14.1- rasm. Bozor narxning shakllanishi
Bozordagi yagona muvozanatlashgan, nisbatan uzoq vaqt barqaror amal
qiluvchi narx sifatida talab hajmi taklif hajmiga muvofiq kelgan holdagi narx RЕ
maydonga tushadi. Muvozanat narxi har doim ham darhol, bir zumda tarkib
topmaydi. Unga erishishda toki talab va taklif muvozanatga kelgunga qadar bozor
narxi atrofidagi tebranishlarni o‘z ichiga oluvchi ma’lum davrlar taqozo etilishi
mumkin.
2. Nomukammal raqobat turli shakllari.
Iqtisodiyotda bir tarmoq ichidagi raqobatning to‘rtta shakli alohida ajratib
ko‘rsatiladi. Bular sof raqobat, sof monopoliya, monopolistik raqobat va
oligopoliyadir.
135
Sof raqobat sharoitida bir xil mahsulot ishlab chiqaruvchi tarmoqda juda ko‘p
sonli korxonalar mavjud bo‘ladi. Yuqori darajada tashkil qilingan bozorda ko‘plab
sotuvchilar o‘zlarining mahsulotlarini taklif qiladilar. Ayni paytda, ushbu mahsulot
xaridor va iste’molchilarining soni ham juda ko‘p bo‘ladi. Sof raqobatli bozorda
alohida korxonalar mahsulot narxi ustidan nazorat o‘rnata olmaydi yoki nazorat
sezilarsiz darajada bo‘ladi. Chunki har bir korxonada umumiy ishlab chiqarish hajmi
uncha katta bo‘lmaydi. Shu sababli alohida korxonada ishlab chiqarishning
ko‘payishi yoki kamayishi umumiy taklifga, demak mahsulot narxiga sezilarli ta’sir
ko‘rsatmaydi. Sof raqobat sharoitida yangi korxonalar tarmoqqa erkin kirishi,
tarmoqda mavjud bo‘lgan korxonalar esa uni erkin tashlab chiqishi mumkin.
Xususan, yangi korxonalarning paydo bo‘lishi va ularning raqobatli bozorda
mahsulotlarini sotishga huquqiy, texnologik, moliyaviy va boshqa jiddiy iqtisodiy
to‘siqlar bo‘lmaydi.
Sof monopoliyada tarmoq bitta firmadan iborat bo‘lganligi sababli, u mavjud
mahsulot
(xizmat)ning
yagona
ishlab
chiqaruvchisi
hisoblanadi
va
yakkahukmronlik shakllanadi. Monopoliya sharoitida firma narx ustidan sezilarli
nazoratni amalga oshiradi. Buning sababi oddiy bo‘lib, u mahsulot (xizmat)ning
yagona ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi va demak, taklifning umumiy hajmi ustidan
nazorat qiladi.
Monopolistik raqobat o‘z ichiga ham monopoliya, ham raqobat unsurlarini
oladi. Bunda tarmoqdagi bir turdagi mahsulotning o‘nlab ishlab chiqaruvchilari bir-
birlari bilan qulay narx hamda ishlab chiqarish hajmiga erishish borasida
raqobatlashadilar. Biroq, ayni paytda, har bir ishlab chiqaruvchi o‘z mahsulotini
tabaqalashtirish, ya’ni shu turdagi boshqa mahsulotlardan qaysi bir jihati (sifat
darajasi, shakli, qadoqlanishi, sotish sharoitlari va h.k.) bo‘yicha farqlantirish orqali
uning monopol ishlab chiqaruvchisiga aylanadi.
Oligopoliya – tarmoqda u qadar ko‘p bo‘lmagan korxonalarning mavjud
bo‘lishi va hukmronlik qilishidir. Bu oligopoliyaning eng muhim belgisi bo‘lib,
qaysi tovarlar va xizmatlar bozorida nisbatan kam sonli ishlab chiqaruvchilar
hukmronlik qilsa, shu tarmoq oligopolistik tarmoq hisoblanadi.
Oligopolistik tarmoq bir xil yoki tabaqalashgan mahsulot ishlab chiqarishi
mumkin. Ko‘pchilik sanoat mahsulotlari – po‘lat, mis, aluminiy, qo‘rg‘oshin, temir
va shu kabilar fizik ma’noda bir turdagi mahsulotlar hisoblanadi va oligopoliya
sharoitida ishlab chiqariladi. Iste’mol tovarlari – avtomobillar, kir yuvish vositalari,
sigaretlar, maishiy elektr buyumlari va shu kabilarni ishlab chiqaruvchi tarmoqlar
tabaqalashagan oligopoliya hisoblanadi.
Oligopoliya sharoitida korxonalar o‘rtasidagi raqobat o‘zaro bog‘liq bo‘ladi.
Oligopolistik tarmoqda hech qaysi firma o‘zining narx siyosatini mustaqil
o‘zgartirishga botina olmaydi.
Biz qarab chiqqan raqobatning to‘rtta shaklining har biri milliy iqtisodiyotda
alohida-alohida, ya’ni sof holda uchramaydi. Iqtisodiyot sohalarini batafsil
o‘rganish, cheksiz ko‘p har xil raqobatli vaziyatlar mavjudligi sharoitida, ikkita bir
xil tarmoqni topish qiyinligini ko‘rsatadi. Hozirda turli darajadagi monopolistik
tuzilmalar rivojlanib borishi bilan ular o‘rtasidagi raqobatning shakllari ham turli
136
ko‘rinishlarda namoyon bo‘lib bormoqda. Jumladan, turli monopollashuv
darajasidagi tuzilmalar o‘rtasida mavjud bo‘lishiga ko‘ra quyidagi raqobat turlarini
ajratib ko‘rsatish mumkin:
1)
monopollashmagan korxonalar o‘rtasidagi raqobat;
2)
monopoliyalar hamda monopolistik birlashmalarga kirmagan ishlab
chiqaruvchilar o‘rtasidagi raqobat;
3)
turli monopoliyalar o‘rtasidagi raqobat;
4)
monopolistik birlashmalar ichidagi raqobat.
Shuningdek, iqtisodiy adabiyotlarda g‘irrom va halol raqobatlashuv usullari
ham ajratib ko‘rsatiladi. Raqobatlashuvning noan’anaviy, jamiyat tomonidan e’tirof
etilmagan, ijtimoiy ahloq qoidalari doirasidan chetga chiquvchi, noiqtisodiy (ya’ni,
jismoniy kuch ishlatish, majburlash, raqiblarning obro‘siga putur yetkazish va h.k.)
usullaridan foydalanish g‘irrom raqobat deb yuritiladi. G‘irrom raqobat orqali
firmalar o‘z raqiblarining tarmoqqa kirib kelishini tajovuzkorona va shafqatsiz
bartaraf qilishi mumkin. Banklarni, moddiy resurs ta’minotchilarini kredit va
materiallar yetkazib berishdan voz kechishga majburlash, yetakchi mutaxassislarni
og‘dirib olish, narxni keskin pasaytirish g‘irrom raqobatning oddiy usullaridir.
Halol raqobat – raqobat kurashida jamiyat tomonidan tan olingan iqtisodiy
usullarni qo‘llash, o‘zining maqsad va manfaatlariga erishishda umumjamiyat
manfaatlariga zid keluvchi holatlarni qo‘llamaslik kabi qoidalarga asoslanadi. Shu
o‘rinda halol raqobatning quyidagi belgilarini ham ko‘rsatib o‘tish maqsadga
muvofiq hisoblanadi:
-
qalbaki bellashuv, majburiy safarbarlikni tan olmaydi;
-
boqimandalik, befarqlik, yuzakichilik, ko‘zbo‘yamachilik kabi salbiy
holatlarga barham beradi;
-
qarindosh-urug‘chilikni, oshna-og‘aynigarchilikni, tanish-bilishlikni,
ma’muriy-buyruqbozlikni tan olmaydi .
Raqobat kurashining ikki usuli farqlanadi: narx vositasidagi raqobat va
narxsiz raqobat.
Narx vositasida raqobatlashuvda kurashning asosiy usuli bo‘lib ishlab
chiqaruvchilarning o‘z tovarlari narxini boshqa ishlab chiqaruvchilarning shunday
mahsulotlari narxiga nisbatan pasaytirishi hisoblanadi. Uning asosiy va eng ko‘p
qo‘llaniladigan ko‘rinishi – «narxlar jangi» deb ataladiki, bunda yirik ishlab
chiqaruvchilar raqiblarini tarmoqdan siqib chiqarish uchun narxni vaqti-vaqti bilan
yoki uzoq muddat pasaytirib turadi. Bu usulni qo‘llash uchun ishlab chiqaruvchi
boshqa raqiblariga qaraganda unumliroq texnologiyani kiritishi, malakaliroq
ishchilarni yollashi va ishlab chiqarishni yaxshiroq tashkil qilishi kerak bo‘ladi.
Faqat shundagina uning tovarining individual qiymati bozor qiymatidan past bo‘lib,
mazkur tovar narxini pasaytirish imkonini beradi.
Narx vositasida raqobatlashish usullaridan biri – demping narxlarni
qo‘llashdir. Bunda milliy ishlab chiqaruvchilar o‘zlarining tovarlarini boshqa
mamlakatlarga ichki bozordagi narxlardan, ayrim hollarda tannarxidan ham past
bo‘lgan narxlarda sotadi. Shu orqali ular ichki bozorda narxlarning barqarorligiga
137
erishish mamlakatdagi ortiqcha mahsulotni yo‘qotish, yangi bozorlarga kirib olish
va unda o‘zlarining iqtisodiy mavqeini mustahkamlashga harakat qiladi.
Ayrim hollarda narx yordamida raqobatlashishning belgilangan narxlardan
chegirma qilish, asosiy xarid qilingan tovarlarga boshqa tovarlarini qo‘shib berish,
muayyan hollarda imtiyozli narxlarni belgilash kabi usullaridan ham foydalaniladi.
Hozirgi davrda bozor iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarda narx yordamida
raqobat qilish o‘z o‘rniga ega emas, chunki ishlab chiqaruvchilardan birining o‘z
mahsuloti narxini pasaytirishi uning raqobatchilarining ham shunday harakat
qilishiga olib keladi. Natijada firmalarning bozordagi mavqei o‘zgarmay, faqat
tarmoq bo‘yicha foyda hajmini kamaytiradi.
Narxsiz raqobat shu bilan tavsiflanadiki, bunda raqobat kurashining asosiy
omili tovarlarning narxi emas, balki uning sifati, servis xizmat ko‘rsatish, ishlab
chiqaruvchi firmaning obro‘-e’tibori hisoblanadi.
Narxsiz raqobat bilan bir vaqtda yashirin narx yordamidagi raqobat ham
bo‘lishi mumkin. Bunday holatda yangi tovarlar sifatining oshishi va iste’mol
xususiyatlarining yaxshilanishi ular narxlarining oshishiga qaraganda tez ro‘y
beradi. Hozirgi davrda bir turdagi mahsulotlarning ko‘payishi ularni sotishni
rag‘batlantiruvchi reklama, tovar belgilari va fabrika muhrlaridan foydalanishni
keltirib chiqarmoqda. Iste’mol bozorlarida qo‘shimcha xizmat ko‘rsatish orqali
xaridorlarni o‘ziga jalb qilish keng tarqalmoqda.
Narxsiz raqobatning tovar sifatini tabaqalashtirish kabi usuli ham mavjudki,
bunda tovarlar bir xildagi ehtiyojni qondirishi va bir turga mansub bo‘lishi, lekin
turli-tuman iste’mol xossalariga ega bo‘lishi mumkin.
Tovarlar talabga nisbatan ortiqcha bo‘lgan sharoitda ishlab chiqaruvchilar
tovarlarini kreditga sotish usulidan foydalanib raqiblaridan ustun kelishlari mumkin.
Bunda dastlab, tovar narxining faqat bir qismi to‘lanadi, uning qolgan qismi esa
shartnomada kelishilgan aniq muddatlarda to‘lanadi.
Fan-texnika taraqqiyoti avj olgan hozirgi sharoitda, texnika va
texnologiyaning eng yangi yutuqlari ustidan nazorat qilish uchun kurash raqobatning
asosiy usullaridan biriga aylanib bormoqda. Bundan tashqari, ishlab chiqaruvchi
korxonalar xaridorlarni jalb qilish maqsadida uzoq muddat foydalaniladigan
iste’mol tovarlariga kafolatli va kafolatdan keyingi xizmat ko‘rsatishni amalga
oshirmoqdalar. Masalan, kompyuter ishlab chiqaruvchi firma o‘z mahsulotini
shunchaki sotish bilan cheklanmasdan, balki uni o‘rnatib berish, korxona
xodimlarini kompyuterdan foydalanishga o‘rgatish, kafolatlangan muddatda va
undan keyingi davrda ta’mir ishlarini bajarish, texnikaviy xizmat ko‘rsatish
kabilarni ham amalga oshiradi; mahsulot xossa va o‘lchamlarini buyurtmachi
ehtiyojlariga yaqinlashtiradi.
Narxsiz raqobat usullari ichida marketing muhim ahamiyatga ega bo‘lib, u
mahsulot ishlab chiqarish va sotish jarayonini talabga moslashtiruvchi tadbirlar
tizimidan iborat. Bozor iqtisodiyoti sharoitida talabni yaxshi o‘rgangan va
iste’molchilar ehtiyojlarini to‘laroq qondira oladigan korxonalar har doim raqobat
kurashida yutib chiqadi.
138
Yirik ishlab chiqaruvchilar bozordagi vaziyatni o‘zgartirish uchun o‘zlarining
ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanishni
kamaytirib tovar taklifini
qisqartiradilar. Shu sababli iqtisodiy beqarorlik davrlarida ham narx barqarorligicha
qolaveradi. Shunday qilib, monopoliyalar hukmron bo‘lgan sharoitda narxsiz
raqobat muhim o‘rin tutadi. Buning sababi shundaki, birinchidan, monopoliyalar
tovar sifatini oshirish, iste’molchilarga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash yo‘li bilan
sotiladigan tovar hajmini ko‘paytirishi mumkin. Ikkinchidan, ular moliyaviy
jihatdan kuchli bo‘lganligi sababli mahsulotini yangilash, ishlab chiqarishni qayta
jihozlash va reklamaga zarur bo‘lgan mablag‘ni sarflay oladilar.
Dostları ilə paylaş: |