21) Oʻzbekiston Respublikasining ordenlari, medallari va yorligʻi bilan mukofotlaydi, Oʻzbekiston Respublikasining malakaviy va faxriy unvonlarini beradi; 22) Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga va siyosiy boshpana berishga oid masalalarni hal etadi; 23) amnistiya toʻgʻrisidagi hujjatlarni qabul qilish haqida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga taqdimnomalar kiritadi va Oʻzbekiston Respublikasining sudlari tomonidan hukm qilingan shaxslarni afv etadi; 24) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashini tuzadi va unga boshchilik qiladi, oʻz vakolatlari amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi maslahat- kengash organlarini va boshqa organlarni shakllantiradi; 25) ushbu Konstitutsiya va qonunlarda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti oʻz vakolatlarini bajarishni davlat organlariga yoki mansabdor shaxslarga topshirishga haqli emas. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining vakolatlarini mazmunan oʻrganish uchun davlat hokimiyati toʻgʻrisida kengroq tushuncha va tasavvurga ega boʻlishlik talab etiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat hokimiyati tizimidagi oʻrni, huquqiy maqomi aynan ushbu organning konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan vakolatlari doirasi bilan izohlanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti vakolati – uning funksiya va vazifalarini amalga oshirish vositasidan toʻliq foydalanish huquqi boʻlib, uning mazmunida yuksak masʼuliyat, burch va majburiyat ham oʻz aksini topadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining vakolatlarini koʻrib chiqish ijtimoiy sohalar boʻyicha davlat boshligʻining funksiyalarini tahlil qilish bilan chambarchas bogʻliq.
Avvalo, xalq va davlat nomidan vakillik funksiyalarini amalga oshirishi davlat boshligʻining xalqaro munosabatlarda siyosiy namoyanda sifatida tanilishiga xizmat qiladi. Ushbu funksiya orqali millat va davlatning qiyofasi, uning obroʻsi, dunyo hamjamiyatidagi oʻrniga baho berish imkoniyati yuzaga keladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mustaqillikning ilk yillarida dunyo hamjamiyatiga Oʻzbekistonni tanitish borasidagi saʼy-harakati orqali, yaʼni vakillik funksiyasiga daxldor vakolatlaridan samarali foydalanganligi uchun xalqaro hamjamiyat tez fursatda mamlakatimizni nafaqat tanidi, balki Oʻzbekiston bilan tenglik asosida har tomonlama hamkorlik qila boshladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik funksiyasiga doir vakolatlari sirasiga mamlakat ichkarisida va xalqaro munosabatlarda Oʻzbekiston nomidan ish koʻrish, muzokoralar olib borish hamda Oʻzbekiston Respublikasining shartnoma va bitimlarini imzolash, respublika tomonidan tuzilgan shartnomalarga, bitimlarga va uning qabul qilgan majburiyatlariga rioya etilishini taʼminlash, oʻz huzurida akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik hamda boshqa vakillarning ishonch va chaqiruv yorliqlarini qabul qilish, Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakillarini tayinlash uchun nomzodlarni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga taqdim etish vakolatlari kiradi hamda ushbu vakolatlardan samarali foydalanish nafaqat davlat boshligʻini mohir siyosatchi sifatida dunyoga tanitadi, ayni paytda, xalqimiz, davlatimiz siyosatini mazmunan namoyon boʻlishiga xizmat qiladi.
Xalqaro xamjamiyat darajasida munosabatga kirishish, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan muzokaralar oʻtkazish, shartnoma va bitimlar tuzish, ular asosida vujudga kelgan huquqlardan foydalanish, yuzaga kelgan majburiyatlarning bajarilishini taʼminlashga oid harakatlarni amalga oshirish, ayniqsa, chet davlatlarning diplomatik vakillari bilan siyosiy munosabatda boʻlish, davlatimiz nomidan diplomatik xodimlarni tanlash va tayinlash masalalari oʻta nozik davlat-huquqiy faoliyat hisoblanadi.
Xorijiy davlat diplomatik vakilining ishonch qogʻozlarini qabul qilar ekan, davlat boshligʻi uni oʻsha davlatning vakolatli vakili sifatida tan olishi akkreditatsiya atamasi bilan izohlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat boshqaruvidagi asosiy vakolatlari turkumiga mamlakat xavfsizligi, uning mudofaa qudratini taʼminlash, harbiy sohani boshqarish bilan bogʻliq vakolatlarini kiritishimiz mumkin. Chunonchi, Oʻzbekiston Respublikasining suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini muhofaza etish, milliy-davlat tuzilishi masalalariga doir qarorlarni amalga oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrish, Oʻzbekiston Respublikasiga hujum qilinganida yoki tajovuzdan bir-birini mudofaa qilish yuzasidan tuzilgan shartnoma majburiyatlarini bajarish zaruriyati tugʻilganida urush holati eʼlon qilish va qabul qilgan qarorini uch kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tasdigʻiga kiritish, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Oliy Bosh qoʻmondoni sifatida Qurolli Kuchlarning Oliy qoʻmondonlarini tayinlash va vazifasidan ozod qilish, oliy harbiy unvonlar berish, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatini tuzish, Milliy xavfsizlik xizmatining raisini tayinlash va lavozimidan ozod etish, keyinchalik shu masalalarga doir farmonlarni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tasdigʻiga kiritish kabi vakolatlar kiradi.
Davlat boshligʻi jamiyat va davlatdagi mavjud ijtimoiy munosabatlarning tahlilini, ularning yuzaga kelish sabablari va oqibatlarini toʻliq tasavvur qila olishi, buning uchun ham zarur chora-tadbirlarni koʻrishi lozimligi tufayli konstitutsiya va qonun ustunligi prinsiplariga asosan qonun ijodkorligi sohasida qator vakolatlarga ega. Bular jumlasiga Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarini imzolash va eʼlon qilish, qonunga oʻz eʼtirozini ilova qilib, uni takroran muhokama qilish va ovozga qoʻyish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qaytarish, respublika davlat boshqaruv organlarining, shuningdek, hokimlarning qabul qilgan hujjatlarini toʻxtatish, bekor qilish kabi vakolatlarni keltirish mumkin.
Mamlakatdagi huquq-tartibotni mustahkamlash, ayniqsa, sud hokimiyatining mustaqilligini taʼminlash borasidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining vakolatlari diqqatga sazovordir. Prezidentning huquq-tartibotni mustahkamlash, jamiyatning tinchlik-xotirjamligini, har bir fuqaroning huquq va erkinligini taʼminlashga qaratilgan asosiy funksiyasining yana bir yoʻnalishi sudlov hokimiyatini shakllantirish, sudʼyalar korpusini tayinlash bilan bevosita bogʻliq.
Sudlov hokimiyatini shakllantirar ekan, ushbu yoʻl bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sudʼyalarning mustaqilligini taʼminlaydi, sudʼyalar oʻz vakolatlarini boshqa biror hokimiyat organi taʼsirisiz amalga oshirish imkoniyatiga ega boʻladi. Prezident Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga Konstitutsiyaviy sud raisi va sudyaligiga, Oliy sud raisi va sudyaligiga, Oliy xoʻjalik sudi raisi va sudyaligiga nomzodlarni taqdim etadi. Shuningdek, viloyat, tumanlararo, tuman, shahar, harbiy va xoʻjalik sudlarining sudyalarini tayinlaydi va lavozimlaridan ozod etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat boshligʻi sifatida qonuniylikni taʼminlash, qonunlarni mamlakatimiz hududida bir holda bajarilishini nazorat qilish funksiyasiga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasining xolislik bilan faoliyat yuritishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori va uning oʻrinbosarlarini tayinlash va ularni lavozimidan ozod qilish, keyinchalik bu masalalarni Oliy Majlis Senati tasdigʻiga kiritish vakolatiga ham ega ekanligini alohida taʼkidlash lozim.
Davlat boshligʻi mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishida katta ahamiyat kasb etuvchi, moliyaviy munosabatlarda alohida oʻringa ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki faoliyatiga masʼul shaxsning nomzodini tanlaydi. Markaziy bankning rahbari, yaʼni bank boshqaruv raisi lavozimiga nomzodni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga tasdiqlash uchun taqdim etadi.
Har bir davlatning ekologiya sohasiga taalluqli alohida siyosati mavjud boʻlib, ayniqsa, global muammolar yuzaga kelayotgan bugungi kunda atrof tabiiy muhitni himoya qilish har doimdagidan ham dolzarbroq vazifa boʻlib qolmoqda. Shuning uchun ham ushbu vazifani amalga oshirish davlat hokimiyati organlari taʼsiridan xoli organning mavjud boʻlishini taqazo etadi. Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining davlat ekologiya siyosatini amalga oshirishdagi oʻrni benihoya yuqori ahamiyat kasb etadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti ushbu qoʻmita raisi lavozimiga nomzodni tanlash va uni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tasdigʻiga kiritish vakolatiga ega.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat rahbari boʻlganligi sababli, hokimiyat boʻlinishi tamoyilidan kelib chiqib, hokimiyat tarmoqlarining oʻzaro kelishgan holda davlat va hokimiyat manfaatlariga xizmat qilishini taʼminlash, davlat hokimiyati faoliyatining samaradorligini oshirish borasidagi imkoniyatni kengaytirish maqsadida Konstitutsiyada quyidagi qoidalar mustahkamlangan: Prezident Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi lavozimiga saylash uchun nomzodni Senatga taqdim etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining davlat organlarini shakllantirish, mamlakat hududiy birliklari manfaatlarining mushtarakligini taʼminlash, milliy huquqiy tizimni rivojlantirish borasidagi faoliyati unga rahbar boʻlgan shaxsning davlat boshligʻi bilan hamkorlikda oʻzaro kelishib ishlashini, siyosiy jihatdan ular xamfikr boʻlishini taqazo etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti fuqarolarning huquq va erkinliklariga kafolat beradi, shuning uchun ham davlat boshligʻining vakolatlari oʻz mazmuni va mohiyatiga koʻra ushbu kafillikning amalda boʻlishini taʼminlashga xizmat qiladi. Shu oʻrinda ushbu qoida nafaqat Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga, balki Oʻzbekiston Respublikasi xududida boʻlgan fuqaroligi boʻlmagan yoki xorijiy davlatlar fuqarolarining huquq va erkinliklariga ham taalluqli ekanligini taʼkidlash joiz.
Oʻzbekiston Respublikasi dunyo hamjamiyatining teng huquqli aʼzosi boʻlib, Asosiy qonunimizda umuminsoniy qadriyatlarni himoya qilish davlat hokimiyatining asosiy vazifasidir, degan gʻoya mustahkamlangan.
Konstitutsiyamizda belgilangan asosiy prinsiplardan biri insoniy qadriyatlarni ulugʻlash, targʻib qilish va muhofaza qilish hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining vakolatlari butun davlat hokimiyati faoliyatini inson hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va daxlsiz huquqlarini himoya qilish uchun safarbar etishga qaratilgan. Bunda Konstitutsiya va qonunlarga rioya etilishini taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga jiddiy masʼuliyat yuklaydi. Konstitutsiya va qonunning ustunligini himoya qilish, mamlakatda adolat va qonuniylikni oʻrnatish davlat boshligʻining ustuvor vazifasidir.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat boshligʻi boʻlganligi sababli davlat nomidan mukofotlar, malakaviy va faxriy unvonlar berish vakolatiga ega. Davlat mukofotlari shaxsning davlat va jamiyat oldidagi xizmatlari evaziga berilib, uni maʼnaviy jihatdan ragʻbatlantirish hisoblanadi. Malakaviy unvon shaxsning muayyan soha boʻyicha tajribali mutaxassis sifatida tan olingani, uning maʼlum bir yutuq va natijalarga erishgani, sohani rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun, faxriy unvon esa, shaxsning uzoq yillik halol va mashaqqatli mehnat faoliyatini taqdirlash uchun beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti shaxslarning huquqiy maqomiga tegishli vakolatlarini amalga oshirar ekan, shaxslarni Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish, siyosiy boshpana berishga oid masalalarni hal qiladi.
Ushbu moddaning oxirgi bandida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti vakolatlarini amalga oshirishni boshqa organlar hamda mansabdor shaxslarga topshirishi mumkin emas, degan qoida mustahkamlangan. Dyemak, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti oʻz vakolatlarini bevosita oʻzi amalga oshirishga xaqlidir. Hech bir davlat organi yoki mansabdor shaxs tomonidan uning vakolatini oʻzlashtirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Davlat siyosatining muhim yoʻnalishlari har bir ijtimoiy sohaga tegishli boʻlib, ijro hokimiyati orqali boshqaruvni tashkil etishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining vakolatlarini alohida taʼkidlash maqsadga muvofiqdir. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti ijro hokimiyatini shakllantirish vakolati orqali ularga taʼsir etish, qonunlarni ijro etilishini kuchli nazorat qilish vositasiga ega boʻladi.
Ijro hokimiyatini shakllantirish hamda oliy mansabdor shaxslarni lavozimiga tayinlashdagi ishtiroki bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini, ularning hamkorligini taʼminlashga erisha oladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ijro hokimiyati faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq asosiy vakolatlari 2007-yil 11-aprelda qabul qilingan “Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonunda yanada aniq belgilab qoʻyildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti ijro hokimiyatining faoliyati uchun shaxsan masʼuliyatli hisoblangan Bosh vazir lavozimiga nomzodni koʻrib chiqishi hamda tasdiqlashi uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatiga taqdim etadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirini qonun talablari asosida lavozimidan ozod etishga haqli.
U Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi aʼzolarini Bosh vazir taqdimiga koʻra lavozimlarga tasdiqlaydi va ozod qiladi.
Prezident davlat boshligʻi sifatida mahalliy davlat hokimiyati organlarini shakllantirish hamda ular faoliyatini nazorat qilish funksiyasini amalga oshirishda quyidagi vakolatga ega: viloyatlar hokimlarini hamda Toshkent shahar hokimini qonunga muvofiq tayinlaydi hamda lavozimidan ozod etadi. Konstitutsiyani, qonunlarni buzgan yoki oʻz shaʼni va qadr-qimmatiga dogʻ tushiradigan xatti-harakat sodir etgan tuman va shahar hokimlarini Prezident oʻz qarori bilan lavozimidan ozod etishga haqlidir.