6. Sud hokimiyati.
Mamlakatimizda sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta'minlash hamda odil sudlovga erishish darajasini oshirish – sud-huquq tizimini isloh qilish borasida davlat siyosatining ustuvor yo'nalishi hisoblanadi.
O'zbekiston Respublikasini rivojlanishida sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta'minlash, sud tizimini demokratlashtirish hamda fuqarolarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, qonuniylikni mustahkamlash mazkur sohadagi islohotlarning ustuvor yo'nalishi etib belgilandi. Bu chuqur ramziy ma'noga ega. Chunki, sud hokimiyati davlat hokimiyatining alohida mustaqil tarmog'i bo'lib, u jamiyat hayotida odil sudlovni amalga oshirishga safarbar etilgan. Odil sudlov o'z mohiyatiga ko'ra, davlat faoliyati hisoblanadi, bunda vakolatli sud muassasasi huquq normalari talablarini buzish oqibatida kelib chiquvchi nizoli holatlarni muhokama etib, tegishli huquqiy yechim topadi. Demokratik huquqiy davlatda qonun davlat idoralari, fuqarolarning turli-tuman uyushmalari va alohida shaxslar o'rtasidagi munosabatlarning mezonidir. Mazkur munosabatlarning qonun doirasida kechishini va hal etilishini ta'minlash sud hokimiyati zimmasiga yuklatilgan. Odil sudlovning oliy maqsadi: kuch va zo'ravonlik g'oyasini – huquq va adolat g'oyalari bilan almashtirishdan iborat.
130-modda. O‘zbekiston Respublikasida odil sudlov faqat sud tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatdan, siyosiy partiyalardan, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan mustaqil holda ish yuritadi.
Sud – bu davlat tomonidan o'rnatilgan qonunlarning buzilishiga qarshi yuridik sanksiyalar qo'llash yordamida jazo tayinlaydigan davlat organidir. Shu sababdan sud hokimiyati mustaqilligini ta'minlash, uni fuqarolar huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qila oladigan mustaqil davlat institutiga aylantirish erkin fuqarolik jamiyati qurishning eng muhim shartlaridan biri sanaladi.
Davlatchilikning muhim atributi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan sudlar bundan 3-3,5 ming yil avval ham mavjud bo'lgani manbalarda keltirilgan. Biroq, uning tarixi qanchalik ko'hna bo'lmasin, zamon talablariga muvofiq takomillashib borishi zarur.
Sud hokimiyati davlat hokimiyati bo'linishiga ko'ra, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan alohida faoliyat yuritadi. Sud orqali inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga asoslangan konstitusiyaviy prinsipga qat'iy rioya etilishi sud-huquq islohotlarida markaziy o'rinni egallaydi.
Demokratik jamiyatda sud davlat hokimiyatining to'laqonli, teng huquqli subyektidir. Sud – adolat, adliya etuvchi ijtimoiy institut. Sud – insoniyat aql zakovatining butun sivilizasiya tarixi davomida yaratgan eng buyuk yutug'idir. Zero, sud ijtimoiy nizolarni o'rnatilgan qonun-qoidalar asosida xolis va oshkora muhokama tarzida hal etishni ta'minlaydi. Sud – qonuniylik va huquqiy tartibotni o'rnatishning o'ta nozik sayqal topgan, eng takomiliga yetgan vositasidir.
Dostları ilə paylaş: |