8-Mavzu: Davlat hokimiyatining tashkil etilishi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi. Mahalliy davlat hokimiyati asoslari. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari. Reja: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi — ijro etuvchi organ
Mahalliy davlat hokimiyati asoslari.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari.
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Vazirlar Mahkamasi — O‘zbekiston Respublikasi Hukumati ijro etuvchi hokimiyatning oliy organi bo‘lib, iqtisodiyot, ijtimoiy va ma’naviy sohalarning samarali faoliyat ko‘rsatishiga rahbarlik qilishni, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini ta’minlaydi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida yangi tahrirdagi qonun 2019-yil 10-dekabrda O‘RQ-591 sonli qaror bilan imzolangan va bu qonun 50 moddadan iborat bo‘lib unda vazirlar mahkamasining maqsad va vazifalari, tarkibi va aloqalari bayon qilingan.
Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasida ijro etuvchi hokimiyatning yagona tizimiga rahbarlik qiladigan kollegial organdir. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi, inson hamda fuqaroning huquqlari va erkinliklarini ta’minlash, kollegiallik, hokimiyat tarmoqlarining bo‘linishi va hamkorligi, shuningdek ochiqlik va shaffoflik Vazirlar Mahkamasi faoliyatining asosiy prinsiplaridir. Yangi tahrirdagi konstitutsiyamizda Mazirlar Mahkamasi to‘g‘risida quyidagi moddalar kiritilgan.
114-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi hokimiyatni amalga oshiradi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, uning o‘rinbosarlari va vazirlardan iborat. Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumatining boshlig‘i Vazirlar Mahkamasi tarkibiga o‘z lavozimi bo‘yicha kiradi. Vazirlar Mahkamasi o‘z faoliyatini ijro etuvchi hokimiyat faoliyatining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadigan asosiy yo‘nalishlari doirasida amalga oshiradi. 115-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi: 1) samarali iqtisodiy, ijtimoiy, soliq va byudjet siyosati amalga oshirilishi, ilm-fan, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlashni hamda iqtisodiyotning va ijtimoiy sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirishga doir dasturlarning ishlab chiqilishi hamda bajarilishi uchun javobgar bo‘ladi; 2) barqaror iqtisodiy o‘sishni, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qulay investitsiyaviy muhitni yaratish, hududlarni kompleks va barqaror rivojlantirish bo‘yicha choralar ko‘radi; 3) aholini, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish tizimining samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlaydi; 4) atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy boyliklarni va biologik xilma-xillikni saqlash, iqlim o‘zgarishiga, epidemiyalarga, pandemiyalarga qarshi kurashish hamda ularning oqibatlarini yumshatish sohalarida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi; 5) yoshlarga oid davlat siyosatining amalga oshirilishini ta’minlaydi, oilani qo‘llab-quvvatlash, mustahkamlash va himoya qilish, an’anaviy oilaviy qadriyatlarni saqlash bo‘yicha choralar ko‘radi; 6) fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshiradi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda ijtimoiy sheriklik dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ularning ishtirok etishini ta’minlaydi; 7) fuqarolarning iqtisodiy, ijtimoiy hamda boshqa huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi; 8) O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, Oliy Majlis palatalari qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini ta’minlaydi;