4.6-§. Qashqadaryo havzasi sun’iy suv tiplarida Unionidae va Corbiculidae oilalari turlarining yoshi bo‘yicha biotoplarda tarqalishi va zichligi Qashqadaryo havzasida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilashda sun’iy suv tiplari tarmoqlarining ahamiyati katta. Hozirgi kunda sun’iy suv tiplaridan baliqchilikni rivojlantirishda keng foydalanilmoqda. Qashqadaryo havzasining uchta qismi Yuqori qismi (Yakkabog‘ tumanidagi baliqchilik xo‘jaliklari), O‘rta qismi (Qamashi tumanidagi baliqchilik xo‘jaliklari) va Quyi qismi (Qarshi tumanidagi baliqchilik xo‘jaliklari) larida tadqiqotlar olib bordik. Suv havzalarida Unionidae va Corbiculidae oilalari turlari yoshi bo‘yicha biotoplarda turlicha tarqalgan bo‘lib, tarqalishi va zichligiga suv muhiti abiotik va biotik faktorlarning ta’siri kattadir [41; S.35-37; 43; S.258-261.].
Unionidae oilasi Sinanodonta va Colletopterum avlodi turlarining Qashqadaryoning yuqori qismi hisoblangan Yakkabog‘ tumanidagi baliqchilik xo‘jaliklarida 1-9 yoshgacha bo‘lgan turlarning tarqalganligi o‘rganildi va 1 m2 joyda zichligi aniqlandi [59; B.22-39; 65; B.22-23.]. Sinanodonta gibba ushbu hududda 2-3 yosh zichligi 0,6, 4-5 yosh 0,5 va 6-7 yoshdagilarda esa 0,4 tadan tarqalganligi aniqlandi. Baliqchilik xo‘jaliklari suv ekotizimlarida 8-9 yoshdagi ikki pallali mollyuskalar uchramadi. Sinanodonta puerorum 2-3 yoshdagilari 0,5, 4-5 yoshdagilari 0,3 tadan tarqalgan lekin 6-7, 8-9 yoshdagilari topilmadi.
4.6.1-jadval Qashqadaryo havzasi suv tiplarida Unionidae, Euglesidae, Pisidiidae va Corbiculidae oilalari turlarining tarqalishi bo‘yicha qiyosiy tahlili