Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi oʻrinbosarlaridan biri Qoraqalpogʻiston Respublikasining vakili boʻladi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi va uning oʻrinbosarlari yashirin ovoz berish orqali senatorlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan Senat vakolati muddatiga saylanadi. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi boʻlishi mumkin emas. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi va uning oʻrinbosarlari yashirin ovoz berish orqali senatorlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan koʻprogʻining ovozi bilan qabul qilingan Senat qaroriga binoan muddatidan ilgari chaqirib olinishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi: 1) Senat majlislarini chaqiradi, ularda raislik qiladi; 2) Senat muhokamasiga kiritiladigan masalalarni tayyorlashga umumiy rahbarlik qiladi; 3) Senat qoʻmitalari va komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradi; 4) Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining va Senat qarorlarining ijrosi ustidan nazoratni tashkil etadi; 5) parlamentlararo aloqalarni amalga oshirish ishlariga hamda xalqaro parlament tashkilotlari ishi bilan bogʻliq Senat guruhlarining faoliyatiga rahbarlik qiladi; 6) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi, boshqa davlat organlari, chet davlatlar, xalqaro va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro munosabatlarda Senat nomidan ish koʻradi; 7) Senat qarorlarini imzolaydi; 8) ushbu Konstitutsiya va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi farmoyishlar chiqaradi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga Senat Raisi rahbarlik qiladi. Yangi oʻz ishini boshlagan Senatning birinchi majlisi Senat Raisini saylashdan boshlanadi. Senat Raisligiga va uning oʻrinbosarligiga nomzodlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan senatorlar orasidan taqdim etiladi. Senat tarkibi shakllantirilgandan (saylangan va tayinlangandan) soʻng, aynan shu tarkib orasidan Senat Raisi va uning oʻrinbosarligiga nomzodlar Prezident tomonidan koʻrsatiladi.
Nomzod, agar u yashirin ovoz berish natijasida senatorlar umumiy sonining yarmidan koʻpi ovozini olgan boʻlsa, Senat Raisi yoki uning oʻrinbosari etib saylangan hisoblanadi. Demak, Rais yoki oʻrinbosarlikka saylanish uchun nomzodga 50 nafardan ortiq senatorlar ovoz berishlari lozim. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi va uning oʻrinbosarlari Senat vakolati muddatiga, yaʼni besh yilga saylanadi.
Senatorlar orasidan saylanadigan Senat Raisining oʻrinbosarlaridan biri Qoraqalpogʻiston Respublikasining vakili boʻladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi suverenitetini hurmat qilgan holda Senat Raisining oʻrinbosarlaridan biri Qoraqalpogʻiston vakili boʻlishi koʻzda tutilgan. Senat Raisi va uning oʻrinbosarlari saylanganligi toʻgʻrisida qarorlar qabul qilinadi, qarorlarni Senat majlisida raislik qiluvchi imzolaydi.
Senat Raisi yashirin ovoz berish orqali senatorlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan koʻprogʻining ovozi bilan qabul qilingan Senat qaroriga binoan muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilinishi mumkin. Senat Raisining oʻrinbosarlari yashirin ovoz berish orqali senatorlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilingan Senat qaroriga binoan muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilinishi mumkin. Qonunchilik palatasi Spikeri va uning oʻrinbosarlarini muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilish asoslari Senat Raisi hamda uning oʻrinbosarlariga ham tegishlidir. Senat Raisini yoki uning oʻrinbosarlarini muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilish toʻgʻrisidagi masala Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga yoki senatorlar umumiy sonining kamida uchdan bir qismining taklifiga binoan Senat tomonidan koʻrib chiqiladi. Senat Raisini yoki uning oʻrinbosarlarini muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi, qarorni Senat majlisida raislik qiluvchi imzolaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi quyidagi vakolatlarga ega:
1) Senat majlislarini chaqiradi, ularda raislik qiladi.Senatning navbatdagi majlisi Senat Raisi tomonidan chaqiriladi. Senat majlislarida Senat raisi rahbarlik qiladi. Majlisni ochib beradi va unda qanday masalalar koʻrilishini eʼlon qiladi. Ushbu masalalar yuzasidan soʻzga chiqish, fikr bildirish ketma-ketligini taʼminlaydi. Senat majlisini boshqaradi va h.
2) Senat muhokamasiga kiritiladigan masalalarni tayyorlashga umumiy rahbarlik qiladi. Senatning navbatdagi majlisiga qanday masalalar kiritilishi oldindan tayyorlanadi. Unga Senat Raisi umumiy rahbarlik qiladi. Misol uchun, Senatning 2007-yil 10-apreldagi majlisiga “Homiylik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni kiritildi, deb olsak, qonunning matni, uning avvalgi va soʻnggi tahriri, kerakli hujjatlar tayyorlanishiga Senat Raisi rahbarlik qiladi.
3) Senat qoʻmitalari va komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradi. Senat qoʻmitalariga masalalarni tegishliligiga qarab yuboradi va ularning bajarilishini nazorat qiladi. Senat qoʻmitalari oʻrtasidagi hamkorlikni tashkillashtiradi. Senatda tashkil etiladigan komissiyalar faoliyatini kuzatib boradi. Barcha qoʻmitalarning bir maromda faoliyat olib borishini taʼminlaydi. 4) Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining va Senat qarorlarining ijrosi ustidan nazoratni tashkil etadi. Oliy Majlis tomonidan qabul qilingan qonunlar hamda Oliy Majlis Senati tomonidan chiqarilgan va amalga kiritilgan qarorlarning ijroiya hokimiyat organlari va fuqarolar tomonidan qay daraja amalga joriy etilayotganligi ustidan nazoratni tashkil etadi. Senat tomonidan tashkil etilgan komissiya yoki maxsus guruh mamlakat hududi boʻylab, joylarga chiqib qonunlar ijrosini kuzatishi mumkin. Olingan natijalarga asoslanib, tegishli xulosa chiqaradi va istiqbolli rejalarni belgilaydi.
5) parlamentlararo aloqalarni amalga oshirish ishlariga hamda xalqaro parlament tashkilotlari ishi bilan bogʻliq Senat guruhlarining faoliyatiga rahbarlik qiladi. Qonun chiqaruvchi organ faoliyatida parlamentlararo aloqalar muhim oʻrin egallaydi. U tizimni takomillashtirishga xizmat qiladi. Ushbu faoliyat orqali turli mamlakatlar qonun chiqaruvchi organlari tajriba almashadilar va oʻz amaliyotlarini boyitadilar. Senatning xalqaro hamkorlik guruhlariga rahbarlik Senat Raisi tomonidan amalga oshiriladi. Masalan, xorijiy davlatlardan parlamentlararo hamkorlik uchun tashrif buyurgan delegatsiya vakillari bilan uchrashadi, ular bilan qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan fikr almashadi va hamkorlik guruhlari faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi.
6) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi, boshqa davlat organlari, chet davlatlar, xalqaro va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro munosabatlarda Senat nomidan ish koʻradi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati ijtimoiy hayotning turli masalalari yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, davlat organlari, xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar bilan huquqiy munosabatlarda ishtirok etadi. Ushbu hamkorlik natijalarida tuzilgan bitimlar, shartnomalar va boshqa hujjatlar Senat Raisi tomonidan imzolanadi. Yuqoridagi tuzilmalar bilan oʻrnatilgan hamkorlikda Senat Raisi Senat nomidan ish olib boradi.
7) Senat qarorlarini imzolaydi. Senatning turli masalalar yuzasidan qabul qilgan qarorlari Senat Raisi tomonidan imzolanadi. Masalan, Senat majlisining kun tartibi palata qarori bilan tasdiqlanadi. Bunday qarorlarni Senat Raisi imzolaydi.
8) Konstitutsiya va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi. Senat Raisi, yuqorida sanab oʻtilganlarga qoʻshimcha ravishda, boshqa qonun hujjatlarida koʻzda tutilgan vakolatlarni ham amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi farmoyishlar chiqaradi. Senat Raisi oʻz vakolati doirasida farmoyish chiqarishga haqli. Farmoyishda Senat faoliyatiga tegishli masalalar oʻz aksini topishi mumkin. Misol - Senat majlisini chaqirish toʻgʻrisida va hokazo.
102-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qonun loyihalarini tayyorlash ishini olib borish, Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritiladigan masalalarni dastlabki tarzda koʻrib chiqish va tayyorlash, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari hamda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning ijrosini nazorat qilish uchun oʻz vakolatlari muddatiga Qonunchilik palatasi deputatlari orasidan qoʻmitalarni saylaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Senat muhokamasiga kiritiladigan masalalarni dastlabki tarzda koʻrib chiqish va tayyorlash, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari hamda Senat tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning ijrosini nazorat qilish uchun oʻz vakolatlari muddatiga senatorlar orasidan qoʻmitalarni saylaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati, zarurat boʻlgan taqdirda, muayyan vazifalarni bajarish uchun deputatlar, senatorlar orasidan komissiyalar tuzadi.