7. Advokatura 141-modda. Jismoniy va yuridik shaxslarga malakali yuridik yordam ko‘rsatish uchun advokatura faoliyat ko‘rsatadi. Advokatura faoliyati qonuniylik, mustaqillik va o‘zini o‘zi boshqarish prinsiplariga asoslanadi. Advokaturani tashkil etish va uning faoliyati tartibi qonun bilan belgilanadi.
142-modda. Advokat o‘z kasbiy vazifalarini amalga oshirayotganda uning faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi. Advokatga o‘z himoyasidagi shaxs bilan moneliksiz va xoli uchrashish, maslahatlar berish uchun shart-sharoitlar ta’minlanadi. Advokat, uning sha’ni, qadr-qimmati va kasbiy faoliyati davlat himoyasida bo‘ladi va qonun bilan muhofaza qilinadi.
Advokatura instituti (lot. Advocatus, taklif etilgan ma'noni anglatadi) antik davrda, ya'ni Qadimgi Yunoniston va Rimda nizolashuv jarayonining vujudga kelishi bilan birga paydo bo'lgan.
Hozirgi O'zbekiston hududidagi advokaturaning paydo bo'lishi XIX asrning II yarmida Qo'qonda faoliyat yuritgan birinchi o'zbek advokati Abdunabi Qurolboy nomi bilan e'tirof etiladi.
Sobiq Ittifoq davriga kelib advokatura institutining rivojlanishi davom etdi, ammo bu davrda faoliyat yuritayotgan advokatlar hay'atlarining ko'p jihatdan davlat hokimiyati idoralariga qaram bo'lganligi, o'z navbatida advokaturaning mustaqil faoliyat yuritishiga, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarining to'liq himoya qilinishiga to'sqinlik qalar edi.
1996 yil 27 dekabrda O'zbekiston Respublikasida “Advokatura to'g'risida”gi qonunning qabul qilinishi yangi o'zbek advokatura institutining shakllanishiga turtki bo'ldi. Advokatura advokatlik faoliyati bilan shug'ullanuvchi shaxslar hamda xususiy advokatlik amaliyoti bilan shug'ullanuvchi ayrim shaxslarning mustaqil, ko'ngilli, kasbiy birlashmalarini o'z ichiga oluvchi huquqiy institut hisoblanadi. Endilikda, ushbu qonun bilan har bir advokatga yakka tartibda yoki boshqa advokatlar bilan birga o'zi istagan advokatlik tuzilmasida faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratildi. Ushbu qonun bilan kimlar advokat bo'lishligi aniq belgilab qo'yilgan. Ya'ni, oliy yuridik ma'lumotga ega bo'lgan va advokatlik faoliyati bilan shug'ullanish huquqini beruvchi lisenziyani belgilangan tartibda olgan O'zbekiston Respublikasining fuqarosi O'zbekiston Respublikasida advokat bo'lishi mumkin.
Yuqoridagi Qonunning mantiqiy davomi sifatida 1998 yil 25 dekabrda qabul qilingan “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to'g'risida”gi Qonuni ham alohida ahamiyatga egadir. Chunki, mazkur qonun bilan advokatning shaxsiy daxlsizligi va faoliyati kafolatlari qat'iy belgilab qo'yildi.
Yangi Konstitutsiyaga advokaturaga bag’ishlangan maxsus bob kiritilib, advokatlar faoiiyatining konstitutsiyaviy kafolatlari kuchaytirildi. Konstitutsiyaning 142-moddasida advokat faoliyatiga aralashish taqiqlanishi, uning sha'ni, qadr-qimmati va kasbiy faoliyati davlat himoyasida bo’lishi va qonun bilan muhofaza qilinishi belgilab qo'yildi.
Mazkur norma advokatlik faoliyatining konstitutsiyaviy muhofazasiga oid tashkiliy va huquqiy masalalarni qamrab oladi. Jumladan, amaldagi qonunchilikka ko'ra, advokatlarning kasbiy faoliyatiga u yoki bu tarzda bevosita yoki bilvosita aralashish, ular o'z kasbiy vazifalarini bajarayotganda olgan muayyan ma’lumotlarni oshkor etisnni talab qilish, shuningdek, advokatlar birlashmalarining mansabdor shaxslaridan va texnik xodimlaridan xuddi shunday ma’lumotlarni talab qilish taqiqlanadi.
Advokat o‘z kasbiy vazifalarini bajarayotganida unga biror-bir shaklda ta'sir o'tkazishga yo’l qo'yilmaydi. Tabiiyki, uning faoliyatiga har qanday ta'sirlar, o’z navbatida, himoya huquqiga muhtoj shaxslarga malakali yuridik yordam berilishiga to'sqinlik qiladi.
Qonunchiligimizda advokat himoyachilik yoki vakillik vazifasini bajarayotganda o’ziga ma’lum bo'lib qolgan holatlar bo'yicha guvoh sifatida so'roq qilinishi taqiqlangan. Mazkur huquqiy mexanizm advokatning kasbiy faoliyatini qonun bilan muhofaza qilinishini qat’iy belgilaydi.
Advokat kasbiy vazifalarini bajarishi munosabati bilan qo'lga kiritgan advokatlik dalillari (ashyolari), hujjatlari undan olib qo'yilishi yoki ko'zdan kechirilishi mumkin emas. Shuningdek, advokatning yuridik yordam ko'rsatayotgan shaxslar bilan uchrashish huquqi cheklanishi ham mumkin emas.
Yangi Konstitutsiyaning 142-moddasi ikkinchi qismiga ko'ra, advokatga o’z himoyasidagi shaxs bilan moneliksiz va xoli uchrashish, maslahatlar berish uchun shart-sharoitlar ta'minlanishi belgilangan. Bundan shuni tushunish rnumkinki, advokatlarning o'zlarining himoya ostidagi shaxslar bilan audio va videokuzatuv qurilmalari bo’lmagan maxsus xonalarda hamda begona shaxslarning ishtirokisiz o’z vaqtida va hech qanday to'siqlarsiz uchrashishi ta’minlanadi. Bunda advokot va himoya ostidagi shaxsning suhbatini uchinchi shaxslar eshitishini istisno etgan holda ularni vizual ko'rib turish imkoniyati saqlanib qolinadi.
Bundan tashqari, advokat qonunga muvofiq jismoniy va yuridik shaxslarga yuridik yordam ko'rsatayotgani munosobati bilan uni jinoiy, moddiy va boshqa javobgarlikka tortish yoki bunday javobgarlikni qo’llash bilan qo'rqitish mumkin emas.
2023 yil 1 yanvar holatida respublika bo'yicha jami 2336 ta advokatlik tuzilmalari, ularda 4577 ta advokat faoliyat yuritmoqda. Bu 7,8 ming aholiga o'rtacha bitta advokat to'g'ri kelishini anglatadi.
Solishtirish uchun, Isroilda 1 advokatga nisbatan bu ko'rsatgich 136 kishini, AQSHda esa 260 kishini, Germaniyada 500 kishini, Rossiyada 2 ming kishini, Qozog'istonda esa 3932 kishini tashkil qiladi. Bu borada albatta o'sishimiz kerak.
Advokatura - fuqaro va tashkilotlarga yuridik yordam ko'rsatuvchi professional huquqiy institutdir. Advokaturaning tashkiliy mustaqilligini ta'minlash sohada advokatlarning protsessual mustaqilligi kafolatlarini kuchaytirish bugungi kundagi dolzarb vazifalardan biridir. Advokatlar faoliyatiga berilgan e'tibor esa ularning himoyasi ostidagi shaxslarning huquqlari himoya qilinishini ta'minlaydi. Yangi O’zbekiston davrida advokatura intituti fuqarolar va yuridik shaxslar uchun o'zining dolzarbligini isbotladi. Advokaturaning fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda, qonunchilik va huquq tartibotni mustahkamlashdagi roli kun sayin oshib bormoqda.
Umuman olganda, Konstitusiyaga advokaturaga oid alohida bob kiritilib, bu bilan advokatura sud va prokuratura bilan bir qatorda konstitusiyaviy maqomga ega bo'lmoqda. Natijada, surishtiruv, tergov va sud amaliyotida tortishuv tamoyili amalda ta'minlanadi. Advokat faoliyatiga aralashishga yo'l qo'yilmasligining Konstitusiyada qat'iy belgilanishi – inson qadrini yanada oshirishga, uni ta'minlashga yordam beradi.
Advokat mustaqil ish yuritadi degani, sudlarda taraflar tortishuvi kuchayadi, aybsiz shaxslarni javobgarlikka tortilishining oldi olinadi, tergov organlarining fuqarolarga nisbatan noqonuniy harakat va usullarni qo'llash amaliyotiga barham beriladi. Advokat huquqlari Konstitusiya darajasida belgilanishi uning jamiyatdagi mavqeni oshirish va fuqarolarning avdokatlarga nisbatan ishonchini ham mustahkamlashga xizmat qiladi. Advokat daxlsiz bo'lsa jamiyatda adolat ustuvor bo'ladi.
Shuning uchun, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimida kuchli advokaturaning mavjudligi, keng ma'noda, nafaqat advokatlarga, balki jamiyat va davlat uchun ham ijobiy natijalar beradi.