oʻrniga koʻra ham birlamchi ahamiyat kasb etadi. Insoniyat tarixida ijtimoiy boshqaruvning ilk koʻrinishlari paydo boʻlgan davrdan boshlab shu kungacha ham mamlakatni davlat boshligʻisiz tasavvur etib boʻlmaydi.
Bugungi kunda davlat boshligʻining huquqiy maqomi, uning davlat hokimiyati organlari tizimida tutgan oʻrni davlat boshqaruv shakliga koʻra tavsiflanadi. Davlat boshqaruv shaklining ikki koʻrinishi mavjud.
Birinchisi – monarxiya davlat boshqaruv shakli boʻlib, bunda davlat boshligʻi monarx, yaʼni qirol, podsho, imperator, amir deb nomlanadi. Monarx davlat boshligʻi lavozimini meros huquqi asosida, avloddan- avlodga oʻtishi orqali egallaydi.
Davlat boshqaruv shaklining ikkinchi koʻrinishi respublika deb nomlanadi. Bunda davlat boshligʻi – Prezident saylab qoʻyiladigan organ sifatida namoyon boʻladi. Baʼzi bir respublikalarda davlat boshligʻi vakolatlarining kollegial organ yoki boshqa davlat organlari tomonidan amalga oshirish belgilab qoʻyilgan.
Monarxiya davlat boshqaruvi asosan arab mamlakatlari hamda Gʻarbiy Yevropaning ayrim davlatlarida saqlanib qolgan. Ularda ham davlat boshligʻi – monarxning huquqiy holati turlicha.
“Prezident” soʻzi lotin tilidan olingan boʻlib, uning imloviy maʼnosi “oldinda oʻtiruvchi” demakdir.
Respublika davlat boshligʻi shakliga ega davlatlar dunyo hamjamiyatida katta qismni tashkil etadi. Davlat boshligʻining davlat hokimiyati tizimida tutgan oʻrni, vakolatlarining koʻlami uning hokimiyatga kelish, yaʼni saylanish usuliga bogʻliq.
Prezident parlament tomonidan saylansa, davlat boshligʻining davlat boshqaruvidagi oʻrni katta ahamiyat kasb etmaydi, balki hukumat boshligʻi davlat tizimida asosiy rol oʻynaydi. Prezident bevosita xalq tomonidan saylab qoʻyiladigan davlatlarda davlat boshligʻi xalqdan vakolat olgan organ sifatida davlat boshqaruvida keng vakolatlarga ega boʻlib, amalda davlat hokimiyat organlari tizimida birlamchi organ, mamlakatning siyosiy namoyandasi hisoblanadi.
Davlat hokimiyati markaziy organlarining soʻnggi toʻxtami, qarori albatta, davlat boshligʻi ruxsati, roziligi yoki uning nomi bilan ommaviy ravishda eʼlon qilinadi.
Davlat nomidan, xalq nomidan ish yuritish davlat boshligʻining birlamchi vakolati hisoblanadi.
Davlat boshligʻining faoliyati serqirra boʻlib, mamlakat ijtimoiy hayotining biror sohasi uning nazaridan chetda boʻlishi mumkin emas. Buning uchun uning vakolat doirasiga bir nazar solishning oʻzi kifoya qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasida Prezidentlik institutining vujudga kelishi, shakllanishi va rivojlanishi juda ham murakkab tarixiy davrga toʻgʻri keldi, toʻgʻrirogʻi, shunday davrdagi ogʻir va murakkab sinovga duch kelgan oʻzbek xalqi, milliy davlatchiligimizning kelajagini, uning mustaqilligini mamlakatda Prezidentlik lavozimini joriy etish zarurati bilan bogʻladi. Bunday qaror mamlakatning ijtimoiy-siyosiy, tarixiy burilishi pallasida davlat, millat, xalq taqdirini belgilashda dadil qaror qabul qilib, jurʼat bilan oqilona fikrlab, butun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olib faoliyat yurituvchi organ – davlat boshligʻi lavozimining oʻrnatilishi bilan bevosita bogʻliq.
Mamlakatimizda Prezident lavozimi Oliy Kengash tomonidan 1990-yilning 24-martida “Oʻzbekiston SSR Prezidenti lavozimini taʼsis etish va Oʻzbekiston SSR Konstitutsiyasi (Asosiy qonuni)ga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun bilan joriy etildi. Bu esa Oʻzbekistonning suverenitetga ega boʻlishida, uning ichki va tashqi siyosatini belgilashda dadil siyosiy qaror boʻldi.
Ushbu siyosiy qarorning qabul qilinishi oʻta qaltis vaziyatga – “qizil imperiya” komida, ustiga-ustak “sotsializm” gʻoyasi sarobga aylangan mamlakatda siyosiy-iqtisodiy, ijtimoiy-maʼnaviy tang ahvol paydo boʻlib, shunda ham “markaz” ittifoqdosh respublikalarga zoʻr berib zulm oʻtkazayotgan bir pallaga toʻgʻri keldi. Agar sobitqadamlik boʻlmasa, jurʼat yetmasa millatning taqdiri qanday boʻlishi respublikamiz rahbariga ayon edi. Shu sharoitda Oʻzbekiston ittifoqdosh respublikalar ichida birinchi boʻlib Prezident lavozimini oʻrnatdi, birinchi boʻlib oʻz Prezidenti – davlat boshligʻini sayladi. Mustaqillik davrining ilk kunlaridan mamlakat hayotining barcha sohalarida tub burilishlar qilish, islohotlar izchilligini, siyosiy tizimning barqarorligini taʼminlash ehtiyoji davlat boshligʻi, ayni paytda, ijro hokimiyatini ham boshqarishini, uning faoliyatiga rahbarlik qilishini taqozosi etdi, desak yanglishmaymiz. Oʻtish davri, yaʼni sobiq totalitar tuzumning asoratlaridan qutilish, mohiyatan yangi davlatchilik asoslarini yaratish, jamiyat ijtimoiy hayotini tubdan yangilash davrida butun ijro hokimiyati faoliyatiga rahbarlik Oʻzbekiston Respublikasida Prezident – davlat boshligʻi zimmasiga yuklatildi.
Oʻzbekiston Respublikasi milliy davlatchiligi mustahkam asoslarining qaror topishi, jamiyat iqtisodiy farovonligining ortishi, xalqimizning barqaror iqtisodiy, siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy yutuqlarga erishishi konstitutsiyaviy islohotlarni yanada yuqori bosqichga koʻtardi.
2002-yil 27-yanvarda oʻtkazilgan umumxalq referendumi natijalariga koʻra hamda uning asosida qabul qilingan 2003-yil 24-apreldagi qonunga muvofiq, Konstitutsiyaning qator boblariga, jumladan, XIX bobning 89 moddasiga kiritilgan tuzatish va qoʻshimchalarga binoan “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Vazirlar Mahkamasi Raisi” deyilgan qoida olib tashlandi. Bunga asosan Vazirlar Mahkamasi faoliyatiga rahbarlik qilish, u tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar va ijrosini taʼminlash Bosh Vazir zimmasiga yuklatildi. Yaʼni oʻtish davrining ogʻir sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan mamlakatimiz siyosiy tizimidagi islohotlar iqtisodiy islohotlar bilan chambarchas bogʻliq holda kechdi.
Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 11-aprelda “Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi konstitutsiyaviy qonuni hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga (89-moddasiga, 93-moddasining 15-bandiga, 102-moddasining ikkinchi qismiga) tuzatishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunining qabul qilinishi munosabati bilan davlat boshligʻi ijro etuvchi hokimiyat boshligʻi deyilgan norma olib tashlandi.
2008-yil 1-yanvardan boshlab, Oʻzbekiston Respublikasida Prezidentning huquqiy maqomi yangi mazmun kasb etib, uning zimmasiga davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini taʼminlash masʼuliyati yuklatildi.
Davlat boshligʻi – Prezidentning bunday huquqiy maqomga ega boʻlishi konstitutsiyaviy islohotlarning izchilligi, mamlakatni modernizatsiya qilish, jamiyat siyosiy hayotini yanada liberallashtirish, davlat hokimiyatini tashkil etish va uning faoliyatida siyosiy partiyalarning alohida va muhim oʻrni va ahamiyatining sezilarli darajada oʻsayotganligi bilan izohlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hokimiyat boʻlinish prinsipiga asosan tashkil qilingan boʻgʻinlar tarkibiga kirmaydi, balki, Konstitutsiyada mustahkamlangan vakolatlari asosida har uch mustaqil boʻgʻin faoliyati natijasida davlat hokimiyatining maqsadi va mazmuni yagonaligini taʼminlash funksiyasini bajaradi.
Davlat boshligʻining davlat organlari tizimidagi yetakchilik oʻrni, uning davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini taʼminlash, ularning hamkorlik qilishlariga shart-sharoit yaratish vazifasida toʻliq namoyon boʻladi. Mazkur funksiyani amalga oshirish orqali davlat mexanizmining bir maromda ishlashiga, davlat organlarining oʻzaro hamjihatlikda faoliyat yuritishiga erishiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yangi vakolatlari mazmunini tahlil qilsak, unda davlat hokimiyatining mavjud boʻlishi, shakllanishi, amalga oshirilishi jamiyat maqsadlarini, manfaatlar mushtarakligini taʼminlashdan iborat ekanligi ayon boʻladi. Ana shu maqsadlarni roʻyobga chiqarish hamda manfaatlar mushtarakligini taʼminlashda huquqiy asoslarning mavjudligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻz vazifasini toʻliq amalga oshirishiga xizmat qiladi. Bugungi kunda Rossiya Federatsiyasi, Fransiya davlatlari prezidentlarining davlat hokimiyati tizimida, yaʼni hokimiyat organlarining kelishgan holda hamkorlik bilan faoliyat yuritishini taʼminlash funksiyasi ularning huquqiy holatida namoyon boʻladi.
106-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga oʻttiz besh yoshdan kichik boʻlmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida 10 yil Oʻzbekiston hududida muqim yashayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi saylanishi mumkin. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti boʻlishi mumkin emas. Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari tomonidan umumiy, teng va toʻgʻridan- toʻgʻri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yoʻli bilan yetti yil muddatga saylanadi.