Asosiy tayanch tushunchalar
Tovar ishlab chiqarish – mahsulotlarni o‘z iste’moli uchun emas, balki
bozorda sotish, ayirboshlash uchun va boshqalarning ehtiyojini qondirish maqsadida
ishlab chiqarish.
Tovar – biron-bir naflilikka va qiymatga ega bo‘lgan, ayirboshlash uchun
yaratilgan mahsulot.
Naflilik – tovarning kishilarning biron-bir narsaga bo‘lgan ehtiyojini
qondirish layoqati.
Ijtimoiy zaruriy naflilik – talab miqdoriga mos keladigan miqdordagi naflilik.
49
Qiymat – tovarda gavdalangan ijtimoiy-zaruriy mehnat.
Almashuv qiymati – biror turdagi iste’mol qiymatning boshqa turdagi
iste’mol qiymatga ayirbosh qilinadigan miqdoriy nisbati.
Qiymat qonuni – tovar ishlab chiqarish va ayirboshlash uning qiymati asosida
amalga oshishini, qiymatning o‘zi esa ijtimoiy zaruriy mehnat sarflari orqali
o‘lchanishini ifodalovchi sabab-oqibat bog‘liqligi.
Mehnat unumdorligi – ma’lum vaqt davomida ishlab chiqarilgan mahsulot
miqdori yoki mahsulot birligini ishlab chiqarish uchun ketgan vaqt.
Mehnat intensivligi – mehnatning sarflanish tezligi yoki jadalligi.
Diversifikatsiya – ishlab chiqarishning samaradorligini oshirish, mahsulot va
xizmatlarni sotish bozorlarini kengaytirish maqsadida tarmoq va korxonalar faoliyat
sohalarini kengaytirish, mahsulot va xizmatlar assortimentlarini ko‘paytirish,
ularning sifatini takomillashtirish.
Ishlab chiqarishni modernizatsiyalash – ishlab chiqarishni zamonaviy
texnologiyalar bilan jihozlash, uni ma’naviy jihatdan yangilash, tarkibiy jihatdan
texnik va texnologik qayta tuzish kabi chora-tadbirlarni o‘z ichiga oluvchi jarayon.
Takrorlash uchun savollar
1. Ijtimoiy xo‘jalik shakllariga umumiy tavsif bering. Natural va tovar
xo‘jaligining asosiy farqlari nimalardan iborat?
2. Tovar ishlab chiqarish va bozorning vujudga kelishining umumiy shart-
sharoitlarini tushuntiring.
3. Nima uchun tovarga naflilik (iste’mol qiymat) va almashuv qiymatining
birligi sifatida qaraladi? Tovardagi bu ikki xil xususiyat nimadan kelib chiqadi?
4. Qiymatning mehnat nazariyasi mazmunini tushuntirib bering.
5. Qiymatning so‘nggi qo‘shilgan miqdor nafliligi nazariyasi asosida nima
yotadi?
6. Keyingi (so‘nggi) qo‘shilgan miqdor nafliligi nima va uning pasayish
sababini tushuntiring.
7. Tovarlar qiymatini aniqlashga bo‘lgan quyidagi fikrlarga o‘z
munosabatingizni bildiring:
a) ijtimoiy zaruriy mehnat sarflari bilan belgilanadi;
b) keyingi qo‘shilgan tovarlarning nafliligi bilan aniqlanadi;
v) keyingi qo‘shilgan tovarlarning nafliligi va ishlab chiqarish xarajatlari bilan
aniqlanadi.
|