4
III bob. Konstitutsiya va qonunning ustunligi
15-modda.
Oʻzbekiston Respublikasida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va
qonunlarining ustunligi soʻzsiz tan olinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida
oliy yuridik kuchga ega, toʻgʻridan toʻgʻri amal qiladi va yagona huquqiy
makonning asosini tashkil etadi.
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari xalqaro huquqning
umumeʼtirof etilgan prinsip va normalari bilan bir qatorda Oʻzbekiston
Respublikasi huquqiy tizimining tarkibiy qismidir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston
Respublikasining qonunida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan
boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi qoidalari qoʻllaniladi.
Davlat va uning organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar,
fuqarolik jamiyati institutlari hamda fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga
muvofiq ish yuritadilar.
16-modda.
Ushbu Konstitutsiyaning birorta qoidasi Oʻzbekiston Respublikasining
huquq va manfaatlariga, ushbu Konstitutsiyaning birinchi boʻlimida nazarda
tutilgan asosiy prinsip va normalarga zarar yetkazadigan tarzda talqin etilishi
mumkin emas.
Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari va boshqa normativ-huquqiy
hujjatlari Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi asosida va uni ijro etish
yuzasidan qabul qilinadi. Birorta qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat
Konstitutsiyaning prinsip va normalariga zid boʻlishi mumkin emas.
Dostları ilə paylaş: