a) birdan ortiq mustaqil so`z; b) a’zolarning ma’noviy va grammatik jihatdan mosligi; v) tobelik; d) tushuncha ifodalash. So`z birikmasi bu to`rt belgisining har biri bilan o`ziga yondosh hodisalarga o`xshaydi va bir vaqtning o`zida farqlanadi ham. Masalan, birdan ortiq mustaqil so`zdan tashkil topganligi bilan so`zdan farq qilsa, tushuncha ifodalashi bilan u bilan o`xshashlik kasb etadi. Gap birdan ortiq mustaqil so`zning ma’noviy va grammatik jihatdan tobelanishi asosida ham vujudga keladi. Lekin u So'z birikmasidan farqli o`laroq, fikr ifodalaydi. Demak, SB bilan uning o`xshashlari munosabatiga alohida-alohida to`xtalish lozim bo`ladi.
So'z birikmasi va so`z. So`z bir tushunchani ifodalaydi. SBda esa birdan ortiq tushuncha munosabatga kirishgan holda voqelanadi. So`z asosida leksema va morfema hamda ularning birikuv qonuniyati yotsa, SBga leksemalar birikuvini tartibga soluvchi LSQ asos bo`ladi. Aytilganidek, so`zda tushuncha, ma’no keng va mavhum bo`ladi. So`z birikmasida esa bu kenglik va mavhumlik bir qadar barham topgan bo`ladi. Masalan, qiziq kitob birikmasida kitobning bir belgisi namoyon bo`lgan. Shu jihatdan u muayyanlik kasb etgan. Ammo bu muayyanlik nisbiy va biryoqlama. Chunki, masalan, uning badiiy yoki ilmiyligi hali mavhum va noaniq. Qiziq badiiy kitob birikmasida bu belgi ham muayyanlik kasb etadi. So`z birikmasida so`z boshqa so`zni o`ziga biriktirib kengayishi bilan ma’noviy jihatdan torayib boradi. Demak, shakliy kengayish ma’noviy torayishni keltirib chiqarsa (so`z birikmasida), shakliy torlik (so`zda) ma’noviy kenglik bilan munosib. SBda ma’nolar o`zaro munosabatga kirishar ekan, bunda ular yaxlitlanib, bir «vujud»ga aylanib ketmaydi. Bir-biriga qancha yaqinlashmasin, baribir o`z mustaqilliklarini saqlab qoladi. Masalan, toza havo birikmasida bir ma’no ikkinchisiga muayyanlik kiritish uchun xizmat qiladi, lekin, baribir, bunda ikki tushuncha mavjud. Ikki tushuncha orasidagi munosabat ma’lum bir me’yor chizig`idan o`tsa, ular yaxlit tushunchaga aylanadi va bir butun holda yangi ma’no anglatadi. Masalan, belbog` so`zi dastlab belning bog`i birikuvi shaklida bo`lib, bunda ikki tushuncha munosabati (hokim-tobeligi) mavjud. Biroq bu ularning yaxlitlanishi darajasiga etmagan. (Belbog`) so`zida esa munosabatning me’yor chizig`idan keyingi holatiga duch kelamiz. So`zlarning alohida ko`rinishi bo`lgan qo`shma so`zlar aslida so`z birikmalari uzvlarining yaxlitlanishi – so`z birikmasining ma’noviy taraqqiyoti mahsuli.