135-modda. O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi sudyalar hamjamiyatining mustaqil organi bo‘lib, u sudyalar korpusining shakllantirilishini, sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini ta’minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisi va uning o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan besh yillik muddatga saylanadi. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining raisi, rais o‘rinbosari etib saylanishi mumkin emas.
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashini tashkil etish va uning faoliyati tartibi qonun bilan belgilanadi.
Sudyalar oliy kengashiga konstitusiyaviy maqom berilganligi unga yuklatilgan vazifalarni mustaqil va samarali amalga oshirilishining muhim konstitusiyaviy kafolati hisoblanadi. Qayd etish joizki xalqaro standartlarda bunday vazifani amalga oshiruvchi organ maqomi konstitusiyaviy tartibga solinishi yuksak e'tirof etiladi. Shuning uchun ham ko'pgina rivojlangan demokratik davlat konstitusiyalari bunday vazifani amalga oshiruvchi organlar faoliyatini tartibga soluvchi normalarni o'zida ifodalagan. Bu yerda yana bir e'tiborli jihati shundaki, mazkur organni tashkil etish va uning faoliyati avvaligdek davlat boshlig'i farmoyishi bilan tasdiqlangan nizom asosida emas, balki qonun bilan belgilanishidir. Biz bilamizki, qonunlar eng muhim va barqaror ijtimoiy munosabatlarni tartibga solib, oliy davlat vakillik organi tomonidan deputatlar va senatorlar ishtirokida bir necha va davomli muhokamalardan, turli ekspertizalardan o'tib qabul qilinadi hamda Prezident tomonidan imzolanib, matbuotda e'lon qilingachgina kuchga kiradi. 2017-yil 6-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to’g’risida”gi Qonun bevosita O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining faoliyatini tartibga solishga qaratilgan. Mazkur Qonunning 4-moddasida Kengash faoliyatining asosiy prinsiplari o’z aksini topgan:
Kengash faoliyatining asosiy prinsiplari qonuniylik, mustaqillik, kollegiallik, xolislik, o‘z a’zolarining teng huquqliligi va ochiqlikdan iboratdir.
Kengash va uning a’zolari o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari talablariga rioya etishi hamda ularni bajarishi shart.
Kengash o‘z faoliyatini faqat qonunga bo‘ysungan holda, davlat organlari va boshqa tashkilotlardan, shuningdek mansabdor shaxslardan mustaqil ravishda amalga oshiradi. Kengashning faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Kengash qarorlari uning majlisida kollegial ravishda qabul qilinadi.
Kengash a’zolari qarorlar qabul qilishda siyosiy qarashlardan va boshqa tashqi ta’sirlardan xoli bo‘lgan o‘z nuqtai nazarini ifodalaydi.
Kengashning barcha a’zolari teng huquqlidir va uning vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilishda bittadan ovozga egadir.
Kengash o‘z faoliyatini ochiq tarzda, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, boshqa tashkilotlar va fuqarolar, shuningdek ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda amalga oshiradi.