137-modda.Hamma sudlarda ishlar ochiq ko‘riladi. Ishlarni yopiq majlisda tinglashga qonunda belgilangan hollardagina yo‘l qo‘yiladi.
Sudlarda ishlarni oshkora muhokama qilish tamoyili barcha jinoyat va fuqarolik ishiga taalluqlidir. Mazkur tamoyil fuqarolik yoki jinoyat ishlarida taraf sifatida ishtirok etmagan fuqarolar uchun u yoki bu sud ishini sud tomonidan muhokama qilish paytida ishtirok qilish imkoniyatini ta'minlab beradi. Sud jarayoni sudda ishtirok etayotgan fuqarolarga hamda sudlanuvchining o'ziga tarbiyaviy jihatdan ta'sir qiladi.
Yopiq sud muhokamasida ishlarni ko'rish zaruriy holatlarda va qonunga asoslangan ravishda o'tkaziladi. Masalan, JPKga binoan, agarda sud muhokamasida davlat sirlarini oshkora qilish xavfi mavjud bo'lsa yoki jinoyat ishi jinsiy jinoyat bilan aloqador bo'lsa, bunday ishlar yopiq sud majlisida muhokama qilinadi.
Yopiq sud majlisiga, sudning ajrimiga ko'ra, 18 yoshga yetmagan shaxslar taklif qilinmaydi. Boshqa ishlar bo'yicha, agarda ularga asosan fuqarolarning shaxsiy hayotini oshkora qiluvchi yoki ularning qadr-qimmatini kamsituvchi hollarda yoki jabrlanuvchi, guvoh va ishda ishtirok etayotgan boshqa shaxslarning, ularning oila a'zolarining shaxsiy xavfsizligini ta'minlashga daxldor hollarda sud muhokamalari yopiq sud majlisida o'tkaziladi.
138-modda.Sud hokimiyatining hujjatlari barcha davlat organlari va boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar hamda fuqarolar uchun majburiydir.
Mamlakatimizda bugungi kunda turmushning barcha sohalarida islohotlar bo'layotganligi hech kimga sir emas. Ushbu islohotlardan ko'zlangan maqsadlardan biri iqtisodiyot, odil sudlov, davlat tuzilmalari yo'lida g'ov bo'lib turgan, har bir insonga uning munosib turmush kechirishi, o'z imkoniyatlarini to'liq namoyon etishi uchun shart sharoit yaratishga hamda fuqarolarimiz farovonligining oshishiga xalal berayotgan barcha to'siqlarni bartaraf etishdan iborat.
Ushbu islohotlarni amalga oshirishda sud qarorlarini ijro etish tizimining takomillashtirilishi muhim ahamiyatga ega. CHunki, sud qarorlarini ijro qilish fuqarolarning buzilgan qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishning hal qiluvchi bosqichi hisoblanadi.