O’qitish– o’qituvchi va o’quvchining birgalikdagi faoliyati va bu jarayonda bolalarning ma’lumot olishi, o’quv ko’nikma va malakasini egallashi, tarbiyalanib, rivojlanib borishi nazarda tutiladi.
Ma’lumot – bunda nafaqat o’qitish, balki mustaqil bilim olish, ommaviy axborotlar ta’sirida bo’lish bilan birga, insonning ilmiy tizimni egallashi, ilmiy dunyoqarashini shakllantirishi ko’zda tutiladi.
Inson kamoloti– bu insonning keng ma’noda ichki va tashqi omillar ta’sirida shakllanish jarayonidir. Bu jarayonda tarbiyaning muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlanadi.
Insonningshakllanishi– bu insonning hayot yo’li davomida rivojlanishining o’ziga xos shakli bo’lib, maxsus olib boriladigan tarbiyaviy ta’sir natijasi hisoblanadi.
Pedagogikada yana bir qancha tushunchalar mavjudki, ular haqida boshqa boblarni o’rganish jarayonida fikr yuritiladi.
Fan va texnikaning tez sur’atlar bilan rivojlanishi, turli yo’nalishlarda bilim hajmining o’sib borishi fanning tabaqalanib, turli tarmoqlarga bo’linishiga sabab bo’lmoqda.
Yaqin o’tmishda falsafadan ajralib chiqqan pedagogika fanida ham ko’pgina tarmoqlarga bo’linish jarayoni ko’zga yaqqol tashlanadi. Ayrim tarmoqlar esa mustaqil fan sifatida shakllanadi. Masalan, maktab pedagogikasi, maktabgacha tarbiya pedagogikasi. Ayrimlari esa fan sifatida endi shakllanib kelmoqda. Kattalar
pedagogikasi, oliy maktab pedagogikasi shular jumlasidandir. Hozirgi zamon
pedagogikasi ko’p tarmoqli fan bo’lib, avvalo tarbiya ijtimoiy hodisa ekanligi jihatidan pedagogika tarixi bilan bog’lanadi. Pedagogikaning ko’zi ojiz, aqli zaif, qulog’i kar – jismoniy kamchiliklarga ega bo’lgan bolalarni tarbiyalash va ularni hayotga tayyorlash bilan shug’ullanadigan yana bir tarmog’i – maxsus pedagogika (surdopedagogika, tiflopedagogika, oligofrenopedagogika) defektologiya bilan chambarchas bog’liqdir.
Pedagogika fani tarmoqlariga predmetlarni o’qitishning qonuniyatlarini o’rganuvchi fan – metodika ham kiradi. Shu bilan birga, pedagogika fani boshqa fanlardan ajralgan holda rivojlana olmaydi. Pedagogikaning tarbiya sohasidagi obyekti o’sib kelayotgan yosh avlod bo’lganligi uchun pedagogika insonni o’rganuvchi fanlar bilan bog’liqdir.
Inson biologik evolutsiyaning mahsuli sifatida biologiyafanlarining o’rganadigan obyekti hisoblanadi. Shuning uchun bu fanlar pedagoglar o’rganishi lozim bo’lgan fanlar qatorida o’quv rejalariga kiritilgan.
Pedagogika fanining metodologik asosini falsafatashkil etadi. Chunki tarbiyaning maqsadi, ilmiy dunyoqarashni shakllantirish; jamoa va shaxs muammolari va shu kabilar ikki fanni birlashtiradi. Iqtisodiy va, xususan, uning bir bo’lagi bo’lgan xalq ta’limi iqtisodi pedagogika bilan bog’lanib ketadi. Chunki iqtisodchilarning olib borgan tadqiqotlari natijasiga ko’ra, ishlab chiqarishning yuksak samaradorligi umumiy ta’limning yuqori darajada rivojlanganligiga bog’liq ekan.
Pedagogika bola tarbiyasida uning yosh va individual (psixologik) xususiyatlarini hisobga olib boradi. Shu bois pedagogika uchun pedagogik psixologiyaning bola xususiyatlari, ularda o’tadigan psixik jarayonlarning qonuniyatlari haqidagi ma’lumotlar muhimdir. Shunga ko’ra, pedagogikaning psixologiya fani bilan bog’liqligi an’anaviy tus olgan.
Keyingi vaqtlarda pedagogikaning kibernetika (muhim dinamik tizimlarni boshqarishni o’rganadigan fan) bilan bog’lanishi ko’zga tashlanmoqda. Bu holni kibernetikaning umumiy g’oyalaridan ta’limda foydalanish tajribalarini
dasturlashtirilgan ta’lim misolida ko’rish mumkin.
Pedagogika fani taraqqiyoti pedagogika fanlari tizimini vujudga keltirdi.
Bular:
Umumiy pedagogika, Maxsus pedagogika, Metodika, Pedagogika tarixi, Oliy ta`lim pedagogikasi, Qiyosiy pedagogika, Ijtimoiy pedagogika, Harbiy pedagogika.
Pedagogikaning boshqa fanlar bilan bog’lanish tizimida etnografiya, xalq pedagogikasi kabilar alohida o’rin tutadi.
Pedagogika boshqa oraliq fanlar ma’lumotlaridan tayyor holda foydalanmaydi. Bu ma’lumotlar pedagogik nuqtayi nazardan tanlovdan o’tgandan keyin maqsadga muvofiqlashtirilgan holda amalda joriy etiladi.